add

Yevropa Ittifoqi aviakompaniyalarni Eron havo hududi uzra parvoz xavfidan ogohlantirdi

Bugun 10:022 daqiqa

Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi mintaqada harbiy keskinlik kuchayishi fonida fuqarolik reyslari xavfsizligiga tahdid ortib borayotganini bildirdi.

Yevropa Ittifoqi aviakompaniyalarni Eron havo hududi uzra parvoz xavfidan ogohlantirdi

Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi Yevropa Ittifoqi aviakompaniyalari uchun Eron havo hududida parvoz qilmaslik haqida rasmiy byulleten e’lon qildi. Agentlik bu qarorni fuqarolik aviatsiyasi uchun yuqori darajada xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harbiy omillar bilan izohladi.

Ma’lum qilinishicha, mintaqadagi keskinlik hamda AQSH tomonidan harbiy harakatlar amalga oshirilishi ehtimoli Eron qurolli kuchlarini jangovar shaylik holatiga keltirgan. Bu esa havo hududida faol qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qurollar va havo hujumidan mudofaa tizimlari sabab yo‘lovchi samolyotlari uchun jiddiy xavf yuzaga keltirishi mumkin.

Agentlik, ayniqsa, keng ko‘lamdagi qurollardan foydalanish ehtimoli yuqoriligini ta’kidlab, bunday sharoitda fuqarolik reyslarining harbiy obyektlar bilan adashib nishonga olinish xavfi mavjudligini qayd etgan. Shu bois, YIga a’zo aviakompaniyalarga Eron havo hududidan foydalanmaslik qat’iy tavsiya qilindi.

Shu bilan birga, agentlik Eronga qo‘shni davlatlar havo hududlari orqali parvozlarni rejalashtirishda ham alohida ehtiyotkorlikka chaqirdi. Xususan, hududda AQSH harbiy bazalari joylashgan mamlakatlar yaqinidan o‘tuvchi yo‘nalishlar xavf darajasi yuqori deb baholanmoqda.

Avvalroq Donald Tramp ommaviy chiqishlaridan birida uni Eronga nisbatan ehtimoliy harbiy harakatlardan hech kim tiyib qololmasligini bildirgan edi. Bu bayonot ham mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini yanada keskinlashtirgan omil sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15-dekabr kuni Eron havo hududi yopiligani sabab O‘zbekistondan va O‘zbekistonga yo‘naltirilgan bir qator xalqaro reyslar jo‘nash aeroportlariga qaytarilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid