
Xorijga 1,7 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi
01.10.2025 | 16:352873
O‘zbekistonda joriy yilning yanvar–avgust oylarida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 58,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning sakkiz oyida mamlakatda 58,5 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2024 yilning mos davri bilan solishtirilganda 6,3 foizga o‘sgani qayd etildi.
To‘qimachilik sohasi umumiy sanoat ishlab chiqarishida sezilarli o‘rin egallab, jami hajmning 8,9 foizini tashkil etgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, sohadagi o‘sish ichki bozorda talabning ko‘payishi va ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi bilan bog‘liq.
Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari tashqi bozorda ham yuqori talabga ega bo‘lmoqda. Yanvar–avgust oylarida xorijiy mamlakatlarga qiymati qariyb 1,7 milliard AQSH dollariga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan. Bu mamlakatning umumiy eksportida 7,3 foiz ulushga egaligi qayd etildi.
Mutlaq ko‘rsatkichlardan tashqari, eksport geografiyasi ham kengaymoqda. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Yevropa va Osiyo bozorlariga ham yo‘naltirilmoqda.
Sohadagi o‘sish mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. To‘qimachilik tarmog‘ida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari yanada oshishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, to‘qimachilik sanoati korxonalariga xalqaro «marketpleys»larda reklama xarajatlarini bir oy ichida qaytarib beriladi.





