Abituriyentlar uchun qabul boshlandi
O‘zbekistonda 2026–2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni boshlandi. Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5-iyundan 25-iyungacha davom etadi.
© gov.uzPrezidentning PF-81-sonli farmoniga muvofiq, bakalavriatga qabul jarayoni ikki bosqichda tashkil etiladi. Yangi tartib «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar Bilimni baholash agentligining rasmiy platformasi orqali fanlar majmuasi, ta’lim tili va test sinovini topshirish hududini tanlaydi. Bu bosqichda barcha ma’lumotlar elektron shaklda qabul qilinadi.
Ikki bosqichli tizim
Alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshiruvchilar qo‘shimcha tarzda ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy yoki ijodiy imtihon o‘tkaziladigan oliy ta’lim muassasasini ham belgilashi lozim.
Kirish test sinovlari iyul va avgust oylarida o‘tkaziladi. Imtihonlar to‘liq yakunlanganidan keyin abituriyentlarga oliygoh, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilash uchun 15 kun muddat beriladi.
Mazkur tizim abituriyentlarga test natijalarini bilgan holda ta’lim muassasasi va yo‘nalishni tanlash imkonini yaratadi.
Natijalar qachon e’lon qilinadi?
Yangi tartibga ko‘ra, test natijalari imtihon topshirilgan kunning ertasiga e’lon qilinadi.
Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati qabulning ikkinchi bosqichi yakunlanganidan keyin bir hafta ichida e’lon qilinadi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalariga maslahat berish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida «Qabul-2026» shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.





