Oybek Tursunov Perfectum kompaniyasining qariyb 100 mlrd so‘mlik mol-mulkini sotib olmoqda
Sotilayotgan aktivlar qatoridan kompaniyaning Toshkent shahridagi bosh ofisi hamda 2 mingdan ziyod asosiy vositasi joy olgan.
© Kollaj: Vaqt.uzOybek Tursunov Perfectum aloqa operatorining Toshkent shahridagi bosh ofisi va 2 mingdan ortiq asosiy vositalarini qariyb 100 milliard so‘mga sotib oladi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalidagi hisobotlarda ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha,16-oktabr kuni operatorning yuridik egasi hisoblangan Rubicon Wireless Communication aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda aksiyadorlar kompaniya mol-mulkini Oybek Tursunovga sotish bo‘yicha bitimni ma’qullagan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) hisobga olgan holda bitimning umumiy qiymati 98 milliard 374 million so‘mni tashkil etadi.
Sotilayotgan aktivlar
Kelishuv asosida Toshkent shahrining Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasi, 21-uyda joylashgan ko‘chmas mulk majmuasi sotilmoqda. Perfectum kompaniyasining bosh ofisi joylashgan ushbu majmua 65 milliard 968 million so‘mga baholangan.
Majmua umumiy maydoni 7 283 kvadrat metr bo‘lgan yer uchastkasida joylashgan to‘rtta binodan iborat bo‘lib, ularning umumiy maydoni 10 479 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Shuningdek, mol-mulk tarkibiga kompaniyaga tegishli bo‘lgan 2 012 dona asosiy vosita ham kiritilgan. Ushbu vositalar 32 milliard 406 million so‘mga baholangan.
Ma’lumot o‘rnida, Oybek Tursunovning o‘ziga tegishli «Promadik Invest» kompaniyasi bor, shuningdek, u «Kapitalbank» tijorat bankidagi eng yirik ulushga egalik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq VEON Perfectum'ni 207 mln dollarga sotib olishi haqida xabar berilgandi.





