Xitoy va Amerikaning vassali: Osvald Shpengler Yevropa kelajagi borasida haq bo‘lganmi?

Бугун 21:4011 дақиқа

Yevropa Ittifoqi AQSH va Xitoy kabi ikki «superkuch» siquvida qolib, o‘z mustaqilligini yo‘qotmoqda.

Xitoy va Amerikaning vassali: Osvald Shpengler Yevropa kelajagi borasida haq bo‘lganmi?

AQSH prezidenti Donald Tramp va XXR raisi Si Jinping o‘rtasidagi sammit Yevropaning tez sur’atlar bilan o‘z subyektivligini yo‘qotib, global o‘yinchidan geosiyosiy xaritadagi passiv kuzatuvchiga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Vashington va Pekin ta’sir doiralarini ochiqchasiga bo‘lishib olayotgan bir paytda, Yevropa yetakchilari jarayonni shunchaki kuzatish bilan cheklanmoqda.

Brusseldagi hokimiyat institutlarining bunday falaj holati tahlilchilarni kuchlar muvozanati haqidagi klassik nazariyalarni emas, balki Osvald Shpenglerning G‘arb sivilizatsiyasining muqarrar inqirozi to‘g‘risidagi mash’um bashoratlarini eslashga majbur qilmoqda.

Ko‘hna qit’a ikki «superkuch» belgilab berayotgan o‘zgarishlar sur’atiga yetisha olmayapti. Xo‘sh, Yevropaning bu zaifligidan Vashington, Pekin va Moskva qanday foydalanishi mumkin?

Yangi dunyoda Yevropaning o‘rni qayerda?

«Yevropa davlatlarining Xitoy bilan raqobatlashish maqsadida o‘z kompaniyalariga subsidiyalarni oshirishi saratonga qarshi kimyoterapiya o‘tkazish o‘rniga, morfin dozasini ko‘paytirishga o‘xshaydi», — deya keskin bayonot berdi 17-may kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas.

Bu so‘zlar butun Ko‘hna qit’aga qo‘yilgan tashxisdek yangradi. Brussel moliyaviy mablag‘lar yordamida og‘ir inqiroz alomatlarini bostirishga urinmoqda, biroq kasallikning o‘zi qit’ani mavjud ta’sir kuchidan mahrum qilyapti. Ushbu «palliativ» (vaqtinchalik yengillashtiruvchi) siyosatning eng zaif tomoni Pekinda, Donald Trampning Si Jinping bilan uchrashuvi oldidan hech qanday ikkilanishsiz: «Biz [AQSH va Xitoy] — ikki superkuchmiz», — deb aytganida yaqqol ko‘rindi.

Amerika yetakchisi Vashington sayyoradagi eng qudratli armiyaga ega ekanini, Pekin esa ikkinchi o‘rinda turishini ta’kidladi. Tramp global jarayonlarning natijasi endi faqat shu ikki o‘yinchiga bog‘liq ekanini butun dunyoga ochiq-oydin bildirib, Yevropani oliy liga tenglamasidan butunlay chiqarib tashladi.

Xitoy tomoni esa bu muloqotni darhol tarixiy muqarrarlik darajasiga ko‘tardi. Si Jinping dunyo poytaxtlarini eng ko‘p tashvishga solayotgan masalani o‘rtaga tashladi: ikki millat mashhur «Fukidid tuzog‘i»ni aylanib o‘tib, munosabatlarning prinsipial jihatdan yangi modelini yarata oladimi?

Qadimgi yunon tarixchisi Fukidid Sparta va Afina misolida shuni isbotlaganki, agar yuksalayotgan davlat mavjud yetakchining hukmronligiga tahdid sola boshlasa, natija deyarli har doim bir xil — katta urush bilan tugaydi.

AQSH va Xitoy hozirda Sparta va Afina rollarini o‘ziga moslab, ta’sir doiralarini tinch yo‘l bilan bo‘lishib olishga harakat qilmoqda. E’tiborli jihati, Tramp Sining savoliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi va «Fukidid tuzog‘i»dan chiqish yo‘lini izlash o‘rniga, gapni XXR raisini «o‘z do‘sti» deb hisoblashi haqidagi navbatdagi bayonotlarga burib yubordi.

