add

Valuyevning kallasini joyiga qo‘yadigan Chagayev, Tinchlik kengashiga badalsiz a’zolik va BAAdagi 8 nafar o‘zbekistonlik taqdiri — 23-yanvar dayjesti

23.01.2026 | 22:494 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Valuyevning kallasini joyiga qo‘yadigan Chagayev, Tinchlik kengashiga badalsiz a’zolik va BAAdagi 8 nafar o‘zbekistonlik taqdiri — 23-yanvar dayjesti

Qor sabab bir nechta reyslar Namangan aeroportiga qo‘na olmadi

Farg‘ona vodiysi hududida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti, jumladan kuchli qor yog‘ishi aviaqatnov xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatdi. Shu sabab bir qator aviareyslar belgilangan manzilga qo‘na olmay, muqobil aerodromlarga yo‘naltirilgan. Uzbekistan airports ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishlarda o‘zgarish bo‘lgan:

— Air Samarkand aviakompaniyasining Jidda - Namangan yo‘nalishidagi 9S5010 reysi ekipaji Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘nalishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 00:27 da qo‘ndi);

— Ural Airlines aviakompaniyasining Yekaterinburg - Namangan yo‘nalishidagi U62963 reysi ekipaji Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘nalishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 00:40 da qo‘ndi);

— Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Samara - Namangan yo‘nalishidagi HY9806 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘nalishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 04:11 da qo‘ndi);

— FlyOne Asia aviakompaniyasining Madina - Namangan yo‘nalishidagi 7Q reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘nalishni o‘zgartirishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 06:05 da qo‘ndi).

Rossiyalik sobiq bokschi Valuyev ham Markaziy Osiyoga tahdid qildi

Rossiya Davlat dumasi deputati, sobiq bokschi Nikolay Valuyev faylasuf Aleksandr Duginning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, Markaziy Osiyo davlatlarida ham «maxsus harbiy operatsiyalar» o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. U sobiq ittifoq davlatlariga nisbatan «qamchi» siyosatini qo‘llash vaqti kelganini aytib, yoshlarni bo‘lajak mojarolarga tayyor turishga chaqirdi. Bu bayonot mintaqa davlatlarining suverenitetiga nisbatan ochiq tahdid sifatida qabul qilindi.

O‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning ushbu chiqishiga keskin munosabat bildirib, uni ringga — jangga chaqirdi. Chagayev Valuyevning gaplarini ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga putur yetkazuvchi haqorat deb baholadi va ushbu jang orqali «Valuyevning kallasini joyiga qo‘yib qo‘yishga» tayyorligini ma’lum qildi.

«Menimcha, bu sun’iy intellekt bo‘lsa kerak. Agar unaqa bo‘lmasa, o‘zbek xalqidan uzr so‘rayman, unga o‘sha paytda tekkan zarbalarim endi ta’sir qilyapti, shekilli. Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun bitta jang kerak bo‘lsa, men tayyorman. Bu safar, Xudo xohlasa, jangdan keyin u butun Markaziy Osiyoni yaxshi ko‘radi va bunaqa bemaza gaplar gapirmaydi», — dedi Ruslan Chagayev.

O‘zbekistonga biznes maqsadida kelgan xorijliklar soni 2 barobar oshdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga tijorat maqsadida tashrif buyurgan xorijliklar soni keskin ortib, 446,8 ming nafarni tashkil etdi. Bu 2024 yilga nisbatan 247,8 ming nafarga ko‘p demakdir. Eng katta biznes oqimi Afg‘oniston (415,5 ming kishi), Tojikiston (17,9 ming kishi) va Turkmaniston (9 ming kishi) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan ham yuzlab tadbirkorlar mamlakatga tashrif buyurgan.

Umumiy turistik oqim ham rekord darajada o‘sgan: 2025 yilda O‘zbekistonga jami 11,7 million nafar chet el fuqarosi kelgan, bu avvalgi yilga nisbatan 46,8 foizga ko‘pdir. Sayyohlar soni bo‘yicha Qirg‘iziston (3,3 mln), Tojikiston (2,7 mln) va Qozog‘iston (2,7 mln) yetakchilik qilmoqda. Bu raqamlar O‘zbekistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy markaz sifatidagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Tinchlik kengashiga 1 mlrd dollar bermasdan qo‘shildi

O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro tuzilma —Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Vaqt.uz'ga ma’lum qildi.

Avvalroq, Qozog‘iston Tinchlik kengashiga qo‘shilish uchun 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmasligi, bu har bir ishtirokchining huquqi ekanini aytib, mamlakat ushbu kengashga a’zolik badalisiz qo‘shilganini ma’lum qilgandi.
«Biz ham badalsiz qo‘shildik», - dedi Ahror Burxonov.

Ma’lumot uchun, Tinchlik kengashining qoidalariga ko‘ra, tashkilotga a’zolik dastlab uch yillik muddatni o‘z ichiga oladi. Biroq, agar biror davlat o‘z ixtiyori bilan birinchi yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi badalni to‘lasa, unga kengashda belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt davomida qolish imkoniyati taqdim etiladi.

«Oxirigicha himoya qilamiz»: BAAda o‘zbekistonliklar o‘mrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning ma’lum qilishicha, 2025 yil aprel oyida Dubayda yuz bergan ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosiga sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish, yana bir fuqaroga esa 25 yil qamoq jazosi tayinlangan. TIV va diplomatik vakolatxonalar fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rayotganini va vaziyatni oxirigacha nazorat qilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu voqea o‘tgan yilning aprel oyida Dubaydagi yonilg‘i quyish shoxobchasida ikki jinoiy guruh o‘rtasidagi to‘qnashuv natijasida yuz bergan va oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan edi. Mazkur holat ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz rejimga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida avvalroq ogohlantirishlar berilgan.

Teglar

Mavzuga oid