Logo

«Zapravka»larimizda benzin taqchilligi kuzatilmaydi — «O‘zbekneftgaz»

Бугун 08:002 дақиқа

«O‘zbekneftgaz» rasmiysiga ko‘ra, so‘nggi 9–10 oy davomida benzin narxi 12 ming so‘mdan oshmagan.

«Zapravka»larimizda benzin taqchilligi kuzatilmaydi — «O‘zbekneftgaz»

Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalarida (AYQSH) benzin taqchilligi kuzatilmaydi va yoqilg‘i zaxiralari yetarli darajada shakllantirilgan. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ raisi o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganov matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab «O‘zbekneftgaz»ga qarashli 152 ta AYQSH faoliyat yuritmoqda. Yil boshida ushbu ko‘rsatkich 31 tani tashkil etgan bo‘lib, tarmoq kengayishi natijasida mahsulot realizatsiyasi yil boshiga nisbatan 5–6 baravarga ko‘paygan.

«Mahsulot realizatsiyalarimiz yilning boshiga nisbatan 5-6 baravarga ko‘paygan. Bugungi kunda har bir AYQSHimizda avtobenzin va dizel yonilg‘isining ikki-uch xil turi mavjud. Zaxiralarimiz yetarli, uzilishlar kuzatilmaydi. Har bir viloyatdagi “O‘zbekneftgaz” zapravkalarida benzin va dizel yoqilg‘isi bo‘ladi», - dedi Abrorjon Xudoyberganov.

Uning te’kidlashicha, jamiyatga qarashli shaxobchalarda so‘nggi 9–10 oy davomida avtobenzin narxi 12 ming so‘mdan oshmagan. Narxlar 10 ming 500 so‘mdan 11 ming 500 so‘m oralig‘ida barqaror ushlab turilmoqda.

«E’tibor qilgan bo‘lsangiz, oxirgi to‘qqiz-o‘n oy ichida avtobenzin narxi bizda o‘n ikki mingdan oshmaydi. Ya’ni o‘n bir ming besh yuz, o‘n ming besh yuzdan o‘n bir ming besh yuz oralig‘ida narxning barqaror bo‘lishini ta’minlab turibmiz», - dedi mas’ul.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi yillarning kuz-qish mavsumida (xususan, anomal sovuq kunlarda) gaz to‘ldirish shaxobchalari (AGTKSH) faoliyati cheklanishi oqibatida benzinga bo‘lgan talab keskin ortib, ayrim xususiy AYQSHlarda navbatlar yuzaga kelgan va narxlarning sun’iy oshishi kuzatilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид