Logo

YTTB 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 7,5 foizgacha oshirdi

2027-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Prognozning yuqoriga qayta ko‘rib chiqilishiga mamlakatdagi ichki talabning barqarorligi sabab bo‘lgan. YTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xavflarni ham qayd etgan.

YTTB 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 7,5 foizgacha oshirdi © vaqt.uz

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi yarmida yillik hisobda 8,5 foizga o‘sdi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu davrdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB ) 2026-yil sentabr oyida e’lon qilingan «Mintaqaviy iqtisodiy prognoz» hisobotida ma’lum qilindi.

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri xizmatlar sohasi bo‘lgan. Ushbu sektor umumiy o‘sishga 4,4 foiz band hissa qo‘shgan. Qayta ishlash sanoatida ishlab chiqarish yillik hisobda 8,8 foizga, savdo hajmi esa ish haqi 18,4 foizga va mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari 13 foizga oshgani fonida 13,5 foizga ko‘paygan. Asosiy kapitalga investitsiyalar yillik hisobda 17,5 foizga oshgan. YTTB buni «investitsiyalarning ishonchli o‘sishi» deb baholagan.

O‘zbekistonda inflatsiya may oyida pasaygan bo‘lsa-da, iyul oyida jahon energetika narxlarining oshishi fonida yillik hisobda 6,4 foizgacha tezlashgan. O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 2025-yil mart oyidan buyon 14 foiz darajasida saqlab kelmoqda. 2026-yil yanvar–iyul oylarida oltin eksportining kamayishi sababli mamlakat eksporti yillik hisobda 4,5 foizga qisqargan. Shu bilan birga, import 17,8 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo taqchilligi ikki barobardan ko‘proqqa kengayib, 9,7 mlrd dollarga (8,5 mlrd yevro) yetgan.

2026-yil o‘rtalariga kelib davlat qarzi YAIMning 27 foiziga yetgan. Shu bilan birga, mamlakatning xalqaro zaxiralari yillik hisobda 32 foizga oshib, iyul oyi oxirida 64 mlrd dollarni (55,8 mlrd yevro) tashkil qilgan. YTTB bu o‘sishga oltin xaridlarining ko‘payishi ham hissa qo‘shganini qayd etgan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,5 foizga o‘sishi kutilmoqda

YTTB O‘zbekiston YAIMining 2026-yildagi o‘sishi bo‘yicha prognozini iyun oyidagi bahosiga nisbatan 1 foiz bandga oshirib, 7,5 foizga yetkazdi. Bank 2027-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizgacha sekinlashishini kutmoqda. Prognozning yuqoriga qayta ko‘rib chiqilishiga mamlakatdagi ichki talabning barqarorligi sabab bo‘lgan.

YTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xavflar qatorida Rossiya iqtisodiyotining sekinlashishi hamda Rossiyadan yonilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar uzoq davom etishi ehtimolini qayd etgan. Bank fikricha, bunday holat Yaqin Sharqdagi mojaro sabab jahon energetika bozorida narxlarning oshishi ta’sirini yanada kuchaytirishi mumkin.

Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sekinlashgan

YTTB Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonni yagona mintaqa sifatida ko‘rib chiqadi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mintaqada iqtisodiy o‘sish 2024-yildagi 5,9 foizdan 2025-yilda 6,9 foizgacha tezlashgan. Biroq 2026-yilning birinchi yarmida yillik o‘sish 5,9 foizgacha qaytgan.

YTTB mintaqa iqtisodiyoti 2026-yilda 5,8 foizga, 2027-yilda esa 5,3 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. O‘zbekistondan tashqari, 2026-yilning birinchi yarmida eng yuqori o‘sish sur’atlari Qirg‘iziston va Tojikistonda qayd etilgan. Bu mamlakatlarda o‘sishga qurilish, qayta ishlash sanoati va ichki talab asosiy turtki bergan.

Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish 4,1 foizgacha sekinlashgan

Mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Qozog‘istonda 2026-yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish yillik hisobda 4,1 foizgacha sekinlashgan. Kaspiy quvurlar konsorsiumining eksport yo‘nalishidagi uzilishlar hamda Tengiz konidagi hodisalar sabab yanvar–iyul oylarida neft va gaz qazib olish 8,9 foizga kamaygan. Shu sababli hukumat yil yakunidagi neft qazib olish rejasini 98 mln tonnadan 96 mln tonnagacha pasaytirgan. Shu bilan birga, qayta ishlash sanoati 9 foizga, qurilish sohasi esa yillik hisobda 15,3 foizga o‘sgan.

Inflatsiya 2025-yilning sentabridagi 12,9 foizlik eng yuqori ko‘rsatkichdan 2026-yil avgustida 9,8 foizgacha pasaygan. Bu Qozog‘iston Milliy bankiga asosiy stavkani bir yil davomida jami 175 bazis punktga pasaytirib, 2026-yil sentabrida 16,25 foizga tushirish imkonini bergan. Budjet taqchilligi 3 trln tenge (5,6 mlrd yevro yoki YAIMning qariyb 2 foizi)ni tashkil etgan. YTTB Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026-yilda 4,7 foizga, 2027-yilda esa 4,5 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.

Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sish 11,1 foizga yetgan

Qirg‘izistonning real YAIMi 2026-yil yanvar–iyul oylarida yillik hisobda 11,1 foizga o‘sgan. Bunga, asosan, investitsion faollikning oshishi sabab bo‘lgan. Asosiy kapitalga investitsiyalar 58,8 foizga, qurilish hajmi esa 60,6 foizga oshgan. Shu bilan birga, mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari 9 foizga kamaygan. Bunga migratsiya siyosatining qat’iylashuvi va Rossiya iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashuvi ta’sir ko‘rsatgan.

Inflatsiya 2026-yil iyulida 11,5 foizgacha tezlashgan. Shu sababli hukumat yonilg‘iga vaqtinchalik subsidiyalar joriy qilgan, chakana narxlarni cheklagan va tariflarni bir yil davomida oshirishga moratoriy kiritgan. YeTTB Qirg‘iziston iqtisodiyoti 2026-yilda 8,7 foizga, 2027-yilda esa 7 foizga o‘sishini kutmoqda.

Bank mamlakat iqtisodiyotining Rossiyaga qaramligi bilan bog‘liq xavflarni ham qayd etgan. Xususan, Rossiya Qirg‘izistonga keladigan pul o‘tkazmalari va yonilg‘i yetkazib berishning asosiy manbai hisoblanadi. Mamlakat yonilg‘i importining 90 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tojikistonda eksport 57,2 foizga oshgan


Tojikistonda real YAIM 2026-yilning birinchi yarmida yillik hisobda 8,2 foizga oshgan. Bunga xizmatlar, sanoat va qishloq xo‘jaligidagi o‘sish, shuningdek, eksportning keskin ko‘payishi sabab bo‘lgan. Eksport 57,2 foizga oshgan. Bunda qimmatbaho metallar va foydali qazilmalar eksportining ko‘payishi asosiy omil bo‘lgan. Mamlakatning xalqaro zaxiralari 2026-yil may oyida rekord darajadagi 6,8 mlrd dollarga (5,9 mlrd yevro) yetgan. Bu mablag‘ mamlakatning to‘qqiz oydan ortiq importini qoplash imkonini beradi. YTTB Tojikiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga, 2027-yilda esa 7 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.

Turkmanistonda iqtisodiy o‘sish 6,3 foiz bo‘lishi kutilmoqda

Turkmanistonda 2026-yilning birinchi yarmida rasmiy YAIM o‘sishi yillik hisobda 6,3 foizni tashkil etgan. O‘sish transport va aloqa, savdo va xizmatlar, shuningdek, davlat investitsiyalari davom etayotgani fonida qurilish sohasi hisobidan ta’minlangan.

2026-yilning iyulida «Fitch» reyting agentligi Turkmanistonning suveren kredit reytingini «BB-» darajasida, prognozni esa «barqaror» holatda saqlab qolgan. Agentlik mamlakatdagi davlat qarzining past darajasi va katta xalqaro zaxiralarni qayd etgan. YeTTB Turkmaniston iqtisodiyoti 2026 va 2027-yillarning har ikkala yilida ham 6,3 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид