Logo

Andijonda kichik GESlar uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqariladi

Бугун 14:352 дақиқа

To‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 20 mln dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotlarni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilish, yillik eksport hajmini 3 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Andijonda kichik GESlar uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqariladi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanida kichik gidroelektr stansiyalari uchun zarur uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi.

Davlat rahbarining 2025-yil 28-martdagi hududlarda mikrogidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishga doir qarorining ijrosi doirasida «Andijon Jinlun yangi energiya» korxonasi tashkil etilmoqda.

Tog‘li va suv resurslariga boy Markaziy Osiyo davlatlarida bunday uskunalarga talab yuqori. Biroq shu paytgacha mintaqada ularni sanoat miqyosida ishlab chiqaradigan ixtisoslashgan korxonalar yetarli emas edi. Prezident matbuot xizmatining yozishicha, yangi loyiha ana shu ehtiyojni qoplashga qaratilgan.

Andijon viloyatidagi mavjud suv manbalari «yashil» energetikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratadi. Xususan, Katta Farg‘ona kanalining barqaror suv oqimi mikro va kichik GESlar qurish uchun qulay hisoblanadi.

To‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etadi. Korxona 2027-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushiriladi. Shundan so‘ng bu yerda yiliga 70 milliard so‘mlik 100 ta kichik GES majmuasi, shuningdek, mikrogidroenergetika uskunalari, dastgoh va elektr jihozlari ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda dunyoda ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab ortib bormoqda. Bu jihatdan kichik va mikro GESlar samarali yechimlardan biri hisoblanadi. Ular atrof-muhitga ta’siri kamligi, qisqa muddatda barpo etilishi va barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishi bilan ahamiyatlidir.

Aytilishicha, loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotlarni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilish, yillik eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, korxona Andijon viloyatida qator mikro GESlar qurishni mo‘ljallagan. Bu aholi va sanoat korxonalarini arzon, ekologik toza hamda barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilishi urg‘ulandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kichik va mikro GESlar qurilishini jadallashtirishning yangi tartibi va imtiyozlari belgilangandi.

Теглар

Мавзуга оид