Logo

O‘zbekiston birinchi xonimi Serbiyaning madaniy merosi bilan tanishdi

Bugun 08:001 daqiqa

Ziroat Mirziyoyeva Belgradda Serbiya Milliy muzeyiga tashrif buyurib, mamlakatning boy madaniy merosi va tarixiga oid noyob eksponatlar bilan tanishdi.

O‘zbekiston birinchi xonimi Serbiyaning madaniy merosi bilan tanishdi © Foto: t.me/Ziroat_Mirziyoyeva_First_lady

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Serbiya birinchi xonimi Tamara Vuchich hamrohligida Belgraddagi qator madaniy obyektlarga tashrif buyurdi.

Dasturning ilk manzili Serbiya Milliy muzeyi bo‘lgan. Birinchi xonimlar muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, unda mamlakat tarixiga oid arxeologik topilmalar, shuningdek, serb va jahon san’ati asarlarini ko‘zdan kechirgan. Shu bilan birga, oliy martabali mehmonlar «Etno-mreja» an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmasi bilan ham tanishgan.

Mamlakatning eng muhim milliy yodgorliklaridan biri – serb kirill yozuvining eng qadimiy namunasi hisoblangan Miroslav Injiliga alohida e’tibor qaratilgan. XII asrga oid ushbu noyob qo‘lyozma yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lib, uning miniatyuralari mahorat bilan bezatilgan. 2005-yilda Miroslav Injili UNESCO’ning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan.

Shundan so‘ng, birinchi xonimlar dunyodagi eng yirik pravoslav ibodatxonalaridan biri va Serbiyaning muhim ma’naviy ramzi bo‘lgan Avliyo Savva cherkoviga tashrif buyurgan.

Samimiy muloqot chog‘ida Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston birinchi xonimi Serbiyaning madaniy merosi bilan tanishdi | Vaqt.uz