
UzAuto Motors 2025 yilda 1,8 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi
O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar va ularga berilgan soliq imtiyozlari miqdori ma’lum qilindi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 60 631 ta yuridik shaxs tomonidan 85,3 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu davrda ishlab chiqarish korxonalarining tovar aylanmasi 824,2 trln so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, ularga 41,02 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan.
Umumiy soliq tushumlarining 17,7 trln so‘mi 20 ta soliq to‘lovchi hisobiga to‘g‘ri keladi. Ularning tovar aylanmasi 199,9 trln so‘m, foydalangan soliq imtiyozlari miqdori esa 2,6 trln so‘mdan oshgan.
Jumladan, yanvar–sentabr oylarida «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi eng ko‘p – 3,4 trln so‘m soliq to‘lagan. Shu bilan birga, «Uzbat AO» 2,6 trln so‘m, «UzAuto Motors» 1,8 trln so‘m, «Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi» 1,3 trln so‘m soliq to‘lagani qayd etildi.
Avvalroq 2025 yilda O‘zbekiston avtomobil bozorida umumiy sotuv o‘sgan bo‘lsa-da, UzAuto Motors’da pasayish kuzatilgani, shuningdek, xorijiy brendlar sotuvi ortgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz 2026 yilda O‘zbekistonda soliq stavkalarida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani haqida tahliliy material e’lon qilgandi.





