Logo

9 oyda savdo xizmatlari hajmi 235 trln so‘mdan oshdi

08.11.2026 | 09:002 дақиқа

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida savdo xizmatlari hajmi 17,4 foizga o‘sdi. Hududlar kesimida poytaxt yetakchilik qilmoqda.

9 oyda savdo xizmatlari hajmi 235 trln so‘mdan oshdi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda savdo xizmatlari hajmi 235,3 trln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,4 foizga yuqori.

Savdo xizmatlari hajmining eng katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 95,2 trln so‘mga yetgan.

Bu respublika bo‘yicha jami savdo xizmatlarining qariyb 40,5 foizini tashkil qiladi. Ya’ni mamlakatda ko‘rsatilgan har 100 so‘mlik savdo xizmatining 40 so‘mdan ortig‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar orasida keyingi o‘rinlarni Toshkent viloyati 20,7 trln so‘m, Samarqand viloyati 17,8 trln so‘m va Farg‘ona viloyati 17 trln so‘m bilan egallagan.

Hududlar o‘rtasidagi farq

Savdo xizmatlari hajmi bo‘yicha Andijon viloyatida 13 trln so‘mlik ko‘rsatkich qayd etilgan. Buxoro viloyatida bu raqam 12 trln so‘m, Namangan viloyatida 11,8 trln so‘mni tashkil qilgan.

Qashqadaryo viloyatida savdo xizmatlari hajmi 10,4 trln so‘mga yetgan. Surxondaryo viloyatida 9,3 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu ko‘rsatkich 6,6 trln so‘m, Xorazm viloyatida 6,4 trln so‘m bo‘lgan. Jizzax viloyatida 6 trln so‘m, Navoiy viloyatida esa 5,6 trln so‘m qayd etilgan.

Sirdaryo viloyati 3,3 trln so‘mlik savdo xizmatlari hajmi bilan hududlar orasida oxirgi o‘rinni egallagan. Bu Toshkent shahri ko‘rsatkichidan qariyb 29 baravar kam.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda xizmatlar sohasi hajmi kvadrillion so‘mdan oshgani, eng yuqori ko‘rsatkich esa savdo sohasiga to‘g‘ri kelgani haqida ma’lumot berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид

9 oyda savdo xizmatlari hajmi 235 trln so‘mdan oshdi | Vaqt.uz