Logo

10 yillik tashqi siyosat: O‘zbekistonning strategik sheriklari va ittifoqchilari kimlar?

O‘zbekiston hozirgi kungacha 170 ga yaqin davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Ularning 5 tasi bilan ittifoqchilik, 21 tasi bilan esa strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Vaqt.uz so‘nggi 10 yilda O‘zbekistonning strategik sheriklari va ittifoqchilari qanday o‘zgarganini o‘rgandi.

10 yillik tashqi siyosat: O‘zbekistonning strategik sheriklari va ittifoqchilari kimlar? © Pakistan Today

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning tashqi aloqalari nafaqat raqamlarda, balki geografik jihatdan ham kengaydi. Bu davrda O‘zbekiston an’anaviy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlab, Markaziy Osiyo, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz hamda Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatdi. Bu o‘zgarishlarning shakllanish jarayonini avvalo 2016-yilgacha bo‘lgan davr misolida ko‘rib chiqamiz.

Strategik sheriklik qayerdan boshlandi?

Bu yil O‘zbekistonning strategik sheriklik siyosatini olib borayotganiga 24 yil to‘ldi. 2016-yilgacha O‘zbekiston AQSH, Yaponiya, Rossiya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Qozog‘iston bilan strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Bu davlatlar bilan aloqalar imzolangan deklaratsiya va shartnomalar orqali mustahkamlangan.

Eng muhim kelishuvlardan biri 2002-yilda AQSH bilan «Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risida»gi deklaratsiya imzolanishi bo‘ldi.

Rossiya bilan 2004-yilda strategik sherikchilik to‘g‘risida, 2005-yilda esa ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma imzolangan.

Ushbu aloqalar keyingi yillarda iqtisodiy hamkorlikda ham o‘z aksini topdi. 2025-yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 13 mlrd dollarga yaqinlashdi. Rossiya O‘zbekistonning Xitoy bilan birga eng yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ikki davlatni savdodan tashqari, migratsiya, energetika va tarixiy-iqtisodiy aloqalar ham bog‘lab turadi.

2012-yilda O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkori bo‘lgan Xitoy ham davlatning strategik hamkoriga aylandi. O‘sha yili ikki davlat «Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Natijada 2025-yilga kelib  O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi 17,2 milliard dollarni tashkil etib, mamlakat tashqi savdosining qariyb 21 foiziga teng bo‘lgan.

Shu tariqa, 2016-yilgacha O‘zbekiston 8 davlat bilan strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi. Keyingi o‘n yillikda esa bu doira yangi davlatlar hisobiga kengaya boshladi.

 

Strategik hamkorlar soni  2,6 barobarga oshdi

Ochiqlik siyosati va qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning yaxshilanishi natijasida dastlab strategik sheriklar soni ko‘paydi. Keyinchalik bu jarayon Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarini ham qamrab oldi.

 

Markaziy Osiyo

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruvidagi ilk yillarida asosiy e’tibor Markaziy Osiyoga qaratildi. 2017–2018-yillarda Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston bilan strategik sheriklik o‘rnatilishi barcha qo‘shnilar bilan munosabatlarni yangi darajaga olib chiqdi.

Jarayon 2017-yilning 6-mart kuni O‘zbekiston prezidenti va Turkmanistonning o‘sha vaqtdagi prezidenti, «Arqadag‘» Gurbanguli Berdimuhamedov «Strategik sheriklik to‘g‘risida»gi shartnomani imzolagani bilan boshlandi.

Shu yil 5-oktabrda Qirg‘iz Respublikasi bilan ham strategik sheriklik o‘rnatildi. O‘zbekiston prezidenti va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev tegishli deklaratsiyani imzoladi. Tashrif davomida 10 dan ortiq hujjat qabul qilindi. Chegara punktlarining qayta ochilishi va transport qatnovlarining tiklanishni savdoga ham ta’sir qildi.

Natijada O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tashqi savdo 2016-yildagi qariyb 200 mln dollardan 2025-yilda 1,2 mlrd dollarga yetdi. Ya’ni to‘qqiz yil ichida savdo qariyb 6 baravar oshdi.

2018-yilda Tojikiston bilan munosabatlar ham strategik darajaga ko‘tarildi. 17-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon  «Strategik sheriklik to‘g‘risida»gi shartnomani imzoladi. Tomonlar savdo, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib, muzokaralar yakunida 27 ta hujjatni qabul qildi.

Strategik yaqinlashuv keyingi yillarda iqtisodiy aloqalarda ham aks etdi. Tojikiston bilan savdo 2017-yildagi 237,9 mln dollardan 2025-yilda 920,4 mln dollarga yetib, qariyb 3,9 baravar oshdi. Turkmaniston bilan savdo ham 2025-yilda 1,2 mlrd dollarni tashkil qildi.

Osiyo va Yevropa

2019-yil 19-aprelda O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari «Alohida strategik sheriklik to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Hujjat bilan investitsiyalarni himoya qilish, fan, texnologiya, innovatsiya va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlar rasmiylashtirildi. Tashrif doirasida umumiy qiymati 12 milliard dollardan ortiq loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolangan.

2021-yilda strategik sheriklik geografiyasi bir vaqtning o‘zida Yevropa va Janubiy Osiyoga kengaydi. 30-mart kuni Vengriya bilan «Strategik sheriklik to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Muzokaralar yakunida savdo, energetika, qishloq xo‘jaligi, innovatsiya va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan 10 dan ortiq hujjat qabul qilindi.

