Yolg‘on axborot tarqatishga oid normalar mamlakatda so‘z erkinligi maydonini toraytirmoqda – Otabek Bakirov

Iqtisodchi va faol vaziyat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat raisi Tanzila Norboyevaga murojaat qildi.

Yolg‘on axborot tarqatishga oid normalar mamlakatda so‘z erkinligi maydonini toraytirmoqda – Otabek Bakirov

Iqtisodchi va jamoat faoli Otabek Bakirov kecha, 7-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisidan chiqar ekan, so‘nggi yillarda davlat xizmatchilarining obro‘sizlantirilishi moddasi bilan bog‘liq sud ishlarining ko‘p takrorlanayotgani va bu boradagi qonunchilik normalarining so‘z erkinligiga ta’siri yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.


Bakirovning ta’kidlashicha, 2020 yilning dekabr oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202²-moddasi va Jinoyat kodeksining 244⁶-moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) pandemiya davri hamda Sardoba suvomborining o‘pirilishi bilan bog‘liq favqulodda holatlarda kiritilgan edi. O‘sha vaqtda fors-major holatlar asos qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ushbu normalar so‘z erkinligi maydonini toraytirishga sababchi bo‘lib qolmoqda.


Shu munosabat bilan faol Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat raisi, ayni paytda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlari uchun mas’ul hisoblangan Tanzila Norboyevaning e’tiborini ushbu masalaga qaratdi.


«O‘zbekistonning so‘z erkinligi bo‘yicha reytinglarda pastga tushayotgani aynan huquqiy komponentdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lib, bu sohani chuqur o‘rganish zarur», – dedi u.
 
Mutaxassislarning imkoniyatlari boshqa maqsadda sarflanmoqda


Bundan tashqari, Bakirov huquq-tartibot organlarining, xususan, kiberxavfsizlik bo‘linmalarining resurslari noto‘g‘ri yo‘naltirilayotgani haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun mamlakatda kiberxavfsizlik bilan bog‘liq jinoyatlar jami jinoyatlarning 50 foizini tashkil etayotgan bir paytda, mutaxassislarning imkoniyatlari va vaqti boshqa maqsadlarga sarflanmoqda.


«Ana shunday real xavflar qolib, tizim resurslarini fikr erkinligini nazorat qilishga ishlatish soha vakillarining ham e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda, biroq ular buni ochiq ayta olmayapti. Ular ayta olmayotgan bo‘lsa, biz aytishimiz kerak», – deya ta’kidladi Otabek Bakirov o‘z chiqishida.


Ma’lumot uchun, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Miramahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan sohadagi muammolarni tanqid qilgani uchun ayni modda bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi esa ushbu murojaatni muddati o‘tgani sababli tugatish haqida qaror chiqardi.

Теглар

Мавзуга оид