add

Toshkentda qalbaki dori ishlab chiqarganlar qo‘lga olindi

27.08.2025 | 10:0020693

Toshkent shahrida yashirin sexda tayyorlangan qalbaki dori vositalari dorixonalar orqali aholiga sotilgani aniqlangan.

Toshkentda qalbaki dori ishlab chiqarganlar qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJ manzilida qonunga xilof sex faoliyati aniqlangan. Qayd etilishicha, mazkur sexda tayyorlangan qalbaki dorilar esa shahar dorixonalari orqali aholiga tarqatilgani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv paytida 389 kg og‘irlikdagi kukun va tabletkalar, 11 ta stanok, 21 ta qolip hamda «Raikal» markali pnevmatik qurol ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi. Shuningdek, MCHJga tegishli ikkinchi yashirin sexdan bo‘sh kapsulalar, qutilar, yo‘riqnomalar va dorilar tayyorlashda ishlatiladigan uskunalar olindi. «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi» ekspertizasiga ko‘ra, ushbu sexlarda «Ursosan 250 mg», «Neyromidin 20 mg» va «Fanigan» dori vositalari qalbakilashtirilgan. Tadbir davomida «Fanigan»ni qalbakilashtirish uchun buyurtma bergan shaxsning dorixonasi ham tekshirildi. U yerdan «Fanigan», «Azimak» va «Siprolet» kabi 15 turdagi 1 067 quti qalbaki hamda 14 turdagi 274 quti muddati o‘tgan dori topildi. Hozirda noqonuniy sex tashkilotchilari bo‘lgan 3 shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» va «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid