1,7 trln so‘mlik yangi majmua – Farg‘onaning yangi tashrif qog‘ozi

Бугун 17:012 дақиқа

Marg‘ilon shahrida «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi ochildi. 35 gektar maydonni egallagan obyektda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat ko‘rsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar barpo etilgan.

1,7 trln so‘mlik yangi majmua – Farg‘onaning yangi tashrif qog‘ozi

Prezident qarori asosida qurib bitkazilgan «Burhoniddin Marg‘inoniy» majmuasi milliy me’morchilik an’analari, Marg‘ilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uyg‘unlashgan tarixiy shahar ichidagi shaharchadir.

Majmua nafaqat Marg‘ilon, balki butun vodiyliklar hayotida muhim o‘rin tutgani tashrif buyuruvchilarning soni ko‘pligidan ham ko‘rinadi.

Hududda Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish maqsad qilingan.

Majmuaning yana bir tashrif qog‘ozi bu «Otabek va Kumush uyi» muzeyidir. Uning devorlarida «O‘tkan kunlar» romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uyg‘unlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.

Loyiha bosh reja

Qiymati 1,7 trillion so‘m bo‘lgan loyihaning bosh rejasi Turkiyaning «Studio Vertebra» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua to‘liq ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi hamda 300 o‘rinli bozor tashkil etiladi.

Majmua to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga o‘rtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi, budjetga 52 milliard so‘m tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti ta’minlanadi.

«Burhoniddin Marg‘inoniy» majmuasi tajribasini Buxorodagi «Boqiy Buxoro», Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qo‘qondagi O‘rda, Namangandagi «Axsikent» yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 21

Барчаси

Мавзуга оид