Animatsion filmlar: «Kattalar»ning ham sevimli janri kino bozorini egallamoqda

06.03.2026 | 16:155 дақиқа

Animatsion filmlar odatda bolalar auditoriyasi uchun yaratiladi, biroq bugungi kunda ular barcha yoshdagi tomoshabinlar orasida eng ommabop janrlardan biriga aylandi. 1995-yilda animatsion filmlarning kino bozoridagi ulushi atigi 2,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 barobarga o‘sdi.

Animatsion filmlar: «Kattalar»ning ham sevimli janri kino bozorini egallamoqda

So‘nggi yillarda kino sanoatida diqqatga sazovor tendensiya kuzatilmoqda: animatsiya janri nafaqat bolalar uchun mo‘ljallangan kontent, balki global kino bozorining eng daromadli segmentlaridan biriga aylandi. Kassa tushumlari, franshizalarning uzoq umri va xalqaro auditoriyaning kengligi multfilmlarni Hollivud va boshqa kinobozorlar uchun strategik mahsulotga aylantirdi.

Kassadagi portlash

1995-yilda AQSH va Kanada kino bozorida animatsion filmlar ulushi atigi 2,8 foizni tashkil etgan. 2024-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich qariyb o‘n baravar o‘sib, 23,9 foizga yetdi.

1

Bu tendensiyaga katta blokbasterlar turtki berdi. Masalan, 2024-yilda «Boshqotirma 2» (Inside Out 2) 1,7 mlrd dollar daromad qilib, tarixdagi eng muvaffaqiyatli animatsion filmlardan biri bo‘ldi. 2025-yil boshida esa uni Xitoyning fantastik animatsion  filmi «Neja» (Ne Zha 2) ortda qoldirdi — u 2 mlrd dollardan ortiq daromad qildi. Bugungacha faqat oltita filmgina 2 mlrd dollarlik marrani bosib o‘tgan.

Yaqin orada bu natijani «Hayvonlar shahri 2» (Zootopia 2) ham ortda qoldirishi mumkin: noyabr oyida namoyish etilgan bu film hozirgacha 1,9 mlrd dollar daromad qildi.

Xo‘sh, animatsiya qanday qilib kino industriyasining shunchalik jozibador janriga aylandi? 

Animatsiyaning muvaffaqiyati tasodifiy emas. Birinchi sabab — syujet va mavzularning universalligi. Ko‘plab multfilmlar siyosiy yoki madaniy ziddiyatlardan qochib, insonga xos umumiy hissiyotlarga tayanadi: o‘sish, do‘stlik, yo‘qotish, o‘z o‘rnini topish. Shuning uchun ular turli mamlakatlardagi tomoshabinlarga birdek ta’sir qiladi.

Eng yaxshi filmlar 2011-yilda «Pixar» studiyasida storibord rassomi bo‘lib ishlagan Emma Kouts ishlab chiqqan «Hikoya yaratishning 22 qoidasi»ga amal qiladi. Bu qoidalar qahramonning ichki kechinmalari va uning murakkab sinovlar orqali o‘zgarishiga katta ahamiyat beradi. 

2

Shunda tomoshabinlar qahramonni muvaffaqiyatlari uchun emas, balki harakat qilib, urinib ko‘rgani uchun ko‘proq qadrlaydi. Ta’sir kuchli bo‘lishi uchun esa bosh qahramon oldiga qiyin va deyarli yengib bo‘lmas to‘siqlar qo‘yiladi.

Bu qoidalar «Pixar» studiyasining «O‘yinchoqlar tarixi» (Toy Story), «Nemoni izlab» (Finding Nemo) va «Boshqotirma» (Inside Out) kabi mashhur filmlarida yaqqol ko‘rinadi. Hatto bu formula internetda mashhur memga ham aylangan: «Agar o‘yinchoqlarda his-tuyg‘ular bo‘lsachi? Agar baliqlarda his-tuyg‘ular bo‘lsachi? Agar tuyg‘ularning o‘zida ham tuyg‘ular bo‘lsa-chi?» kabi.

4

Ikkinchi sabab — animatsiyaning global miqyosda tushunarli bo‘lishi. Bolalar uchun mo‘ljallangani sababli, bunday filmlarda odatda bahsli yoki senzurani qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan sahnalar kam bo‘ladi. 

Shu bilan birga, animatsiya madaniy chegaralarni oson kesib o‘tadi. Eng muvaffaqiyatli syujetlar oddiy g‘oyalarga yoki madaniyatga bog‘lanmagan fantastik muhitga asoslanadi. 

