20 foizlik boj, nol stavka va 1,7 trln so‘mlik reja: bojxonada nimalar o‘zgaradi?
2027-yildan O‘zbekistonda bojxona to‘lovlari, imtiyozlar va eksport yig‘imlari bo‘yicha yangi tartiblar joriy etiladi. Yagona bojxona to‘lovi 20 foiz etib belgilanadi, ayrim yig‘imlar kamayadi va rasmiylashtirish jarayonlari soddalashtiriladi. Vaqt.uz farmonda belgilangan asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.
© Foto: Gazeta.uzO‘zbekistonda 2027-yildan boshlab bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar joriy etiladi. Prezidentning 2026-yil 1-sentabrdagi farmoni bilan bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Hujjatdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri — 2027-yil 1-yanvardan yagona bojxona to‘lovi stavkasining 20 foiz etib belgilanishi. Bunda to‘lov miqdori tovarning bojxona qiymatining 20 foizidan kam bo‘lmasligi bilan birga, har bir kilogramm uchun 3 dollardan 2 dollargacha miqdorda hisoblanishi nazarda tutilgan.
Biroq farmon faqat bojxona to‘lovi stavkasini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. Unda bojxona imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish, import qiluvchi tadbirkorlar uchun yangi tartiblarni joriy etish, bojxona va soliq tekshiruvlarini o‘tkazish amaliyotini o‘zgartirish, bojxona rasmiylashtiruvini avtomatik ravishda amalga oshirish hamda xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan.
Vaqt.uz hujjatda belgilangan asosiy o‘zgarishlarni birma-bir ko‘rib chiqib, yangi tartiblar tadbirkorlar va import jarayonlariga qanday taalluqli ekanini tushuntiradi.
2027-yildan yagona bojxona to‘lovi 20 foiz bo‘ladi
Farmonning bojxona to‘lovlari va imtiyozlari haqidagi qismida 2027-yil 1-yanvardan boshlab yagona bojxona to‘lovi stavkasini belgilash nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, yagona bojxona to‘lovi tovarning bojxona qiymatining 20 foizi miqdorida belgilanadi. Biroq hisoblangan to‘lov har bir kilogramm uchun 2 dollardan kam bo‘lmasligi kerak.
Masalan, bojxona qiymati 1 500 dollar bo‘lgan iPhone rusumidagi telefon olib kirildi, deb olaylik. Uning bojxona qiymatining 20 foizi 300 dollarни tashkil qiladi. Agar telefonning og‘irligi shartli ravishda 0,2 kilogramm bo‘lsa, kilogrammiga kamida 2 dollardan hisoblaganda 0,4 dollar chiqadi. Bu holatda 300 dollar yuqori bo‘lgani uchun 20 foizlik hisob asosida 300 dollar olinadi.
Demak, hujjatdagi «har bir kilogramm uchun 2 dollar» talabi alohida qo‘shimcha to‘lov emas. Bu — bojxona to‘lovining eng kam chegarasi. Tovar qiymatining 20 foizi bo‘yicha hisoblangan summa shu chegaradan yuqori bo‘lsa, yuqoriroq summa qo‘llanadi.
Amaldagi bojxona imtiyozlari birdaniga bekor qilinmaydi
Shuningdek, farmonda bojxona imtiyozlari bilan bog‘liq ayrim o‘zgarishlar ham mavjud, jumladan bojdan ozod qilish, nol stavka qo‘llash va imtiyozlar nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, amalda berilgan bojxona imtiyozlari 2027-yil kelishi bilan birdaniga bekor qilinmaydi.
Birinchidan, amalda berilgan bojxona bojidan ozod qilish va nol stavkani qo‘llash bo‘yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar saqlab qolinadi.
Ikkinchidan, muddatsiz berilgan bojxona boji imtiyozlari uchun ham muddat belgilanadi. Ularning amal qilish muddati 2029-yil 1-yanvargacha etib belgilanishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun tegishli qonun loyihasi uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak. Ya’ni bu bandni «2027-yildan barcha bojxona imtiyozlari bekor qilinadi» deb tushunish noto‘g‘ri. Hujjatda, aksincha, amalda berilgan muddatli imtiyozlarni ularning muddati tugaguncha saqlash, muddatsiz imtiyozlarga esa aniq yakuniy muddat belgilash taklif qilinmoqda.
