Xomanaiy dafn marosimi noma’lum muddatga qoldirildi

04.03.2026 | 22:282 дақиқа

Ekspertlarning fikricha, kechikish Isroil mudofaa vazirining Xominaiyning vorisi etib saylangan har qanday rahbarni yo‘q qilish tahdidi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xomanaiy dafn marosimi noma’lum muddatga qoldirildi

Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning davlat darajasidagi dafn marosimi noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda mamlakat davlat matbuotiga tayanib BBC xabar berdi. Avvalroq marosim ertaga, 5-mart kuni kechqurun o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Dastlabki rejaga ko‘ra, motam tadbirlari uch kun davom etishi kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa bugun ertalabdanoq marosimga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aks etgan suratlar tarqalgan. Biroq tashkilotchilar kutilmaganda marosimni kechiktirishga qaror qilgan.

Eronning «Tasnim» axborot agentligi rasmiy manbalarga tayanib xabar berishicha, kechikishga asosiy sabab logistika muammolari bo‘lgan. Mamlakatning turli viloyatlaridan minglab odamlar Tehronga yetib kelishga ulgurmayotgani marosimni keyinga surishga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, ayrim tahlilchilar kechikish ortida xavfsizlik omillari ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Xususan, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Eronda Xomanaiyning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan har qanday rahbar yo‘q qilinishini aytgan.

OAVlar xabar berishicha, Eronda oliy rahbarni saylash vakolatiga ega bo‘lgan Ekspertlar kengashi Xomanaiyning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiyni asosiy nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror e’lon qilinishi ham xavfsizlik xavotirlari sabab kechiktirilgan.

86 yoshli Ali Xomanaiy AQSH va Isroil tomonidan Tehronga uyushtirilgan havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgandi. Hujumda uning qizi va nabirasi ham vafot etgan.

OAVlarda keltirilishicha, marhum Mashhad shahri — o‘zi tug‘ilgan maskanida dafn etilishi mumkin. Bu shahar shialar uchun muhim diniy markaz hisoblanadi va bu yerda imom Rizo maqbarasi joylashgan.

Теглар

Мавзуга оид