Yong‘indan so‘ng «Park in Mall» faoliyati to‘xtatildi

Бугун 09:452 дақиқа

FVV Toshkentdagi «Park in Mall» savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng binodagi xavfsizlik kamchiliklari bartaraf etilgunga qadar uning faoliyatini to‘xtatdi.

Yong‘indan so‘ng «Park in Mall» faoliyati to‘xtatildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent shahrida joylashgan «Park in Mall» oilaviy savdo va ko‘ngilochar markazi faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

15-mart kuni tush paytida savdo markazining uchinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in ta’mirlash ishlari olib borilayotgan xonalardan birida boshlangan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa elektr simlaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuzaga kelgan.

Yong‘in haqida signal soat 13:18 da kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga bir daqiqa ichida yetib borgan va yong‘inni 10 daqiqadan kam vaqtda bartaraf etgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, ammo 25 kvadrat metr maydonga zarar yetgan.

Ma’lum qilinishicha, yong‘in sodir bo‘lgan paytda binoda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Uning yuqori qavatida esa ovqatlanish shoxobchalari va bolalar maydonchasi joylashgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda binoda tutun tarqalgani va odamlar bolalari bilan binodan chiqib ketayotgani aks etgan.

Shuningdek, videokadrlarda yong‘inga qarshi signalizatsiya yoki boshqa xavfsizlik tizimlarining ishlayotgani ko‘rinmagani ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tekshiruv davomida binoda bir qator qoidabuzarliklar va xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmagan holatlar aniqlangan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ayrim xonalarni ijaraga olgan tadbirkorlar elektr tarmoqlaridan noto‘g‘ri foydalangan. Mutaxassislar yong‘in aynan shu holat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

Avvalroq Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mazkur savdo markazi binosi hali rasman foydalanishga topshirilmaganini ma’lum qilgan edi. Shunga qaramay, u yerda bir necha oy davomida do‘konlar, kafe va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlari ishlab kelgan.

Eslatib o‘tish joiz, joriy yil 31-yanvar kuni Yashnobod tumanidagi Aviator savdo majmuasida ham yong‘in sodir bo‘lgandi. Shu hodisadan keyin respublika bo‘ylab savdo va ko‘ngilochar obyektlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini tekshirish ishlari boshlangan.

Теглар

Мавзуга оид