add

Quruvchilar qaytaradigan milliardlar, imtihonsiz OTMga kiradigan bolalar va eksportning asosiy manzillari — 25-dekabr dayjesti

Kecha 22:291263 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Quruvchilar qaytaradigan milliardlar, imtihonsiz OTMga kiradigan bolalar va eksportning asosiy manzillari — 25-dekabr dayjesti

Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar ishdan olindi

Prezident farmoyishi bilan Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarish haqida qaror qabul qilgan Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov va yana uch nafar sudya lavozimidan ozod etildi. Sudyalar odil sudlovni amalga oshirishda qonunchilikni buzganlikda ayblanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, apellyatsiya instansiyasi og‘ir tan jarohati yetkazish va firibgarlikda ayblangan Shukurovning 8 yillik qamoq jazosini ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan ozod qilgan edi.

Biroq, jamoatchilikning keskin e’tirozi va prokuratura protestidan so‘ng, ish qayta ko‘rilib, Shukurov 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi va qamoqqa qaytarildi. Ushbu holat ortidan boshlangan xizmat tekshiruvi natijasida sudyalar Muxtarama Turgunova, Odilbek Ilxomjonov va Mirziyod Abidovlarning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Shuningdek, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari lavozimiga Farhodjon G‘aniyev tayinlandi.

O‘zbekiston eng ko‘p qaysi davlatlarga eksport qilmoqda?

2025 yilning 11 oyi davomida O‘zbekiston eksporti 30,9 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 26,2 foizga o‘sdi. Eksport portfelida Rossiya 4 mlrd dollar bilan yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa, Xitoy 1,9 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, qo‘shni bozorlar — Afg‘oniston va Qozog‘istonga bo‘lgan eksport hajmi har biri 1,3 mlrd dollardan ortib, tashqi savdoda muhim o‘rin tutmoqda.

Eksportning TOP-10 davlatlari qatoridan Turkiya (1 mlrd dollar), Fransiya (775,8 mln dollar) va BAA (642,7 mln dollar) ham joy olgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida Fransiya bozoriga yo‘naltirilgan mahsulotlar hajmi sezilarli darajada ekani alohida qayd etildi. Mintaqaviy hamkorlik doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston davlatlari ham O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari sifatida eksport hajmi oshishiga hissa qo‘shgan.

Qurilish kompaniyalari iste’molchilarga 6,7 mlrd so‘m qaytaradi

Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi aralashuvi bilan shartnoma majburiyatlarini bajarmagan 5 ta qurilish kompaniyasidan iste’molchilar foydasiga 6,7 mlrd so‘m mablag‘ undirildi. Fuqarolar uy-joy uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan bo‘lsa-da, «GLAMUR GOLD», «LUCKY TECHNICAL» va boshqa tashkilotlar xonadonlarni belgilangan muddatda topshirmagan. Ushbu holat yuzasidan qo‘mita tomonidan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun asosida sudga da’vo arizalari kiritildi.

Hozirda 16 nafar iste’molchining mulkiy huquqlari tiklanib, undirilgan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarildi. Qo‘mita jami 32 nafar fuqaro manfaatida 11 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirishni talab qilmoqda. Qolgan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.

O‘zbekistonga turistlar oqimi ilk marta 10 milliondan oshdi

2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar soni tarixda ilk bor 10,7 million nafarni tashkil etib, rekord natija qayd etildi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,4 foizga oshgan. Sayyohlar oqimining asosiy qismi qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelib, Qirg‘izistondan 3 million, Qozog‘iston va Tojikistondan esa 2,5 milliondan ortiq kishi tashrif buyurgan.

Shuningdek, uzoq xorij davlatlaridan kelayotgan sayyohlar sonida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Rossiyadan qariyb bir millionga yaqin, Xitoydan 250 ming va Turkiyadan 161 ming nafardan ortiq mehmonlar kelgan. Mutaxassislar ushbu o‘sishni aviaqatnovlarning ko‘payishi, vizasiz rejim imkoniyatlari va mahalliy turizm infratuzilmasining yaxshilanishi bilan izohlamoqdalar.

Ijtimoiy xavfli ahvoldagi bolalar uchun oliy ta’limda qo‘shimcha kvota ajratiladi

Prezident farmoniga muvofiq, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida 5 foizgacha qo‘shimcha kvota ajratilishi belgilandi. Ushbu toifadagi bolalar Bolalar masalalari bo‘yicha komissiya qarori va Ijtimoiy himoya milliy agentligi yo‘llanmasi asosida o‘qishga qabul qilinadi. E’tiborli jihati, ular ta’lim tashkilotlariga bepul asosda, hech qanday kirish imtihonlarisiz va sinovlarsiz qabul qilinadi.

Yangi mexanizm ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni jamiyatga moslashtirish va ularni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya kvota asosida qabul qilingan talabalarning o‘zlashtirish darajasi va xulq-atvorini doimiy tahlil qilib boradi. Bu tizim O‘zbekistonda 2030 yilgacha bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasining muhim qismi sifatida joriy etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid