add

Trampning Mirziyoyevga taklifi, ekologik xavfli korxonalardan tozalangan poytaxt va spirt o‘rniga loson — 19-yanvar dayjesti

Kecha 23:554 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Trampning Mirziyoyevga taklifi, ekologik xavfli korxonalardan tozalangan poytaxt va spirt o‘rniga loson — 19-yanvar dayjesti

Tramp Mirziyoyevni ham G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish bo‘yicha xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi.

Maktubda qayd etilishicha, ushbu tashabbus 2025 yil 29-sentabrda e’lon qilingan va jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2025 yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasiga Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etildi.

Davlat rahbari amerikalik hamkasbiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.

«E-qaror» tizimida «yashirilgan» qarorlarni Aksilkorrupsiya agentligi nazorat qiladi

Prezident farmoni bilan «E-qaror» tizimida qabul qilinayotgan hujjatlarning ochiqligini nazorat qilish vakolati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga berildi. Endilikda hujjatlarni asossiz ravishda e’lon qilmaslik qonunbuzarlik deb hisoblanadi va mansabdor shaxslarning javobgarlikka tortilishiga asos bo‘ladi. Agentlik tizimdagi barcha hujjatlar bilan, jumladan, «yashirilgan» maqomidagi qarorlar bilan ham to‘siqsiz tanishish va doimiy monitoring yuritish huquqiga ega bo‘ldi.

Bu chora bejiz ko‘rilmadi: ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida mahalliy hokimliklar «yashirilgan» qarorlar orqali jami 7,4 trillion so‘m mablag‘ ajratgan. 2024–2025 yillarda qabul qilingan hujjatlarning naq 37 foizi jamoatchilikdan yashirilgan bo‘lib, ularning qariyb 2 mingtasi bevosita mablag‘ sarflanishi bilan bog‘liq. Yangi tartib davlat budjeti mablag‘larining taqsimlanishida shaffoflikni ta’minlash va asossiz «yashirin» qarorlar amaliyotiga chek qo‘yishni maqsad qilgan.

Qarshi neft bazasi rahbari ishdan olindi

«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Qarshi neft bazasi faoliyatini qoniqarsiz deb baholab, korxona direktorini lavozimidan ozod etdi. Tekshiruvlar natijasida korxona 2025 yilni moliyaviy zarar bilan yakunlagani, xarajatlar optimallashtirilmagani va ichki nazorat tizimi izdan chiqqani aniqlangan. Shuningdek, neft mahsulotlari zichligini noto‘g‘ri qo‘llash orqali iste’molchilar manfaatlariga zarar yetkazish holatlari ham rahbariyatning almashishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Bu «O‘zbekneftgaz» tizimidagi yagona holat emas — avvalroq Termiz, Jizzax, Maroqand va Kuchlik neft bazalari rahbarlari ham jiddiy kamchiliklar uchun ishdan olingan edi.

Dorixonalarda spirt o‘rniga loson taklif etilgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan «Sirli mijoz» tadbiri davomida dorixonalarning 25 foizida tibbiy spirt so‘ralganda uning o‘rniga kosmetik loson taklif etilayotgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim ishlab chiqaruvchilar tibbiy spirt uchun litsenziya olmasdan, spirtga o‘xshash losonlar ishlab chiqarishga o‘tgan va iste’molchilarga bu haqda yetarli ma’lumot bermagan. Bu holat «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid bo‘lib, xaridorlarni qasddan chalg‘itish sifatida baholanmoqda.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, loson kosmetik mahsulot bo‘lib, uni tibbiy maqsadlarda — in’eksiya oldidan zararsizlantirish yoki asboblarni sterilizatsiya qilishda qo‘llash kutilgan natijani bermaydi va sog‘liq uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Aniqlangan holatlar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli ma’lumotlar yuborildi. Endilikda bunday nohalol amaliyotga yo‘l qo‘ygan dorixona va ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi kutilmoqda.

Toshkentdagi 87 ekologik xavfli korxona shahar tashqarisiga ko‘chiriladi

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida Toshkent shahridagi atrof-muhitga salbiy ta’siri yuqori bo‘lgan 87 ta sanoat korxonasi bosqichma-bosqich shahar tashqarisiga olib chiqiladi. Ro‘yxatga asbest, sement, metallurgiya va parrandachilik kabi yirik energiya iste’mol qiluvchi tarmoqlar kiritilgan. Xususan, «O‘zvtorsvetmet» AJ faoliyati allaqachon to‘xtatilib, Jizzax viloyatiga ko‘chirilmoqda. Ushbu korxonaga ekologik zarar uchun 18 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblangan bo‘lib, ko‘chish jarayonida eski eritish pechlari to‘liq zamonaviy va xavfsiz uskunalarga almashtiriladi.

Ushbu islohot natijasida poytaxt havosiga yiliga chiqariladigan 226,7 tonna zararli moddalarning oldi olinadi, ayniqsa, Yangihayot tumanida ekologik vaziyat sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda. Ko‘chiriladigan korxonalar uchun yangi sanoat zonalarida barcha zarur infratuzilma yaratiladi va ularning faoliyati xalqaro ekologik standartlar asosida modernizatsiya qilinadi. Bu choralar nafaqat Toshkent, balki Nukus va boshqa viloyat markazlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid