add

Abituriyentlar uchun xushxabar, Qirg‘izistonning ogohlantirishi va Anqaradagi kelishuv — 29-yanvar dayjesti

29.01.2026 | 22:354 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Abituriyentlar uchun xushxabar, Qirg‘izistonning ogohlantirishi va Anqaradagi kelishuv — 29-yanvar dayjesti

Endi chet tili yo‘nalishlarida B1 sertifikati ham imtiyoz beradi

Hukumat qarori bilan endi chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda B1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatlar ham inobatga olinadi. Ilgari bunday yo‘nalishlarga hujjat topshirish uchun kamida B2 darajasi talab etilar edi.

Yangi qoidaga ko‘ra, B1 darajadagi sertifikatga ega abituriyentlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ballning 75 foizi avtomatik ravishda beriladi. B2 va undan yuqori (C1, C2) darajadagi sertifikat sohiblari uchun esa imtiyoz to‘liq saqlanib qoladi, ya’ni ularga imtihonsiz 100 foizlik (maksimal) ball yoziladi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 5 milliard dollarga yetkaziladi

29-yanvar kuni Anqarada Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Bu maqsadga erishish uchun Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kengaytiriladi va yil yakuniga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlari delegatsiyalari Turkiyaga tashrif buyurib, hududlararo yangi investitsiyaviy loyihalar portfelini ishlab chiqadi.

Yetakchilar iqtisodiy aloqalardan tashqari, mudofaa va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, terrorizm va kiberjinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashishga kelishib oldilar. Madaniy-gumanitar sohada esa bahorda Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazish, tarixiy filmlarni hamkorlikda ishlab chiqarish va tibbiy turizmda Turkiya tajribasini joriy etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Uchrashuv yakunida barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash topshirildi.

Qirg‘iziston O‘zbekistondan tranzit uchun qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilishni so‘radi

Qirg‘iziston O‘zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanayotgan fuqarolaridan avtosug‘urta va tonirovka qilingan avtomobillar uchun undirilayotgan qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilishni so‘radi. Ayni paytda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda. TIV rahbari o‘rinbosari Almaz Imang‘oziyev bu haqda Jogorku Kenesh yig‘ilishida ma’lum qildi. Deputatlar savollariga javoban u masala hozirda hal etish bosqichida ekanini ta’kidladi.

«Qirg‘izistonning bir hududidan boshqasiga o‘tish uchun O‘zbekistondan tranzit o‘tayotganda, asosan mamlakat janubida shunday muammo bor. Haydovchilarimizdan avtomobil sug‘urtasini sotib olish va agar bo‘lsa, tonirovka uchun to‘lov talab qilinadi. Biz tomonda bunday talab yo‘q. Balki qo‘shnilardan bu talabni bekor qilishni so‘rarmiz?», dedi deputat Dastan Bekeshev.

Almaz Imang‘oziyevning ma’lum qilishicha, mazkur iltimos O‘zbekiston tomoniga allaqachon yetkazilgan va hozirda u yerda davlatning ichki qonunchilik va tartib-qoidalari doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

«Agar O‘zbekiston tomoni yaqin vaqt ichida tariflarni bekor qilmasa, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan xuddi shunday tariflarni qo‘llaydi» dedi u.

«Yangi Bank» omonatchilariga 208 mlrd so‘m to‘lab beradi

Omonatlarni kafolatlash agentligi «Yangi Bank»ning 31 507 nafar mijoziga jami 208 mlrd so‘m miqdorida kafolatlangan to‘lovlarni berishni boshladi. Mablag‘larning asosiy qismi, ya’ni 205 mlrd so‘mi (98,7%) jismoniy shaxslarga tegishli. To‘lov jarayoni «Biznesni rivojlantirish banki» (BRB) orqali amalga oshirilmoqda. Jismoniy shaxslar o‘z mablag‘larini bank ilovasi orqali onlayn yoki xizmat ko‘rsatish markazlaridan naqd ko‘rinishda olishlari mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Yangi Bank»ning umumiy moliyaviy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan va buning asosiy qismi 2025 yilga to‘g‘ri kelgan. Omonatlarni kafolatlash agentligi to‘lov jarayonida hech qanday vositachilik haqi olinmasligini ta’kidlab, fuqarolarni firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tegishli mablag‘lar BRBning istalgan filialida hisobvaraq ochish yoki boshqa banklarga o‘tkazish orqali to‘lab beriladi.

Ayrim talabalarning yotoqxona xarajatlari budjetdan qoplanadi

Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga (32-son, 28.01.2026 y.) muvofiq, «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalarning kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan farzandlari uchun davlat yotoqxonalarida yashash xarajatlari to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Ushbu imtiyoz talabaning grant yoki kontrakt asosida o‘qishidan qat’i nazar amal qiladi va ular yotoqxonaga navbatsiz, ustuvor tartibda joylashtiriladi. To‘lovlar har oyning 15-sanasigacha talabaning bank kartasiga o‘tkazib berilishi belgilangan.

Agar davlat oliy ta’lim muassasasi yotoqxonasida bo‘sh o‘rin qolmasa, talabalar davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtiriladi va bunda ham xarajatlar davlat tomonidan to‘lanadi. Bu tizim ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan talabalarning ta’lim olishiga xalaqit berayotgan moliyaviy to‘siqlarni olib tashlash va ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid