
Eronda ommaviy noroziliklar: minglab qurbonlar, AQSH tahdidi
Eron siyosiy beqarorlik yoqasida turibdi. Ommaviy noroziliklar, qurbonlar haqidagi dahshatli raqamlar va AQSHning ehtimoliy harbiy harakatlari mamlakat va butun mintaqani jiddiy sinov oldida qoldirmoqda.
Eronda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari mamlakat tarixidagi eng keskin siyosiy inqirozlardan biriga aylandi. Minglab qurbonlar, internetning to‘liq o‘chirilishi, namoyishchilarga nisbatan qattiq jazolar muhokamasi va AQSH bilan harbiy to‘qnashuv ehtimoli fonida vaziyat tobora xavfli tus olmoqda.
Erondagi so‘nggi voqealar, xalqaro bosim va mintaqani larzaga solayotgan keskinlik haqida batafsil to‘xtalamiz.
Norozilik sabablari
Erondagi norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28-dekabridan beri davom etmoqda. Ular milliy valuta kursining pasayishi fonida boshlandi. 1 AQSH dollari 1,5 million riyolga chiqib ketgani, inflatsiya shiddat bilan davom etayotgani savdogarlarning g‘azabini qo‘zg‘agan.
Ilk bosqichda iqtisodiy talablar bilan chiqqan namoyishlar qisqa vaqt ichida siyosiy shiorlarga aylanib, oyyatullohlar rejimi va oliy rahbariyat iste’fosini talab qilishga o‘tdi. Noroziliklar mamlakat bo‘ylab o‘nlab shaharlarni qamrab oldi.
Ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chorlab chiqish qila boshlashdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Eronda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni namoyishlarda ishtirok etmaslikka chorlab, ogohlantirish bilan chiqish qildi.
Tramp eronlik namoyishchilarga yordam va’da qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida kutilmagan bayonot bilan chiqdi. U o‘zining «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida eronlik namoyishchilarni faol harakatlarga chaqirib, davlat muassasalarini egallashga da’vat etdi.
«Eron vatanparvarlari, namoyishlarni davom ettiring — o‘z muassasalaringizni egallang! Qotillar va zo‘ravonlarning ismlarini saqlab qo‘ying», — deya yozdi u.
AQSH prezidenti, shuningdek, eronlik rasmiylar bilan rejalashtirilgan barcha uchrashuvlarni bekor qilganini bildirdi.
«Men namoyishchilarning bema’nilik bilan o‘ldirilishi to‘xtamaguncha, Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qildim. Yordam yo‘lda. Eronni qaytadan buyuk qilamiz», — deyiladi AQSH rahbarining murojaatida.
AQSH prezidenti Donald Tramp avval boshdan namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va aksilhukumat aksiyalari ishtirokchilariga yordam berish uchun Tehronga bosim o‘tkazishning turli, jumladan, harbiy variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi.
12-yanvarda norozilik namoyishlari fonida Tramp Eron bilan «biznes yuritayotgan» mamlakatlardan keladigan tovarlarga AQSH tomonidan 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng, 13-yanvarda «Brent» nefti narxi ikki oylik maksimal darajaga yetdi.
Qurbonlar
CBS News xabariga ko‘ra Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari deyarli fuqarolik urushi ko‘lamiga chiqdi. Teleradiokanal ikki manbaga tayanib, qurbonlar soni noroziliklar va ularning kuch bilan bostirilishi oqibatida 20 ming nafargacha yetishi mumkinligini ma’lum qildi. Manbalardan biri bevosita Eron ichida joylashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu raqamlar mamlakat bo‘ylab tibbiyot xodimlari tayyorlagan hisobotlarga asoslangan bo‘lib, faollar qo‘liga tushgan. Shuningdek, Eron kuch tuzilmalari Tehrondagi xususiy shifoxonalarga reydlar o‘tkazib, davolanayotgan namoyishchilarning ism-shariflari va manzillarini talab qilayotgani aytilmoqda.
CBS’ning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar mustaqil tasdiqlanmagan. Biroq Iran International telekanali taxminan 12 ming kishi halok bo‘lganini xabar qilgan, AQSHdagi yana bir manba esa qurbonlar soni 10–12 ming orasida bo‘lishi mumkinligini aytgan.
13-yanvar kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper ham Eronda kamida 2 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini, haqiqiy raqam esa yuqoriroq ekanini bildirgan.
Eronda ommaviy qatl boshlanishi mumkin
Eron hukumati ommaviy norozilik namoyishlarida qatnashgan fuqarolarni tezkor sud jarayonlari orqali qatl etish ehtimoli haqida ochiq muhokama qila boshladi.
Eron sud-huquq tizimi rahbari G‘ulomhussayn Muhsini-Ejaiy norozilik namoyishlari ishtirokchilariga nisbatan tezkor va soddalashtirilgan sud amaliyoti qo‘llanilishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kechiktirilgan jazo kutilgan samarani bermaydi, bu esa jazo choralari keskinlashishi ehtimolini ko‘rsatadi.
Bu orada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy qo‘lga olingan namoyishchilar qatl etilmasligini e’lon qildi.
«Osib qatl etish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu – dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi, undan ko‘zlangan maqsad — AQSH prezidenti Donald Trampni vaziyatga aralashishga undashdir. Bunday aralashuv esa halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin», degan Aroqchi «Fox News» kanaliga bergan intervyusida.
Bungacha AQSH prezidenti Donald Trampning namoyishchilar qatl etila boshlansa, Eron «juda keskin javob choralari»ga duch kelishini bildirgan edi.
AQSH 24 soat ichida Eronga zarba berishi mumkin
Reuters agentligi AQSH yaqin 24 soat ichida Eronga zarba yo‘llashi mumkinligi haqida xabarlar tarqatdi. Hattoki AQSH prezidenti Donald Trampdan tasdiqlatib olish uchun Erondagi nishonga olinishi lozim bo‘lgan 50 ta harbiy obyekt tushirilgan xarida tasdiqlangan xarita Oq uyga yetkazilgani to‘g‘risidagi xabarlar ham tarqala boshladi.
Eron esa qo‘shni davlatlarni ogohlantirib, hujum yuz bersa, ular hududidagi Amerika harbiy bazalariga qarshi javob zarbasi berilishini bildirgan.
Shu fonda Vashington Yaqin Sharqdagi bazalaridan ayrim harbiylarni qayta joylashtirishga qaror qilgan, xususan Qatardagi Al-Udayd aviabazasida bir qism harbiylarga bazani tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Al-Udayd aviabazasi AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik bazasi hisoblanadi va u yerda taxminan 10 ming amerikalik harbiy xizmat qilmoqda.
Eron osmonining yopilishi
AQSHning Eronga ehtimolli hujumi borasida tarqalgan mish-mishlar fonida 15-yanvar kuni ertalab Eron osmoni yopildi. Ko‘plab xorijiy aviakompaniyalar, jumladan, O‘zbekistonning Arabiston yarim oroli davlatlariga uchib borgan reyslari ham uchgan aeroportiga qaytib qo‘nishga majbur bo‘ldi.
Toshkent vaqti bilan soat 10 lar atrofida Eron osmoni qayta ochildi. Fors ko‘rfazi atrofida joylashgan arab davlatlari tomon Eronni aylanib uchayotgan samolyotlar yana yo‘lni burib, Eron ustidan parvoz qila boshlashdi.
BMT Erondagi qo‘zg‘alon bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi 15-yanvar kuni AQSH so‘roviga binoan Erondagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda yanvar oyida Xavfsizlik kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Somalining jahon tashkilotidagi doimiy vakolatxonasi ma’lum qildi.
AQSH iltimosiga ko‘ra, raislik Yaqin Sharqdagi vaziyat kun tartibi doirasida Erondagi vaziyat bo‘yicha brifing o‘tkazishni belgiladi. Yig‘ilish 2026 yil 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Erondagi ommaviy noroziliklar keskinlashmoqda, ko‘plab qurbonlar va qat’iy jazo choralari qo‘llanishi mumkinligi haqida xabarlar bor. AQSH esa harbiy va iqtisodiy choralarni ko‘rib chiqmoqda, vaziyat esa butun mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu mavzu bo‘yicha so‘nggi yangiliklarni yoritishda davom etamiz — bizni kuzatib boring.
Teglar






