Logo

2027-yildan ko‘p qavatli uylarda liftlardan foydalanish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi

Бугун 17:142 дақиқа

Bino boshqaruvchilariga liftlarni har oyda kamida bir marta majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish vazifasi yuklatilib, belgilangan talablarga javob bermaydigan hamda elektron tizimdan tashqari xarid qilingan qurilmalardan foydalanish qat’iyan cheklanadi.

2027-yildan ko‘p qavatli uylarda liftlardan foydalanish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi

O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab ko‘p qavatli uylardagi liftlarni ro‘yxatga olish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va xavfsiz foydalanish bo‘yicha yangi elektron tizim joriy etiladi. Bino boshqaruvchilari liftlarga har oyda kamida bir marta texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi shart etib belgilandi. Bu haqda hukumatning 22-oktabrdagi 588-son qarorida ma’lum qilindi.

Qarorga muvofiq, liftlarni ro‘yxatga olish, texnik xizmat ko‘rsatish shartnomalarini tuzish va bekor qilish, shuningdek, xizmat natijalarini qayd etish to‘liq «Xavfsiz lift» yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Liftlarni ro‘yxatga olish bepul bo‘lib, dastlabki texnik ko‘rikdan ijobiy o‘tgan lift ikki ish kuni ichida ro‘yxatga olinadi va buyurtmachiga QR-kodli ma’lumotnoma yuboriladi.

Lift kabinasida uning identifikatsiya raqami, ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi QR-kod hamda bino boshqaruvchisi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning aloqa ma’lumotlari bo‘lishi talab etiladi. Shu bilan birga, texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestriga kiritilish onlayn xabarnoma yuborish orqali bepul amalga oshiriladi.

Kafolat muddati va foydalanishdagi cheklovlar

Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchi tashiydigan liftlarda qurilish materiallari va chiqindilarini, lift o‘lchamlariga mos kelmaydigan buyumlarni, shuningdek, portlovchi, tez alangalanadigan, radioaktiv va o‘ta zaharli moddalarni tashish qat’iyan taqiqlanadi. Elektron platforma orqali xarid qilinmagan va o‘rnatilmagan liftlar hamda ehtiyot qismlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘rnatilgan har bir liftga kamida uch yil kafolat beriladi. Kafolat muddati davomida ta’mirlash va lift qismlarini almashtirish jarayoni 15 kundan oshmasligi kerak. Foydalanish taqiqlanganini bildiruvchi qizil yorliq bilan belgilangan liftga texnik xizmat ko‘rsatilmaydi va bu davrda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bino boshqaruvchisidan oylik texnik xizmat haqini talab qila olmaydi.

Теглар

Мавзуга оид