Qahramonlar esa uslubiy jihatdan sodda tasvirlanadi, ammo ta’sirchan chehralarga ega bo‘ladi. Masalan, «Ratatuy» (Ratatouille)  filmidagi Remi qahramonining hayratga to‘la katta ko‘zlari yoki «Valli» (Wall-E) filmidagi deyarli gapirmaydigan, ammo juda hissiyotli robotlar. 

Uchinchi omil — filmlarni namoyishga chiqarish vaqtining to‘g‘ri tanlanishi. Kino studiyalari multfilmlarni odatda maktab ta’tillari, bayramlar yoki yozgi dam olish mavsumlarida namoyishga chiqaradi. Bu esa oilalar uchun kinoteatrga borishni qulay dam olish formatiga aylantiradi.

3

«Ampere» media-tahlil kompaniyasi vakili Oliviya Dinning aytishicha, kinoteatrga borish — bolalarini bir necha soatga uydan chiqarib, vaqtlarini qiziqarli o‘tkazishni istagan ota-onalar uchun juda qulay yechim. Shuningdek, mohir ssenariy mualliflari animatsion filmlarga kattalar ham kulgi bilan qabul qiladigan hazillarni ham qo‘shib qo‘yadi.

Pandemiyadan keyin striming platformalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqariladigan multfilmlar soni ham kamaydi. Agar 2022-yilda studiyalar chiqargan animatsion filmlarning 44 foizi strimingga yuborilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 8 foizga tushdi. Bu kinoteatr formati yana ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.

dollar animatsia

Animatsiyaning yana bir iqtisodiy afzalligi — franshizalar. Bir marta mashhur bo‘lgan qahramonlar o‘nlab yillar davomida yangi filmlar, seriallar va tovarlar orqali daromad keltirishi mumkin.

Masalan, «O‘yinchoqlar tarixi 5» (Toy Story 5) nafaqat yangi avlod tomoshabinlari, balki 1995-yilda birinchi qismini ko‘rgan katta yoshli auditoriyani ham kinoteatrlarga qaytarishi mumkin. Bu — nostalgiya marketingining kuchli namunasidir.

2026-yil animatsion filmlar uchun yanada omadli kelishi mumkin

2026-yil animatsiya janri uchun tarixdagi eng daromadli yillardan biriga aylanishi kutilmoqda. Yaqin oylarda kinoteatrlarga bir qator yirik animatsion loyihalar chiqishi rejalashtirilgan.

6-mart kuni namoyishga chiqadigan «Hoppers» filmi «Disney» va «Pixar» studiyalarining yangi loyihasi bo‘lib, u inson ongini robot bobyor tanasiga «ko‘chirish» orqali hayvonlar dunyosi bilan muloqot qilish g‘oyasiga asoslangan.

6

Yil davomida esa bir nechta yirik franshizalarning yangi qismlari chiqishi kutilmoqda. Xususan, yoz oylarida «Yaxshi bo‘lish osonmi» (Despicable Me) va «Posbon kuchukchalar» (Paw Patrol) franshizalarining navbatdagi filmlari namoyish etiladi.

Shuningdek, «The Super Mario Galaxy Movie» va «Toy Story 5» filmlari ham katta qiziqish bilan kutilmoqda. Mutaxassislar bu ikki filmning har biri jahon prokatida 1 mlrd dollardan ortiq daromad keltirishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

7

Yil boshida namoyish etilgan «Goat» animatsion komediyasi ham yaxshi natija ko‘rsatdi. Turli tuyoqli hayvonlar professional sport bilan shug‘ullansa nima bo‘lar edi, degan g‘oyaga asoslangan film hozirgacha 130 mln dollar daromad qilib, yilning eng ko‘p kassa yig‘gan ikkinchi filmiga aylandi.

Mutaxassislar fikricha, shu kabi yirik premeralar va mashhur franshizalarning davomi 2026-yilni animatsiya janri uchun eng muvaffaqiyatli yillardan biriga aylantirishi mumkin.

8

Bir vaqtlar «hayvonlar va bolalar bilan film qilish xavfli» degan Hollivud qoidasi mavjud edi. Ammo animatsiya industriyasi bu stereotiplarni buzmoqda va hozircha kino bozorining eng ishonchli janrlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Теглар

Рухсора Жовлиева

Рухсора ЖовлиеваМақолалар сони: 821

Барчаси

Мавзуга оид