
Rossiya nefti eksporti 2022 yildan beri eng past darajaga tushdi
2025 yil oxiri va 2026 yil boshida Rossiyadan neft xomashyosi eksporti keskin qisqarib, Ukraina urushi boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi.

Rossiyadan neft xomashyosi eksporti 2025 yil oxiri va 2026 yil boshida sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda «Bloomberg» agentligi xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, eksport hajmlarining qisqarishi va narxlarning ketma-ket pasayishi natijasida neft yetkazib berish qiymati 2022 yil fevral oyidan beri eng past darajaga tushgan.
4-yanvargacha bo‘lgan to‘rt hafta davomida Rossiya kuniga o‘rtacha 3,43 mln barrel neft yuklagan. Bu 21-dekabrgacha bo‘lgan avvalgi to‘rt haftalik ko‘rsatkichdan taxminan 440 ming barrelga kam. Eksport hajmlaridagi bu pasayish jahon bozoridagi noqulay kon’yunktura va sanksiya bosimi bilan izohlanmoqda.
Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 4-yanvargacha bo‘lgan to‘rt hafta davomida Rossiya neft eksportining o‘rtacha haftalik yalpi qiymati 960 mln dollarni tashkil etgan. Bu 28-dekabrgacha bo‘lgan davrga nisbatan 10 foizga kam. Bunday ko‘rsatkichlar Ukraina urushi boshlangan ilk oylardan beri kuzatilmagan darajada past hisoblanadi.
Shu davrda Boltiq va Qora dengiz portlaridan yetkazib berilayotgan «Urals» navli neft narxi ham sezilarli tushgan. Boltiq dengizi orqali eksport qilinayotgan neft barreli 36,69 dollarga, Qora dengiz orqali yetkazib berilayotgani esa 34,82 dollargacha arzonlagan. Bu bir hafta ichida taxminan 1,10 dollarlik pasayishni anglatadi.
«Bloomberg»ning ta’kidlashicha, Rossiya nefti narxlari jahon etalon markalariga nisbatan tezroq pasaygan. Bu holat AQSH tomonidan oktabr oyida Rossiyaning eng yirik neft eksportchilari — «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘liq. Mutaxassislar fikricha, ushbu cheklovlar Rossiya neft eksportiga bosimni 2026 yilda ham saqlab qolishi mumkin.





