Chinoz hokimi o‘zining «sharmandali xonadon» tashabbusi bo‘yicha izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tozalikka rioya qilmagan aholi uylari darvozasiga «sharmandali xonadon» yoki «sharmandali mahalla» yozuvini ilish bo‘yicha topshirig‘i bilan tanqidlarga uchragan Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihov Vaqt.uz muxbiriga intervyu berdi.
© Videodan kadrHokim izohida bu uning shaxsiy tashabbusi bo‘lganini tasdiqladi. Biroq u ushbu topshiriq majlislarda aytilib, qog‘ozda yozilgan bo‘lsa-da, amalda hech bir xonadonga bunday «tamg‘a» ilinmaganini bildirdi.
Tahririyat muxbirining shaxs daxlsizligi, rahbarlarning aholi uyiga bostirib kirib, muzlatkichigacha tekshirishi va qo‘pol muomalasi huquqiy va axloqiy jihatdan qanchalik to‘g‘ri ekani haqidagi savollariga esa “bu — xalqni uyg‘otish va tozalikka chorlash usuli" deya javob berdi.
«Men o‘zimning tumanimni, o‘zimning mahallamni o‘zim sharmanda qilmayman. Bularning barchasi xalqimizni bir karra sergaklikka chaqirish edi xolos», — dedi Sherzod Salihov.