Oradan uch oy o‘tib, Pokiston ham O‘zbekistonning strategik sherigiga aylandi. Ikki davlat rahbarlari «Strategik sheriklik to‘g‘risida«gi qo‘shma deklaratsiyani imzolab, tashrif davomida yana 8 ta hujjat almashdi. Ular orasida tranzit va savdo, viza tartibini soddalashtirish hamda chegaradan o‘tuvchi tovar va transport vositalari bo‘yicha kelishuvlar bo‘lgan. Biznes forumida esa 500 million dollardan ortiq shartnomalar imzolandi.

Bu davrda yangi sheriklar bilan bir qatorda mavjud aloqalar ham yuqori darajaga olib chiqildi. 2022-yil 29–30-martda Turkiya bilan munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Muzokaralar yakunida qo‘shma bayonot va 9 ta hujjat, jumladan imtiyozli savdo, transport, mehnat va sog‘liqni saqlash sohalariga oid kelishuvlarga erishildi.

2023-yilda O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan diplomatik aloqalari yana kengaydi. 8-iyun kuni O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatildi. O‘zbekiston prezidenti va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni muzokaralar yakunida «Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Shu bilan strategik sheriklik tarmog‘ida Yevropa davlatlarining ulushi ham oshdi.

Yevropa, Yaqin Sharq va Kavkaz

2024-yilda O‘zbekistonning Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqalarida ham yangi bosqich boshlandi. 15-aprel kuni O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida ikki tomonlama «Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida»gi bitimga erishildi. Ushbu kelishuv  keyinchalik Oliy Majlis tomonidan O‘RQ-1040-sonli qonun bilan ratifikatsiya qilindi.

2025-yil 15-yanvar kuni Abu-Dabida prezident Shavkat Mirziyoyev va BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasida «Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida»gi deklaratsiya qabul qilindi.

Oradan ikki oy o‘tib Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron muzokara o‘takazish chog‘ida «Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, ta’lim, viza, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda kelishuvlarga erishildi. Fransiya kompaniyalari bilan 6,5 milliard yevrolik loyihalar bo‘yicha hamkorlik belgilandi.

Shu yilning 9-iyun kuni  Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida «Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, energetika, standartlashtirish, diplomatik kadrlar tayyorlash va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator hujjatlarni imzolagan.

2026-yilda strategik sheriklik Kavkaz va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan ham o‘rnatildi. Xususan, 3-iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston va Gruziya prezidentlari muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida «Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida»gi deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, bojxona, raqamlashtirish, ta’lim, fan, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida hujjatlar imzolandi.

Oradan 6 kun o‘tib Toshkentda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokara o‘tkazildi. Yakunda «Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida»gi deklaratsiya qabul qilindi.

Shunday qilib, bugungi kungacha O‘zbekistonning «ishonchli hamkorlari» soni 21 taga yetdi. So‘nggi o‘n yilda bu ko‘rsatkich 13 taga ko‘payib, 2,6 baravar oshdi.

 

O‘zbekistonning ittifoqchilari kimlar?

Strategik sheriklar sonining ortishi bilan bir qatorda, O‘zbekiston ayrim davlatlar bilan munosabatlarini ittifoqchilik darajasiga ham olib chiqdi. Ittifoqchilik strategik sheriklikning keyingi bosqichi bo‘lib, siyosiy va iqtisodiy hamkorlik bilan birga, xavfsizlik va o‘zaro harbiy yordam bo‘yicha majburiyatlarni ham o‘z ichiga oladi.

a

Hozirda O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon va Qirg‘iz Respublikasi  bilan ittifoqchilik munosabatlariga ega. Rossiya bilan bunday munosabatlar 2005-yilda, Qozog‘iston bilan 2021-yilda, Tojikiston va Ozarbayjon bilan esa 2024-yilda huquqiy jihatdan mustahkamlangan.

Eng so‘nggi bosqich esa Qirg‘iz Respublikasi bilan bog‘liq. 2026-yil 30-iyulda ikki davlat prezidentlari «Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi shartnomani imzoladi. Hujjat bilan birga davlat chegarasi uchastkalari, «Chashma» bulog‘idan foydalanish, ijtimoiy sug‘urta va pensiya ta’minotiga oid kelishuvlar ham imzolandi.

Shunday qilib, 2025-yilda O‘zbekistonning ushbu besh davlat bilan jami tashqi savdo aylanmasi 20,39 milliard dollarni tashkil etdi. Bu mamlakatning 81,17 milliard dollarlik umumiy tashqi savdo aylanmasining 25,1 foiziga, ya’ni qariyb chorak qismiga teng.

Demak, so‘nggi o‘n yilda uchta qo‘shni davlat bilan ittifoqchilik aloqalarining o‘rnatilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi rolini kuchaytirdi. Shu bilan birga, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari bilan aloqalarning rivojlanishi tashqi siyosat geografiyasini yanada kengaytirdi. Natijada O‘zbekiston ko‘proq davlatlar bilan yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Теглар

null null

Zilola Xolto'rayevaМақолалар сони: 26

Барчаси

Мавзуга оид

10 yillik tashqi siyosat: O‘zbekistonning strategik sheriklari va ittifoqchilari kimlar? | Vaqt.uz