Yirik energetika korxonasi davlat nazoratiga qaytariladi

02.03.2026 | 14:552 дақиқа

Yashirin qaror bilan xususiy sektorga berilgan, Qoraqalpog‘iston va Xorazmni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan stansiya qaytadan davlat tizimiga o‘tkazilmoqda.

Yirik energetika korxonasi davlat nazoratiga qaytariladi

Avval «Smart Integrity me» MCHJga ishonchli boshqaruvga berilgan «Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi» yana «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tarkibiga, ya’ni davlat nazoratiga qaytariladi. Bu haqda «Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–74-son qarori (25.02.2026 y.) qarorida belgilab berildi.

Qarorga ko‘ra, hujjat kuchga kirgan vaqtdan boshlab bir oy muddatda «Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi» AJ ustav kapitalidagi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli davlat aksiyalar paketini nominal qiymatda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJga uning ustav kapitalini oshirish hisobiga o‘tkazib berish belgilandi.

«Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi» (Taxiatosh IES) AJ — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi mintaqadagi eng yirik energetika korxonalaridan biri hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Davaktiv tomonidan «Smart Integrity me» MCHJga bir vaqtning o‘zida uchta yirik obyekt — Toshkent, Navoiy va Taxiatosh IESlari ishonchli boshqaruvga topshirilgan. Bu qarorlar rasmiy ravishda keng jamoatchilikka e’lon qilinmagan.

Kompaniya ta’sischilaridan biri «Nyew Industrial Technologies» MCHJ hisoblanadi. Ushbu tuzilma Paynet to‘lov tashkiloti, Humo to‘lov tizimi hamda Dehqonobod kaliy zavodini xususiylashtirishda ishtirok etgan guruhlar bilan bog‘liq ekani qayd etiladi. Shu bilan birga, «Smart Integrity me» va «Nyew Industrial Technologies» haqidagi ma’lumotlar ayrim ochiq davlat reyestrlarida aks etmagan.

Moliyaviy hisobotlar masalasi

Iqtisodchi Otabek Bakirov:«Taxiatosh IES yashirin qaror bilan ishonchli boshqaruvga berib yuborilgandan beri biron marta moliyaviy hisobotlarini ochmagan. Yagona korporativ platformada quruq titul joylashtirib kelinadi, jazo yo nazorat yo‘qmi, shunaqa ko‘zbo‘yamachilik qilsayam bo‘lsa kerak», — deb yozadi.

Stansiya ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishidan oldingi hisobotlarga ko‘ra, korxona foyda bilan ishlagan. Keyingi davrda uning moliyaviy natijalari qanday bo‘lgani ochiq manbalarda mavjud emas.

O‘zbekistonda bunga o‘xshash holat avval ham kuzatilgan. Yangi Angren va Angren IES’lari ham ishonchli boshqaruvga berilganidan so‘ng moliyaviy barqarorlik masalalari yuzaga kelib, keyinchalik davlat nazoratiga qaytarilgan.

Теглар

Мавзуга оид