Shunday sharoitda «Faqat ikkita superkuch mavjud bo‘lgan Trampning rejasida Yevropa Ittifoqiga qanday o‘rin ajratilgan?», degan savol tez-tez yangramoqda.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro 15-may kuni ushbu savolga javob berishga urinib, Yevropa AQSH va Xitoy o‘rtasidagi «uchinchi o‘yinchi»ga aylanishi mumkinligini aytdi. «Si Jinping va Donald Tramp "Fukidid tuzog‘i"ga ishora qilishmoqda. Keling, tarix qanday yakun topganini yodga olaylik», — dedi siyosatchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Afina va Sparta urushda bir-birini zaiflashtirayotgan bir paytda, «uchinchi o‘yinchi» — Makedoniya harbiy va siyosiy jihatdan kuchayib borgan. «Va yakunda aynan Makedoniya g‘alaba qozongan, — deya ta’kidladi Barro. — Bugun bu uchinchi o‘yinchi kim bo‘lishi mumkin? Agar bizda yetarlicha jasorat va iroda topilsa, bu Yevropa bo‘ladi. Biz aynan shunga da’vat etamiz».

Biroq, fransuz vazirining bu yondashuvini hamma ham ma’qullayotgani yo‘q.

«Yevropaliklar shunchaki qaror qabul qilinadigan stollar atrofida yo‘q — vaholanki, aynan o‘sha yerda Yevropa va butun dunyoning kelajagi belgilanmoqda», — dedi Yevroparlament deputati Mixael Bloss 18-may kuni.  

YI a’zolari Yaqin Sharqda hech qanday nufuzga ega emas, Tehron yoki Vashingtonga diplomatik bosim o‘tkazish orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochtirishga qodir emas. Yevropaliklar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoda ham deyarli hech narsani hal qila olishmayapti — bu urushda ham, Eron atrofidagi mojaroda ham hal qiluvchi so‘z Oq uyda qolmoqda. U esa yevropalik diplomatlarni muzokaralar stoliga taklif etishni lozim ham topmayapti.

Yevropa Ittifoqi qaysi sohalarda Xitoyga qaram?

Yevropaning zaif tomonlari savdo va innovatsiyalarda, aniqrog‘i, dori-darmonlar, elektromobillar ishlab chiqarish va sun’iy intellektni (SI) rivojlantirishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aslida, Yevropa Ittifoqi Xitoy va Amerikaga shoshilinch ravishda yetib olishga urinayotgan «quvib yetuvchi» o‘yinchiga aylanib qoldi.

2025 yilning oktabr oyida AQSH va XXR o‘rtasidagi savdo urushida kuzatilgan munosabatlarning yumshashi Xitoydagi talabni, Ko‘hna qit’a manfaatlarini butunlay chetlab o‘tgan holda, sun’iy ravishda Amerika tovarlariga yo‘naltirishi mumkin. Bu Yevropa Ittifoqiga qanday zarar keltiradi? Nemis mashinasozlari, fransuz moda uylari va Italiya fabrikalari uchun bu haqiqiy falokat, chunki Xitoy uzoq vaqt davomida ularning asosiy savdo bozori bo‘lib kelgan. Endi «superkuchlar» bu o‘ljani yevropaliklarni nazarga ilmay o‘zaro taqsimlamoqda va ularni daromaddan mahrum qilmoqda.

Ikkinchi zaif nuqta — Ittifoqning Xitoydan keladigan muhim xomashyoga to‘liq qaramligidir. 2025 yilda Yevropa Ittifoqining XXR bilan savdo defitsiti (kamomadi) tarixiy maksimumni yangilab, 360 milliard yevrodan oshdi. Yevropa sanoati ma’lum sohalarda Xitoy komponentlarisiz yashay olmaydi. «Wood Mackenzie» ekspertlarining qayd etishicha, Pekin Yevropa Ittifoqini maishiy batareyalar importining 80 foizi va litiy-ionli akkumulatorlar ta’minotining qariyb 88 foizi bilan ta’minlamoqda.

Bundan tashqari, XXR nodir metallar jahon zaxirasining 70 foizini nazorat qiladi va ularni qayta ishlash quvvatlarining 90 foizini o‘z qo‘lida ushlab turibdi. Pekin zamonaviy mikrosxemalar, radarlar va yuqori texnologik uskunalarni yaratish mumkin bo‘lmagan 17 ta element eksporti bo‘yicha mutlaq monopoliyaga ega.

XXR allaqachon bu omildan geosiyosiy qurol sifatida foydalanmoqda. 2025 yil boshida Trampning bojxona tariflariga javoban Xitoy hukumati metall yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi va bu G‘arb konveyerlari ishini bir zumda falaj qildi.

Monten institutining (Institut Montaigne) fransuz tahlilchisi Fransua Godemanning ogohlantirishicha, agar Xitoy Yevropa Ittifoqiga nisbatan ham xuddi shu taktikani qo‘llasa, bu butun Germaniya sanoat quvvatining 60 foiziga xavf tug‘diradi. Yevropa ishlab chiqarishining butun boshli tarmoqlari bir necha yil ichida qulashi mumkin, chunki ularda muqobil ta’minotchilar yo‘q — 2026 yil yanvarida YI bilan savdo bitimini imzolagan Janubiy Amerika ham, Hindiston ham Xitoy komponentlarining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.

Pekin Yevropa yetakchilarining zaifligidan qanday foydalanmoqda?

Germaniya kansleri Fridrix Mersning fevral oyi oxirida Xitoyga uyushtirgan tashrifi Ko‘hna qit’aning og‘ir ahvolini yaqqol namoyish etdi. Berlin Amerikaning «xavflarni kamaytirish» strategiyasi va Pekin bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish o‘rtasida jon-jahdi bilan muvozanat izlashga urinmoqda. Biroq bu safar tashrif XXRning ustunligini ko‘rsatish uchun puxta sahnalashtirilgan shouga aylanib ketdi, deya tushuntiradi Godeman.

Tashrifning eng esda qolarli lavhasi Mersning Xanjoudagi «Unitree Robotics» zavodida robot-itlarning tryuklarini kuzatishi bo‘ldi. Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari bu tasvirlarni Chin diyorining qariyayotgan nemis sanoati ustidan qozongan texnologik zafari ramziga aylantirdi.

Mers tashrifining asosiy natijasi yirik savdo yon berishlari emas, balki muloqot kanalini saqlab qolish va bir nechta nuqtaviy kelishuvlarga erishish bo‘ldi. Tomonlar iqlim, «yashil» iqtisodiyot, hayvonlar kasalliklarining oldini olish, parrandachilik savdosi va sport sohasidagi hamkorlikka oid beshta hujjatni imzoladi.

Germaniya yanada «adolatli» savdo shartlariga erishishga harakat qildi hamda subsidiyalar, yuanning sun’iy pasaytirilgan kursi va Xitoyning eksport cheklovlari masalasini ko‘tardi. Xitoy esa, o‘z navbatida, Germaniyani erkin savdoni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi va nemis mahsulotlari importini hamda Xitoy kompaniyalarining GFRga kiritadigan sarmoyalarini kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Biroq, bu bitimdan keyin hech qanday tub burilish yuz bermadi: na Mers va na rais Si barcha cheklovlar olib tashlanganini e’lon qildi, na ikki tomonlama yirik savdo paketi imzolandi va na Germaniyaning XXR bilan savdo kamomadi muammosi hal etildi. Vaholanki, bu defitsit 2025 yilda 83,5 milliard yevrodan oshib ketgan edi — bu Xitoy bilan savdodagi umumiy Yevropa disbalansining deyarli uchdan bir qismi demakdir.

Tashrifning asosiy amaliy foydasi — nodir metallar, ta’minot zanjirlari va nemis kompaniyalarining Xitoy bozoriga kirishi atrofidagi keskinlikni yumshatishga bo‘lgan urinishdan iborat. Ammo aniq kafolatlar va Xitoyning Yevropa iqtisodiyoti lokomotivi bo‘lgan Germaniya bilan yaqinlashuvi haqida gapirib bo‘lmaydi.

Qo‘shma bayonotlar ostidagi Pekinning imzosi  

Pekindan hech bo‘lmaganda biror-bir hujjat olib qayta olish uchun Yevropa yetakchilari eng og‘riqli mavzularni chetlab o‘tishga majbur bo‘lmoqda, bu esa muzokaralarni ketma-ket yon berishlar zanjiriga aylantiryapti.

Mersning Pekinga yuqorida tilga olingan fevral tashrifi chog‘ida kansler Ukraina va «xavflarni kamaytirish» masalasini tilga oldi, biroq ikki yetakchining qo‘shma kommyunikesida inson huquqlari, uyg‘urlarning ta’qib qilinishi va Tayvan maqomi haqida biron bir so‘z yuritilmadi.

Bu Ko‘hna qit’a diplomatiyasida asta-sekin yangi normaga aylanib bormoqda. Berlin oddiy bir qog‘ozga imzo chekish huquqi evaziga «Yagona Xitoy» siyosatiga sodiqligini tasdiqladi va strategik sheriklik haqidagi navbatdagi rasmiy gaplarni takrorladi.

Shu bilan birga, Mers Brusselning 2019 yildan beri Xitoyga nisbatan qo‘llab kelayotgan «tizimli raqobat» degan rasmiy atamasini bir marta ham tilga olmadi. Bunday kelishuvning bahosi juda qimmat, undan ko‘rilgan foyda esa shubhali. Xitoyga Germaniyaning 30 ta eng yirik korporatsiyasi rahbarlari borgan edi, biroq ularning safaridan qolgan yagona sezilarli natija — Xitoy aviakompaniyalarining 120 ta «Airbus» samolyotini sotib olish va’dasi bo‘ldi. E’tiborli jihati, ushbu shartnoma Fransiya prezidenti Emmanuel Makron avvalroq qo‘lga kiritgan kelishuvni deyarli so‘zma-so‘z takrorlaydi.

Buni prezident Tramp erishgan natija bilan solishtirib ko‘ring: u o‘z tashrifining birinchi kunidayoq XXRning 200 dan ortiq «Boeing» samolyotlarini sotib olishga roziligini oldi.

Pekin Yevropa poytaxtlarining manfaatparastligidan ustalik bilan foydalanmoqda va ularning birdamligini parchalamoqda, deb ta’kidlaydi Fransua Godeman. Yevropa Ittifoqi rahbariyati qat’iy va jipslashgan pozitsiyani egallashga urinayotgan bir paytda, ayrim yetakchilar o‘z saylovchilari uchun lahzalik shartnomalar ilinjida Si Jinpingning huzuriga ta’zim bilan borishmoqda. Xitoy OAVlari esa so‘nggi oylarda Pekinga Germaniya, Fransiya, Kanada va Buyuk Britaniya yetakchilari tashrif buyurib, XXRning iqtisodiy qudratini tan olganlari haqida faxr bilan hisobot bermoqda.

«Bir vaqtlar Xitoy ularga faqat choy sota olardi, ammo u zamonlar allaqachon o‘tmishga aylandi va endi rollar almashdi», — dedi Shanxaydagi tahlil markazlaridan birining rahbari Yan Szemyan.

Yevropaning AQSH oldidagi zaifligi nimada?

Agar Xitoy Yevropa Ittifoqini texnologik xomashyo orqali jilovlab turgan bo‘lsa, Vashington o‘z ittifoqchilarining moliya, raqamli dunyo va mudofaa sohalarini butunlay o‘ziga bo‘ysundirib bo‘lgan. Oq uy va Pekin o‘rtasidagi yangi kelishuvlar tufayli moliyaviy tuzoq tobora qattiqroq yopilmoqda. Bu kelishuvlar XXR bank bozorini faqatgina «Goldman Sachs» va «JP Morgan» kabi Amerika gigantlari uchun ochmoqda. Fransiyaning «BNP Paribas» yoki Germaniyaning «Deutsche Bank» kabi institutlari Makron va Mersning tashriflari chog‘ida bunday qulay shartlarga erisha olmadi. Natijada ular Osiyo bozoridan tizimli ravishda siqib chiqarilib, global istiqbollardan mahrum etilmoqda.

Raqamli sohadagi vaziyat esa bundan ham xavotirli tus olgan, chunki Ko‘hna qit’a o‘z ma’lumotlari ustidan nazoratni butunlay yo‘qotdi. Finlyandiya Xavfsizlik xizmati direktori Yuha Martelius 18-may kuni Yevropa Ittifoqini «bir vaqtning o‘zida ikki turdagi saraton — Amerika dasturiy ta’minoti va Xitoy uskunalari bilan zararlangan» tanaga o‘xshatdi. Finlyandiyalik mulozim Yevropa mahalliy bozorni nazorat qilayotgan Amerikaning bulutli xizmat provayderlari bilan raqobatlashish uchun shunchaki yetarli sarmoyaga ega emasligini tan oldi.

