add

Haqoratli va tahdidli chiqishlar javobsiz qoldirilaversa, suverenitet qachon, qayerda va qay tarzda himoya qilinadi?

Bugun 18:204 daqiqa

Rossiyalik ayrim tarixchi, siyosatshunos va jurnalistlarning O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlari xalqi, tarixi hamda suverenitetiga nisbatan haqoratomuz, ba’zan esa ochiq tahdid ohangidagi chiqishlari bugunga kelib odatiy holga aylandi.


Gap alohida shaxslarning hissiyot bilan aytgan fikrlarida emas, balki Rossiya ichki axborot makonida boshqa mustaqil davlatlar suverenitetini shubha ostiga qo‘yish, uni bahs mavzusiga aylantirish jarayonida.

Bu — muallifi Kreml bo‘lgan izchil va maqsadli axboriy-siyosiy tendensiya.

Bundan to‘rt kun avval Rossiyaning davlat televideniyesi teleboshlovchisi, propagandachi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyo va Armanistonda ham Ukrainadagiga o‘xshash «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish mumkinligi haqida shov-shuvli chiqish qildi.

Bu chiqishning eng xavfli jihati esa – bayonot shaxsiy fikr sifatida emas, balki «Rossiyaning milliy xavfsizligi» degan universal siyosiy formula bilan oqlanishi, izohlanishidir. Xalqaro munosabatlar amaliyotida bu formula ko‘pincha boshqa davlat hududiga bostirib kirish, uning ichki masalalariga aralashuvni boshlashni asoslash uchun ishlatiladi.

Albatta, bu kabi chiqishlar Rossiyaning birdaniga, ertagayoq Markaziy Osiyoga urush boshlashini anglatmaydi. Lekin ruslarning davomiy tarzda qilayotgan shu kabi chiqishlarida urush haqida gapirishni odatga aylantirish, jamiyatni shunga tayyorlash, unda agressiya muqarrarlik kayfiyatini paydo qilish, Rossiya xavfsizligi o‘z hududi bilan chegaralanmaydi, balki qo‘shni hududlar ham unga daxldor, degan g‘oyalarni legitimlashtirish yotadi. Ya’ni, kecha mutlaqo nomaqbul bo‘lgan fikr bugun bahs mavzusiga aylanadi, ertaga esa «variantlardan biri» sifatida qabul qilinadi. Sof Overton tuynugi.

Axborot urushlari doimo mana shunday bosqichma-bosqich kechgan.

Endi videoning asosiy qismiga o‘tamiz.

Solovyovning ushbu chiqishi ham rus propagandachilarining bungacha bo‘lgan boshqa chiqishlari kabi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan yana javobsiz qoldirildi. Birorta bayonot berilmadi.

Bu esa muammoni yanada chuqurlashtirayotgandek. Chunki gap endi faqat ritorika haqida emas. Gap davlat o‘zini qanday himoya qilayotgani haqida.

Xo‘sh, hurmatli rasmiylar, nega jimsiz? Nega O‘zbekiston suverenitetiga bo‘ladigan bu kabi tahdidlarni doim ko‘rib, ko‘rmaganga olasiz?

Bu yerda yana bir muhim savol tug‘iladi: O‘zbekistonda xorijlik fuqarolarni «persona non grata» deb e’lon qilish – «nomaqbul shaxs» deb topish instituti qonunan mavjud. Lekin nega u amalda umuman qo‘llanmaydi? Ruslar ochiqchasiga mamlakat suverenitetiga tahdidli, haqoratomuz bayonotlar qilmoqda, lekin bunga nisbatan hech qanday huquqiy yoki diplomatik mexanizm ishga tushirilmayapti. Bunday ekan, bu institutning nimaga kerak?

Mexanizm mavjud, lekin u faollashtirilmaydi. Bu holat esa muqarrar ravishda shunday savolni tug‘diradi: biz bu normalarni haqiqiy himoya vositasi sifatida qabul qilganmizmi yoki faqat nomiga rasmiy hujjat sifatidami?

Ha, diplomatiyada jimlik ba’zan vazminlikni anglatishi mumkin. Ammo suverenitet va hududiy yaxlitlikka ochiq daxl qilinayotgan paytda jimlik — neytrallik emas. Bu axborot makonimizni bo‘sh qoldirishni ham bildiradi. Bo‘sh qolgan maydon esa har doim begona narrativlar bilan to‘ldiriladi.

Ichki jamiyat uchun esa bu jimlikning oqibatlari yanada xavfli. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari javob qaytaryapti, g‘azablanyapti, norozilik bildiryapti. Ammo davlat darajasida munosabat bo‘lmagach, bu norozilik tizimli himoya hissiga aylanmaydi. Natijada jamiyatda quyidagi xavfli psixologiya shakllanadi: «bizni haqorat qilishlari mumkin, lekin davlat bunga javob bermaydi».

Bu esa zaif davlat kompleksi shakllanishiga olib keladi. Ko‘plab siyosatshunoslar esa allaqachon ana shunday kompleks bilan yashayotganimiz haqida gapirmoqda ham. Ya’ni, davlat mavjud, lekin u har doim ham o‘z qadr-qimmatini ochiq himoya qilayotgandek ko‘rinmaydi. Bu kompleks uzoq muddatda milliy o‘zlik, siyosiy suverenitet va tashqi siyosatga bo‘lgan ishonchni yemira boshlaydi.

Shu sababli bu yerda gap hissiyot haqida emas, talab haqida ketmoqda. Talab oddiy va aniq:

– O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat suverenitetiga tahdidli bayonotlarga rasmiy munosabat bildirishga majbur.

– Persona non grata instituti qog‘ozda emas, real holatlarda ishlashi kerak.

– Davlat o‘ziga nisbatan aytilgan haqoratli va tajovuzkor ritorikani «e’tiborga loyiq emas» deya chetlab o‘tmasligi kerak.

Bu talablar mojaroni kuchaytirish uchun emas. Aksincha, ularning barchasi oldini olish mantig‘iga asoslangan. Chunki tarix shuni ko‘rsatadiki, katta bosimlar ko‘pincha vaqtida javob berilmagan kichik ritorikalardan boshlanadi.

Suverenitet – bu faqat Konstitutsiyadagi band emas. Bu – har safar sinovga duch kelganda o‘z pozitsiyasini aniq va ochiq ayta olish qobiliyati. Bugun jamiyat gapiryapti. Endi navbat davlat vakillariniki.

Haqoratli va tahdidli chiqishlar javobsiz qoldirilaversa, suverenitet qachon, qayerda va qay tarzda himoya qilinadi o‘zi?

Ilyos Safarov, jurnalist

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 30

Barchasi

Mavzuga oid