add

Tartibga solinyotgan bo‘lib to‘lash, kutilayotgan qor va kapital bozoridagi muammolar — 14-yanvar dayjesti

Kecha 22:003 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Tartibga solinyotgan bo‘lib to‘lash, kutilayotgan qor va kapital bozoridagi muammolar — 14-yanvar dayjesti

O‘zbekiston kapital bozori: 284 trln so‘m kapitalizatsiya, ammo real savdo atigi 4 trln so‘m

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston aksiyalar bozori kapitalizatsiyasi rekord darajadagi 284,6 trln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, bozorning real faolligi pastligicha qolmoqda. Bozorda erkin aylanmadagi aksiyalar ulushi (free float) atigi 1,4 foizni (4,04 trln so‘m) tashkil etadi, vaholanki xalqaro me’yorlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich kamida 15–25 foiz bo‘lishi lozim. Bunday strukturaviy nomutanosiblik yirik investorlarning bozorga kirishini qiyinlashtiradi va aksiyalar narxining bozor talab-taklifi asosida emas, balki alohida kichik bitimlar ta’sirida shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda fond bozoridagi asosiy faollik aksiyalar emas, balki korporativ obligatsiyalar (qarz instrumentlari) hisobiga ta’minlanmoqda. Davlat va strategik aksiyadorlarning ulushi yuqoriligi hamda institutsional investorlarning kamligi sababli aksiyalar bozori likvidlik tanqisligiga uchramoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ochiq savdoga chiqariladigan aksiyalar ulushi keskin oshirilmas ekan, kapital bozori raqamlarda o‘sishda davom etsa-da, real iqtisodiy drayverga aylana olmaydi.

O‘zbekistonda «muddatli to‘lov» alohida qonun bilan tartibga solinadi — Markaziy bank

Markaziy bank aholining ortiqcha qarzdorlikka botib qolishining oldini olish maqsadida "muddatli to‘lov" tizimini bosqichma-bosqich huquqiy tartibga solishni boshladi. Loyihaga ko‘ra, endilikda bunday xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar mijozlar haqidagi ma’lumotlarni Kredit byurolariga majburiy taqdim etishlari shart. Birinchi bosqichda yagona standartlar joriy etilgan bo‘lsa, keyingi qadamda maxsus qonun qabul qilinishi va soha ishtirokchilari uchun qat’iy talablar belgilanishi kutilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, bo‘lib-bo‘lib to‘lov taqdim etuvchi tashkilotlar mijozga xizmat ko‘rsatishdan oldin uning umumiy qarz yukini hisoblashi va belgilangan limitlarga amal qilishi shart bo‘ladi. Bu tizim uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va nazoratsiz qarz ko‘payishining oldini olishga xizmat qiladi. Markaziy bank ushbu jarayonni bozor ishtirokchilariga zarar yetkazmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirgan.

TIV Erondagi o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

Eronda ikki haftadan buyon davom etayotgan keng ko‘lamli aksilhukumat namoyishlari ortidan O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi vatandoshlarga zudlik bilan murojaat yo‘lladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 2000 kishiga yetgan. TIV vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va hozircha jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar qayd etilmaganini ma’lum qilib, fuqarolarni odamlar gavjum joylardan uzoq bo‘lishga va namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

Geosiyosiy vaziyat keskinlashuvi fonida AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan iqtisodiy aloqada bo‘lgan davlatlarga nisbatan 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Buning ortidan Brent rusumli neft narxi so‘nggi ikki oydagi maksimal darajaga ko‘tarildi. Erondagi vatandoshlar zarur hollarda Tehrondagi elchixonaning tezkor aloqa raqamlari (+982122299780, +982122832025) orqali yordam olishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.

Ertaga ayrim hududlarda qor yog‘ishi mumkin

15-yanvardan boshlab O‘zbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. «O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda tog‘li hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi, shamol tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Toshkent va boshqa viloyatlarda esa asosan yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Antitsiklon ta’sirida havo almashinuvi zaiflashishi natijasida atmosferada zararli PM2.5 va PM10 zarrachalari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa havo sifatining yomonlashishiga olib keladi.

Havo haroratining keskin pasayishi asosan 16–17-yanvar kunlariga to‘g‘ri kelib, respublikaning barcha hududlarida sovuq kuchayishi kutilmoqda. Shimoliy hududlarda harorat kechasi -5 darajagacha tushadi. Mutaxassislar havo sifati yomonlashishi munosabati bilan nafas yo‘llari kasalliklariga moyil shaxslar, bolalar va keksalarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etmoqda. Ba’zi hududlardagi yog‘ingarchilik va shamol esa havoning zararli moddalardan qisman "yuvilishi"ga xizmat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid