Logo

36 dollardan 300 dollargacha: Markaziy Osiyoda pensionerlarga qancha to‘lanadi?

Mintaqada pensiya miqdori mamlakatlar o‘rtasida sezilarli farq qiladi. Ayrim davlatlarda o‘rtacha to‘lov 150 dollardan oshsa, boshqalarida bu ko‘rsatkich ancha past.

36 dollardan 300 dollargacha: Markaziy Osiyoda pensionerlarga qancha to‘lanadi? © РИА Новости

Markaziy Osiyo mamlakatlarida pensiya ta’minoti, to‘lovlar miqdori va nafaqaga chiqish yoshlari bir-biridan farq qiladi. 2026-yilda mintaqaning ayrim davlatlarida pensiyalar indeksatsiya qilindi, boshqalarida esa tizimni isloh qilish rejalari muhokama qilinmoqda. Quyida beshta davlatdagi pensiya miqdorlari AQSH dollarida taqqoslanadi.

O‘zbekiston

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyul holatiga eng kam yoshga doir pensiya oyiga 983 ming so‘m yoki taxminan 83 dollar, eng kam nogironlik pensiyasi esa 1 million 83 ming so‘m yoki 91 dollar etib belgilangan. 

Ish staji to‘liq bo‘lmagan holda tayinlanadigan yoshga doir pensiya miqdori 878 ming so‘m yoki 74 dollar, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori esa 504 ming so‘m yoki 43 dollarga teng. O‘rtacha pensiya 1,7 million so‘m, ya’ni taxminan 143 dollarni tashkil etadi. Mamlakatda pensiya oluvchilar soni 4,35 million nafardan oshgan.

Tojikiston

Tojikistonda esa 2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, o‘rtacha pensiya 505,67 somoniyni, ya’ni taxminan 55 dollarni tashkil etgan. Mamlakatda 893 mingdan ortiq pensioner ro‘yxatga olingan. O‘rtacha mehnat pensiyasi 646 somoniy yoki 70 dollar, sug‘urta pensiyasi 512 somoniy yoki 56 dollar, ijtimoiy pensiya esa 352 somoniy yoki 38 dollarga teng.

Qozog‘iston

Qozog‘istonda pensiya miqdori kishining ish staji, pensiyadan oldingi daromadi hamda jamg‘armalariga qarab turlicha belgilanadi. Mamlakatdagi pensionerlarning umumiy soni 2,5 million nafardan ziyodni (taxminan 2,53 – 2,54 million kishi) tashkil qiladi. Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy o‘rtacha oylik pensiya miqdori 350 dollar (157 843 )tengeni tashkil etadi va bu summaga bazaviy, birdamlik va jamg‘arma pensiyalari kiradi.

Bazaviy pensiyaning minimal miqdori: 79 dollar (35 596 tenge).   Yoshga doir birdamlik pensiyaning minimal miqdori (to‘liq ish stajiga ega bo‘lganlar uchun): 153 dollar (69 049 tenge).

Jamg‘arib boriladigan pensiya – fuqarolarning shaxsiy pensiya jamg‘armalari hisobidan to‘lanadi va ular tomonidan to‘plangan mablag‘ miqdoriga bog‘liq bo‘ladi.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda eng kam pensiya 8 ming 800 som yoki taxminan 101 dollarga, o‘rtacha pensiya esa 12 ming 898 som yoki 147 dollarga yetgan. Qirg‘iziston Ijtimoiy jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 826,5 ming pensioner bor.

Turkmaniston

Turkmanistonda eng kam pensiyaning bazaviy miqdori 550 manatni tashkil etadi. Rasmiy kurs bo‘yicha bu taxminan 157 dollarga teng. Urush qatnashchilari uchun eng kam pensiya 2 280 manat yoki 651 dollar, ularning turmush o‘rtoqlari va front orti mehnatkashlari uchun esa 665 manat yoki 190 dollar etib ko‘rsatilgan. Mamlakatda eng kam ish haqi 1 410 manat yoki 403 dollarga teng. Turkmanistonda rasmiy davlat organlari tomonidan mamlakatdagi jami pensionerlarning aniq umumiy soni ochiq statistika sifatida muntazam ravishda keng e’lon qilinmaydi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 65 yoshdan oshgan fuqarolar (qariyalarning umumiy soni) taxminan 366 ming nafarni tashkil etadi (bu umumiy aholining qariyb 4,8 foiziga teng).

Pensiya yoshi 

Pensiyaga chiqish yoshi ham mintaqada bir xil emas. Qozog‘istonda erkaklar 63 yoshda, ayollar 61 yoshda; O‘zbekistonda erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqadi. Qirg‘iziston va Tojikistonda bu ko‘rsatkich erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh. Turkmanistonda esa erkaklar 62 yoshda, ayollar 57 yoshda pensiya olishi mumkin.

O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, minimal ish stajini uzaytirish va pensiya hisobida ish haqining uzoqroq davrini inobatga olish bo‘yicha takliflar muhokama qilinmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan pensiya hisob-kitobida inobatga olinadigan ish haqi davri bosqichma-bosqich uzaytirilib, 20 yilga yetkaziladi. Bunda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etilishi taklif qilinmoqda.

Shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal ish staji ham bosqichma-bosqich oshiriladi. Hozirgi 7 yillik minimal staj har yili bir yildan qo‘shib borilib, 2034-yilda 15 yilga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. 2028-yil 1-yanvardan esa pensiya yoshi har yili uch oydan oshirib boriladi. Natijada 2039-yilga borib erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga yetkazilishi taklif etilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид