
Bokschilardan «shedevr» natija, islomiy bank faoliyati uchun qonun loyihasi va ozodlikka chiqqan Aziz Voitov — 15 sentyabr dayjesti
15.09.2025 | 22:00346410
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Boks bo‘yicha jahon chempionati: o‘zbek bokschilari 8 ta finalda 6 ta oltin medal qo‘lga kiritishdi
Angliyaning Liverpul shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida o‘zbek bokschilari katta muvaffaqiyatga erishishdi. Ular 8 finaldan 6 tasida oltin, 2 tasida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Javohir Ummataliyev, To‘rabek Habibullayev, Abdumalik Xaloqov, Akmaljon Isroilov va Fazliddin Erkinboyev finallarda ishonchli g‘alabaga erishdi. Shu tariqa, terma jamoa jami 11 ta medal (6 oltin, 2 kumush, 3 bronza) bilan musobaqani yakunladi.
Ayollar o‘rtasida esa Navbahor Hamidova finalda qozog‘istonlik raqibasiga yutqazib, kumush medalga ega bo‘ldi. Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova va Aziza Zokirova yarimfinalda mag‘lub bo‘lib, bronza bilan taqdirlanishdi. Medallar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi, sifati jihatidan esa qozog‘istonlik bokschilardan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ekologiya vazirligi 20 ta korxona ishini to‘xtatdi
2025 yil yanvar—avgust oylarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 281 ta qonunbuzarlik aniqlandi. Ulardan 20 ta ob’ekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha sudga ariza kiritildi. 12 ta ishchi guruh ishtirokida 1452 ta ob’ekt xatlovdan o‘tgan, 174 ta tungi reyd amalga oshirilgan. Shu jarayonda 154 shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va 179 ta huquqbuzarlik bartaraf etilgan. Shu bilan birga, qator korxonalarda zamonaviy qozonlar, filtrlar va chang tozalash uskunalari o‘rnatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina Toshkent shahri va viloyatidagi 1233 yirik sanoat korxonasi 5 million tonnadan ziyod ko‘mir hamda 262 ming tonna mazut ishlatgan. Angren va Yangi Angren IESlari atmosferaga 134 ming tonna chiqindi tashlab, umumiy ko‘rsatkichning qariyb 19 foizini tashkil etgan. Mutasaddilar ta’kidlashicha, ko‘mir va mazutdan foydalanish havoga katta zarar keltirayotgani uchun filtr o‘rnatish dasturi 2028 yildan 2026 yil sentyabrigacha tezlashtirildi. Shuningdek, 11 sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda ekologik xavfli korxonalarni poytaxtdan Toshkent viloyatiga ko‘chirish masalasi muhokama qilindi.
«Ustyurtda juda katta gaz zaxirasi topildi» — Shavkat Mirziyoyev
Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikka qadar olib borilgan qidiruv ishlari natijasida mamlakat sanoati tarixida ilk bor yirik gaz zaxirasi topildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu yangilikni e’lon qilib, bu topilma O‘zbekistonning uglevodorod salohiyati yanada kengayib borayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbariga ko‘ra, ilgari geologik qidiruvlar asosan 2,5–3 ming metr chuqurlikda amalga oshirilardi. Yangi zaxira esa chuqur qatlamlarda ham katta imkoniyatlar mavjudligini namoyon etdi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, global iqtisodiyotda litiy, tellur, selen, grafit va molibden kabi texnologik minerallarga talab ortib borayotgani bu jarayonni yanada dolzarb qiladi.
Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ozodlikka chiqdi, sud unga boshqa jazo tayinladi
15 sentyabr kuni Mirobod tuman sudi sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga hukm o‘qidi. U Jinoyat kodeksining bir nechta moddalarida aybli deb topilgan bo‘lsa-da, yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani uchun ozodlikka chiqdi. Sud unga 3 yil davomida rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etish, 400 baravar miqdorda jarima va 3 yilga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Shu ishdagi yana bir asosiy ayblanuvchi, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi sobiq direktori Hamid Karimov 8 yil 6 oyga qamaldi. Qolgan 60 nafar ayblanuvchidan 9 nafari ozodlikdan mahrum qilindi, 51 nafari esa turli yengilroq jazolarga tortildi.
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun qonun loyihasi tayyorlandi
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, mamlakatda islomiy banklar va maxsus «darcha»lar tashkil etilishi mumkin bo‘ladi. Mas’ullar ta’kidlashicha, amaldagi cheklovlar tufayli tijorat banklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri islomiy moliya xizmatlarini taklif eta olmayapti. Loyiha parlamentdagi bir nechta partiya fraksiyalari yig‘ilishida muhokama qilindi.
Islomiy moliya savdo va sherikchilik asosida moliyalashtirishni nazarda tutadi. Biroq O‘zbekistonda tijorat banklariga bevosita savdo bilan shug‘ullanish hamda yuridik shaxslarni tashkil etishda ishtirok etish taqiqlangan. Yangi qonun bu cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishni ko‘zda tutadi. «O‘zLiDeP» ma’lumotiga ko‘ra, qonun qabul qilinishi bilan islomiy moliya institutlari xalqaro AAOIFI va IFSB standartlari asosida ishlay oladi.
«Milliy tiklanish» va «Ekologik partiya» fraksiyalarida ham hujjat muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, qonun «yashirin» iqtisodiyot ulushini kamaytirib, xorijiy investitsiyalar oqimini kuchaytiradi. UNDP so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 68 foizi va biznes vakillarining 60 foizi diniy e’tiqodi sabab an’anaviy bank xizmatidan foydalanishni istamaydi.





