Logo

«Dom»larning birinchi qavatida biznes ochish soddalashtirilmoqda: endi turar joy toifasini o‘zgartirish shart emas

Bugun 20:005 daqiqa

Bundan buyon fuqarolar o‘z uylarining birinchi qavatida odamlarga qulay xizmat turlarini, xususan sartaroshxona va go‘zallik salonlari; kichik savdo do‘konlari; atele va tikuvchilik sexlari; poyabzal hamda maishiy texnika ta’mirlash ustaxonalarini erkinroq ochishi mumkin bo‘ladi.

«Dom»larning birinchi qavatida biznes ochish soddalashtirilmoqda: endi turar joy toifasini o‘zgartirish shart emas

Banklar balansidagi 10 trln so‘mlik mol-mulk orqali 40 mingta ish o‘rni yaratilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda tuman va mahallalarda ish o‘rinlari yaratish, banklar balansiga o‘tgan korxonalarni qayta ishga tushirish, xususiy sektor imkoniyatlaridan foydalanish va aholiga xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda 3-sentabrda kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda belgilangan vazifalar ijrosi ham muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, hududlarda ishni tashkil etish tizimi o‘zgartirilib, asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish belgilangan. Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilgan. Ularda bandlik idoralari, iqtisodiy kompleks tashkilotlari, banklar va mahalliy hokimliklar ishtirokida aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari joyning o‘zida hal qilinishi kerak.

Prezident ayrim rahbarlar hali ham ishni kabinetdan turib tashkil etayotganini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, har bir oila va korxonadagi haqiqiy holatni o‘rganmasdan turib, bandlik va kambag‘allik muammolariga yechim topib bo‘lmaydi.

Banklar balansidagi obyektlar ishga solinadi

Yig‘ilishda ish o‘rinlarini ko‘paytirishning mavjud imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘shko‘pir tumanida 43 million yevroga qurilgan, 1 300 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan to‘qimachilik korxonasi yil boshidan buyon ishlamayotgani tanqid qilindi. Korxonani qayta ishga tushirish uchun bank tomonidan krizis-menejer jalb qilinishi mumkinligi aytildi.

Shuningdek, 124 ta korxonaning 6 trillion so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni bank boshqaruviga berish orqali 10 mingta ish o‘rnini tiklash imkoniyati borligi qayd etildi.

Oqoltin tumanidagi «Oqoltin mega tekstil» korxonasi misolida banklar balansiga o‘tgan tayyor obyektlarni qismlarga bo‘lib sotish o‘rniga ularni qayta ishga tushirish orqali ish o‘rinlari yaratish mumkinligi ko‘rsatildi.
Umuman, davlat banklari balansida qiymati 10 trillion so‘mlik qariyb 2,5 mingta mol-mulk mavjud. Ularni samarali ishga solish orqali 40 mingtagacha ish o‘rnini tiklash imkoniyati bor.

Mutasaddilarga bir hafta muddatda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga o‘tgan korxonalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, yil yakuniga qadar ularni yaxlit ishlab chiqarish sifatida sotish yoki menejer tayinlab, faoliyatini tiklash choralarini ko‘rish topshirildi.

Ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonaga imtiyoz

Qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun ham yangi imtiyoz joriy etilmoqda.

1-oktabrdan bunday xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz etib belgilanadi.
Bu orqali ehtiyojmand oila a’zolarini rasmiy ishga jalb qilishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda.

Maktab va bog‘chalar orqali ham bandlikni oshirish rejalashtirilmoqda
Yig‘ilishda xususiy sektorni aholi bandligi bilan bog‘lashga qaratilgan tashabbuslar ham muhokama qilindi.

Oqoltin tumanida tadbirkor tomonidan 880 o‘rinli xususiy maktab tashkil etilgan va ehtiyojmand oilalarning 110 nafar farzandi bepul o‘qitilmoqda.

Bu modelda bolaning bepul ta’lim olishi ota-onasining ishga joylashishi va farzandining darslarga muntazam qatnashishini ta’minlashi bilan bog‘langan.