JSTga a’zo bo‘lgach, boj stavkalari qonun bilan belgilanadi
Hujjatda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilishi bilan bog‘liq yana bir muhim o‘zgarish nazarda tutilgan. Gap import bojxona boji stavkalarini kelgusida qanday belgilash haqida ketmoqda.
Farmon bilan tasdiqlangan «O‘zbekistonning yangi bojxonasi — 2030» strategiyasida O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganidan so‘ng tashqi savdodagi boj stavkalarini qonun bilan belgilash vazifasi qo‘yilgan. Ya’ni strategiyaga ko‘ra, yagona hujjat tamoyili asosida tovarlarning TIF TN bo‘yicha kodlari (tovarlarning tashqi savdoda tasniflanishi uchun belgilangan maxsus kodlar), ular bo‘yicha JST doirasida kelishilgan maksimal boj stavkalari (bound rate) hamda amalda qo‘llanayotgan import bojxona boji stavkalari qonun bilan belgilanishi kerak. Buning uchun strategiyada 2027-yil dekabr muddati ko‘rsatilgan.
Bu o‘zgarishning mohiyati shundaki, import bojlarining stavkalarini belgilash masalasi amaldagi ma’muriy tartibdan qonunchilik darajasiga olib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni boj stavkalari soliq stavkalariga o‘xshash tarzda qonun bilan belgilanishi kerak bo‘ladi.
Bu yerda maksimal boj stavkalariga ham e’tibor berish kerak. Amalda qo‘llanadigan boj stavkasi esa ushbu chegaradan past bo‘lishi mumkin. Shu sababli strategiyada faqat amaldagi boj stavkalarini emas, balki JST doirasida kelishilgan maksimal stavkalarni ham yagona tizimda aks ettirish nazarda tutilgan.
Strategiyada belgilangan muddatdan kelib chiqib, bu tizimni 2027-yil oxirigacha shakllantirish rejalashtirilgan. Biroq hujjatning o‘zida O‘zbekistonning JSTga aynan qaysi sanada a’zo bo‘lishi ko‘rsatilmagan. Shuning uchun a’zolik sanasini oldindan aniq belgilangan sana sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Boj stavkalarining qonun bilan belgilanishi esa ularni o‘zgartirish va qo‘llash tartibini qonunchilik darajasida aniqroq belgilashga olib kelishi mumkin. Natijada tadbirkorlar uchun qaysi tovarlarga qanday boj stavkasi qo‘llanishini oldindan bilish imkoniyati ham oshadi.
Shu bilan birga, farmonning o‘zida JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning tashqi savdodagi tarif choralarini JST talablari asosida vaqtincha tartibga solish bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolati 2028-yil 1-yanvargacha saqlab qolinishi belgilangan. Demak, hujjatda bir tomondan boj stavkalarini kelgusida qonun bilan belgilashga o‘tish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan JSTga qo‘shilish jarayonidagi tarif masalalarini vaqtincha tartibga solish uchun amaldagi vakolatlar 2028-yil 1-yanvargacha saqlab qolinmoqda.
Import va eksportdagi ayrim talablar bekor qilinadi
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun ayrim talablar bekor qilinadi.
Masalan, tashqi savdo shartnomasi tuzilmagan holda, faqat invoys (tovarning aniq nomi, miqdori, narxi va jami summasi ko‘rsatilgan hisob hujjati) asosida tovar import qilayotgan tadbirkordan xorijiy hamkoriga oldindan to‘lov o‘tkazishni cheklash talabi olib tashlanadi. Eksportda esa xuddi shunday invoys asosidagi operatsiyalar uchun oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash talabi bekor qilinadi.
Tovarlarni eksport qilishda milliy valutada oldindan to‘lovni ta’minlash yoki akkreditiv, bank kafolati va sug‘urta polisi kabi kafolatlangan to‘lov shakllaridan foydalanishni talab qilish ham to‘xtatiladi.
Bojxona rasmiylashtiruvida taqdim etiladigan ayrim hujjatlar bo‘yicha ham talablar qisqaradi. Jumladan, biologik aktivlar, yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer va parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirishda ayrim ruxsatnomalarni, shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani aynan bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etish talabi bekor qilinadi.
Biroq bu hujjatlar umuman kerak bo‘lmaydi, degani emas. Ularning mavjudligi majburiy muvofiqlikni baholash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish jarayonida nazorat qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun namuna yetarli bo‘lmagan holatda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish talabi ham bekor qilinadi. Bunday vaziyatda vakolatli organ mahsulot miqdori sinov uchun yetarli emasligi haqida xat taqdim etadi.
Umuman olganda, 2026-yil 1-sentabrdan bu o‘zgarishlar tashqi savdo operatsiyalarida tadbirkorlardan talab qilinadigan ayrim oldindan to‘lovlar, kafolatlar va hujjatlarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etish bilan bog‘liq talablarni qisqartirdi.
Importchilar to‘langan QQSni hisobga olishi mumkin bo‘ladi
2026-yil 1-oktabrdan boshlab past xavf darajasiga ega bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga import qilingan tovarlar uchun to‘langan QQSni hisobga olish imkoniyati beriladi. Buning uchun korxona soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va uning QQS bo‘yicha guvohnomasi faol bo‘lishi kerak. Ya’ni, yangi tartib barcha import qiluvchilarga emas, balki past xavf guruhiga kiradigan va faol QQS guvohnomasiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga taalluqli bo‘ladi. Masalan, tadbirkor xorijdan mahsulot olib kirishda bojxonada QQS to‘laydi. Yangi tartib unga ushbu summani QQS bo‘yicha keyingi hisob-kitoblarda hisobga olish imkonini beradi. Shu orqali import vaqtida to‘langan QQSning soliq hisobida aks ettirilishi uchun alohida imkoniyat yaratiladi.
Muhimi, farmonda bu imkoniyatning 2026-yil 1-oktabrdan joriy etilishi belgilangan va u past xavf darajasidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga nisbatan qo‘llanadi.
Eksportdagi ayrim yig‘imlar 30 foizga kamayadi
2026-yil 1-oktabrdan eksport bilan bog‘liq ayrim xizmatlar uchun undiriladigan yig‘im va to‘lovlar 30 foizga kamaytiriladi. Bu o‘zgarish eksport jarayonlarini raqamlashtirish va soddalashtirish bilan bog‘liq.
30 foizga kamaytiriladigan to‘lovlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
bojxona rasmiylashtiruvi;
fitosanitariya sertifikatini olish (o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarining zararkunanda hamda kasalliklardan xoli ekanini tasdiqlovchi hujjat);
fumigatsiya xizmatlari (mahsulotdagi zararkunanda va hasharotlarni maxsus gaz yordamida yo‘q qilish jarayoni);
tovarning kelib chiqish sertifikatini olish.
Bunda eksportchi ushbu xizmatlardan foydalanishda avvalgiga qaraganda kamroq to‘lov qiladi.
Bojxona qiymatini aniqlash tartibi o‘zgaradi
2027-yil 1-yanvardan past xavf darajasidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bojxona qiymatini tekshirish tovar bojxonadan chiqarilgandan keyin amalga oshiriladi. Ya’ni, bunday tadbirkorning tovari avval chiqarib yuboriladi, bojxona qiymati esa keyinchalik nazorat qilinadi.
Yana bir muhim o‘zgarish — bojxona qiymatini nazorat qilishda tovarga oldindan qat’iy qiymat belgilash taqiqlanadi. Bu bojxona organi import qilinayotgan tovar uchun o‘zicha bitta aniq narx belgilab, hisob-kitobni faqat shu narxdan kelib chiqib amalga oshira olmaydi, deganidir.
Shuningdek, bojxona qiymatini aniqlashda ishlab chiqaruvchining rasmiy dilerlari va distribyutorlari taqdim etgan narx ma’lumotlaridan ham foydalaniladi.
Farmonda bundan tashqari, tadbirkorlarga bojxona qiymati bo‘yicha oldindan qaror olish amaliyotini joriy etish ham belgilangan. Bu import qiluvchi uchun tovar bojxonadan o‘tkazilmasidan oldin uning bojxona qiymati bo‘yicha masalani aniqlashtirish imkonini beradi.
2027-yildan bojxona rasmiylashtiruvi soddalashadi
2027-yil 1-iyundan bojxona rasmiylashtiruvida tadbirkorlar uchun bir nechta yangi yengilliklar joriy etiladi. Ular hujjatlarni rasmiylashtirish, ortiqcha to‘lovlarni qaytarish, tranzit va tovarlarni tezroq chiqarish jarayonlariga taalluqli.
Birinchidan, kelib chiqish sertifikati bilan boshqa hujjatlar o‘rtasida tovarning xususiyatiga ta’sir qilmaydigan kichik tafovutlar aniqlansa, faqat shu sabab bilan sertifikatni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eksport qiluvchilar uchun ekologik sertifikatni majburiy olish talabi ham bekor qilinadi. U eksportchining ixtiyoriy murojaatiga asosan rasmiylashtiriladi.
Bojxonada ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarish jarayoni ham soddalashadi. Buning uchun ariza topshirish, uni ko‘rib chiqish va javob yuborish jarayonlari markazlashgan holda elektron shaklda amalga oshiriladi.
Yana bir muhim o‘zgarish — ayrim holatlarda bojxona deklaratsiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta rasmiylashtirish orqali avval to‘langan boj va soliqlarni qaytarish hamda tarif imtiyozlarini tiklash imkoniyati beriladi.
Masalan, reeksport (tovarni qayta sotish) vaqtida qonunchilikdagi talablar bajarilib, chegara bojxona postidagi nazorat yakunlangan bo‘lsa, avval to‘langan bojxona boji va soliqlar qaytariladi.
Shuningdek, tovar bojxona to‘lovlari to‘lanishi kerak bo‘lgan rejimga qabul qilingan kundan boshlab bir yil ichida tegishli tarzda rasmiylashtirilgan kelib chiqish sertifikati taqdim etilsa, eng ko‘p qulaylik berish rejimi yoki erkin savdo rejimi tiklanadi.
Bundan tashqari, tovar erkin muomalaga chiqarilgandan keyingi bojxona nazoratida kelib chiqish sertifikati noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani aniqlansa, bojxona rasmiylashtiruvi sanasidan boshlab uch yil ichida to‘g‘ri sertifikat taqdim etish orqali tarif preferensiyalarini tiklash huquqi beriladi. Bunda xalqaro normalarda nazarda tutilgan istisnolar saqlanib qolinadi.
Tranzit yuklari bo‘yicha ham yangi imkoniyat paydo bo‘ladi: tranzit deklaratsiyasini transport vositasi chegara bojxona postiga yetib kelishidan oldin topshirish mumkin bo‘ladi.
Bojxona deklaratsiyasini oldindan topshirish tartibi ham soddalashtiriladi. Dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasi vakolatli idoralardan tovar uchun kerakli sertifikat va ruxsatnomalarni olishga ariza sifatida qabul qilinadi.
Past xavf darajasidagi tovarlar bo‘yicha vakolatli idoralar ushbu hujjatlarni oldindan rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Shundan keyin yakuniy deklaratsiyada mazkur sertifikat va ruxsatnomalarni alohida ko‘rsatish talabi bekor qilinadi. Tovar chegara bojxona postiga yetib kelgach, uning xavf darajasiga qarab tezlashtirilgan tartibda chiqariladi. Ushbu tartibni qo‘llash bosqichlari va tartibini Bojxona qo‘mitasi belgilaydi.
Yana bir yengillik vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun beriladi. Ularning eksport operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lsa, buning uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi.
Sodda qilib aytganda, 2027-yil 1-iyundan bojxona rasmiylashtiruvida hujjatlardagi kichik tafovutlar sababli sertifikatni rad etish cheklanadi, ayrim sertifikatlar ixtiyoriy bo‘ladi, ortiqcha to‘lovlarni qaytarish elektronlashtiriladi, tranzit deklaratsiyasini oldindan topshirish va past xavfli tovarlarni tezlashtirilgan tartibda chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bojxona strategiyasini amalga oshirish uchun 1,7 trln so‘m sarflanadi
«O‘zbekistonning yangi bojxonasi — 2030» strategiyasini 2026–2030-yillarda amalga oshirish uchun jami 1,7 trln so‘m kapital qo‘yilma rejalashtirilgan. Hujjatda bu mablag‘lar bir necha manba hisobidan moliyalashtirilishi ko‘rsatilgan.
Jami mablag‘ning 1,5 trln so‘mi Bojxona qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan yo‘naltiriladi. Yana 109 mlrd so‘m davlat budjetidan, 78 mlrd so‘m esa Raqamli texnologiyalar markazi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.
Mablag‘larni yillar kesimida taqsimlash quyidagicha:
2026 yil — 175 mlrd so‘m
2027 yil — 387 mlrd so‘m
2028 yil — 352 mlrd so‘m
2029 yil — 405 mlrd so‘m
2030 yil — 397 mlrd so‘m
Shunday qilib, strategiyani amalga oshirish uchun besh yil davomida jami 1 trln 716 mlrd so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Теглар