Mudofaa sohasida esa Brussel mustaqilligiga AQSHdan qurol-yarog‘ sotib olinishi uzil-kesil chek qo‘ymoqda. Vashington o‘z hududida ilg‘or yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun milliardlab dollar sarfladi, Yevropa esa buni uddalay olmadi. Hozirda Ittifoqning butun avtomobil va harbiy sanoati Tayvanning TSMC chiplariga bog‘lanib qolgan. Shu bilan birga, Tramp Xitoyning Eron bo‘yicha yon berishlari evaziga Tayvanni himoya qilish majburiyatlarini yumshatishga allaqachon tayyor. Bunday almashinuv Ko‘hna qit’a zavodlarini strategik muhim komponentlardan mahrum qiladi, chunki amerikaliklar o‘z fabrikalarini himoya qiladi, yevropaliklarnikini esa yo‘q.

YI ichidagi tarqoqlik Rossiyaga qanday yordam bermoqda?

Ittifoqning bosh fojiasi uning ichidagi chuqur tarqoqlik bo‘lib, u har qanday qarshilik ko‘rsatish urinishlarini falaj qilmoqda. Kaya Kallasning o‘sha mashhur o‘xshatishiga qaytadigan bo‘lsak, u Pekinga qarshi qattiq choralar ko‘rishni va o‘sha iqtisodiy davolanishni («kimyoterapiya»ni) boshlashni — Xitoyning YIga kiritayotgan sarmoyalarini cheklashni va qat’iy tekshiruvlar joriy etishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, u XXRning javob sanksiyalari Yevropa biznesi uchun juda og‘riqli bo‘lishini ham ochiq tan oladi.

Bu qat’iy pozitsiyaga sanoat masalalari bo‘yicha komissar Stefan Sejurne mutlaqo teskari fikrda turibdi. U YI o‘z zavodlarini qutqarib qolish uchun Xitoy kapitalini jalb qilishga majburligini va AQSHning o‘zini yakkalash yo‘nalishidan bormasligi kerakligini ochiq aytmoqda. Brussel subsidiyalarni oshirish-oshirmaslik ustida bahslashayotgan bir paytda, uning bu falajlanishi va tarqoqligi Moskva uchun faol strategik sovg‘aga aylanmoqda.

Yevropa «xitoycharoq» bo‘lishga majburmi?

Yevropa diplomatiyasining Pekindagi muvaffaqiyatsizligi Brusselning bosh faxri bo‘lmish — inqiroz sharoitida haddan tashqari qimmatga tushayotgan «yashil» kun tartibini xavf ostida qoldirmoqda. Xitoydan qaytgach, Fridrix Mers nemis auditoriyasi oldida qat’iy nutq so‘zladi. U to‘rt kunlik ish haftasi haqidagi talablarni va uzoq muddatli ta’tillarni tanqid qilib, katta mehnat va harakatsiz farovonlikni saqlab qolish mumkin emasligini ochiq aytdi.

Mers jamiyatni shunday ogohlantirdi: «Men haddan tashqari radikal ekologik siyosat yuritayotganimiz sababli Germaniyaning sanoat markazi sifatidagi mavqeidan voz kechishga tayyor emasman. Yakunda biz iqlim jihatdan neytral davlatga aylanishimiz mumkin, biroq unda birorta ham sanoat ish o‘rni qolmaydi». Bu bayonot shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyotni qutqarish uchun YI yetakchilari o‘zlarining ekologik maqsadlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.

Yevropa tashqi aloqalar kengashining (ECFR) Osiyo dasturi direktori Endryu Smoll xulosa qilishicha, Yevropa yetakchilari Vashingtonga umid qilishni bas qilishlari kerak. Qit’aning deindustrializatsiyasi ortga qaytmas jarayonga aylanib ulgurmasidan oldin, Brussel o‘zining eng xavfli qaramliklarini zudlik bilan bartaraf etishi zarur.

Aks holda, ikki «superkuch» siquvida omon qolish uchun Yevropa Xitoyning usullarini o‘zlashtirishga majbur bo‘ladi: ekologik transformatsiya sur’atlarini keskin kamaytirish, ijtimoiy imtiyozlarga ko‘z yumish, iqtisodiyotni davlat subsidiyalari bilan to‘yintirish va o‘z zavodlarini tashqi dunyodan qattiq himoya qilishni boshlash.

Теглар

Мавзуга оид