Shuningdek, tadbirkorlar bog‘cha, maktab va texnikum tashkil etish bo‘yicha tayyor loyihalar bilan chiqib, ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitishni taklif qilsa, davlat yer uchastkalarini 1 million so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani aytildi.

Hazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonasida esa 400 ta bo‘sh ish o‘rni mavjudligi, biroq bola parvarishi bilan bog‘liq sharoitlar yetarli emasligi sababli ayollar ishga chiqa olmayotgani qayd etildi.

Korxona rahbari bog‘cha tashkil etish uchun yer ajratilsa, ayollar uchun ovqatlanish va transport sharoitlarini yaratishga tayyorligini bildirgan.

Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida servisga ruxsat beriladi

Aholi bandligini oshirishda xizmat ko‘rsatish sohasidan foydalanish bo‘yicha ham yangi yondashuv taklif qilindi.
Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atele, poyabzal va maishiy texnika ustaxonalari kabi xizmatlarni tashkil etish mumkin.

Biroq amalda xonadonni noturar joyga o‘tkazish uchun qator tartib va ruxsatlar talab qilinishi qayd etildi.

Shu sababli birinchi qavatdagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, ularni savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif qilindi. Bunda xabardor qilishning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin.
Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari ro‘yxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.

Bo‘sh obyektlar va yerlar yangi loyihalarga bog‘lanadi

Har bir hududda to‘liq ishlatilmayotgan yoki bo‘sh turgan bino-inshootlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish mumkin bo‘lgan yer maydonlarini aniqlash vazifasi qo‘yildi.

Tuman va mahallalarning gavjum ko‘chalarida master-rejalar asosida tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish, tarixiy shaharlar va turizm mahallalarida ko‘chalarni «eski shahar» uslubida ta’mirlash hamda mehmon uylari, savdo va servis shoxobchalarini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Qishloq hududlarida eski bog‘lar va qarovsiz yerlarni yangilash, har bir gektardan olinadigan daromadni oshirish orqali qishloq aholisi uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratish zarurligi ham ta’kidlandi.

Mahalladagi bo‘sh joylar va tashkilot binolaridan foydalaniladi
Ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh joylarni aniqlash, o‘zboshimchalik bilan egallangan hududlarni tartibga keltirish, bolalar maydonchalari, sport va fitnes hududlari hamda yashil maydonlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, maktab, texnikum, oliygoh va boshqa tashkilotlarning bo‘sh xonalari hamda asosiy xonalaridan darsdan tashqari vaqtda foydalanib, yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish muhitini yaratish vazifasi belgilandi.

Mahallalarda jamoatchilik ishlariga faol fuqarolar va oqsoqollarni jalb qilish, aholini turli tashabbuslarga birlashtirish va boqimandalik kayfiyatini kamaytirish zarurligi ham qayd etildi.

Mahalla bilan ishlash uchun yangi muvofiqlashtirish tizimi

Yaqinda imzolangan Prezident farmoni bilan mahalla tizimi bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani ma’lum qilindi.

Yangi mas’ul rahbarga hokimlar, tuman idoralari, «mahalla yettiligi» va banklar faoliyatini yagona tizimda muvofiqlashtirish, ular yuritayotgan elektron platformalarni birlashtirish vazifasi qo‘yilgan.

Bundan buyon mahallaga tegishli masalalar bo‘yicha «yettilik»ni muvofiqlashtiruvchi rahbarlarning alohida-alohida yig‘ilishlar o‘tkazishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha masalalar haftada bir marta Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida barcha rahbarlar ishtirokida muhokama qilinishi belgilangan.

Yig‘ilish yakunida mahallada ishni to‘g‘ri tashkil etish, davlat siyosatini quyi bo‘g‘ingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy vazifa ekani ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid

«Dom»larning birinchi qavatida biznes ochish soddalashtirilmoqda: endi turar joy toifasini o‘zgartirish shart emas | Vaqt.uz