
Rossiyadagi o‘zbeklarga bepul turarjoy, faoliyati cheklangan Metan «zapravka»lar va qo‘shnilarning rekord darajadagi investitsiyasi — 11-dekabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Rossiyada qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonliklar bepul turar joy bilan ta’minlanadi — Migratsiya agentligi
Rossiyada qiyin ahvolga tushgan o‘zbekistonlik migrantlar uchun Migratsiya agentligi tomonidan 30 kungacha bepul turar joy va ijtimoiy yordam tizimi joriy etildi. Moskvadagi Vakolatxona bir nechta xostel va mehmonxonalar bilan shartnomalar tuzib, moliyaviy qiynalish, turar joysiz qolish, tazyiq yoki majburiy mehnatga duch kelgan fuqarolarni vaqtincha joylashtirishni boshladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, murojaatlar shaxsan Vakolatxona manzilida qabul qilinadi va vaziyat o‘rganilgandan so‘ng fuqarolarga bepul turar joy ajratiladi. Shuningdek, Ural, Sibir, Uzoq Sharq kabi hududlarda ham shunday xostellar bilan hamkorlik kengaymoqda. Xorijdagi fuqarolarni qo‘llash mexanizmlari Vazirlar Mahkamasining 252-son qarori bilan umumlashtirilgan.
Qo‘shnilar bir-biriga yirik investitsiya kiritmoqda. Markazda — O‘zbekiston
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalar 2021 yildan buyon tez sur’atda o‘sib, 2025 yil birinchi yarmida 1,3 mlrd dollarga yetdi. Yevroosiyo taraqqiyot banki ma’lumotiga ko‘ra, asosiy sarmoyadorlar Qozog‘iston va O‘zbekiston bo‘lib, Qozog‘istonning ulushi 72 foiz, O‘zbekistonniki esa 28 foizni tashkil etgan.
O‘zbekiston mintaqa bo‘yicha eng yirik investitsiya qabul qiluvchi mamlakat sifatida ajralib turib, jami oqimning 53 foiz — 680 million dollarini jalb etdi. Investitsiyalarning asosiy qismi Qozog‘iston biznesining O‘zbekistondagi loyihalariga to‘g‘ri keladi; mablag‘lar asosan qurilish va qayta ishlash sohalariga yo‘naltirilgan.
Metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etilmoqda
O‘zbekistonda metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda. Energetika vazirligiga ko‘ra, qo‘shni mamlakat gaz tarmog‘idagi texnik nosozlik sabab import hajmi keskin kamaygan va avval aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifaga aylangan.
Gaz ta’minotidagi bosimni me’yorda ushlash uchun hokimliklar bilan kelishilgan holda metan AGNKSlar ishi vaqtincha to‘xtatib turiladi. Vazirlik cheklovlar doimiy emasligini, barqarorlikni tiklash bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berib borilishi aytildi.
Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank 2025 yil 11-dekabrdago yig‘ilishida asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror chiqardi.
Regulyator bu qaror inflyatsiyaning pastlab borishi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atda saqlanayotgani bilan izohlanishini ma’lum qildi.
Noyabr oyida umumiy inflatsiya yillik hisobda 7,5 foizga, bazaviy inflatsiya esa 6,3 foizga tushgani qayd etildi.
Markaziy bank 2025 yil yakuniga qadar inflatsiya prognozini 7,3 foizga pasaytirdi. 2026 yil uchun asosiy inflatsiya kutilmalari 6,5 foiz atrofida shakllanmoqda. Iqtisodiy faollik bo‘yicha progressiv dinamika saqlanib, yil yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7–7,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Hyundai Rotem O‘zbekistonga ilk yuqori tezlikdagi poyezdlarni jo‘natdi
«Jaloliddin Manguberdi» nomi berilgan yangi tezyurar poyezdlar Hyundai Rotem va «O‘zbekiston temir yo‘llari» o‘rtasida 2024 yil iyun oyida imzolangan 200 mln dollarlik shartnoma doirasida ishlab chiqarilmoqda. Bu kelishuv mamlakatning temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi tashish tizimini tezkor va qulay yo‘nalishga aylantirishga qaratilgan islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Transport vazirligining ma’lum qilishicha, yangi poyezdlar O‘zbekistonda ichki turizm, regionlar o‘rtasidagi qatnov va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Yuqori tezlikdagi harakat natijasida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi yirik shaharlar o‘rtasida sayohat vaqti sezilarli qisqarishi kutilmoqda. Ilk tezyurar poyezd Toshkent–Urganch–Xiva yo‘nalishida yo‘lga qo‘yiladi va yuqori tezlik tufayli yo‘lga ketadigan vaqt 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.





