Logo

AQSH Eron bilan urushga qancha pul sarflagani ma’lum bo‘ldi

Tramp Tehron bilan urushni 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan keyin AQSHning Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirishi bilan bog‘liq urushlardan muntazam ravishda farqlab keladi. AQSHning Iroqdagi sakkiz yil davom etgan urushi 2 trln dollarga, Afg‘onistondagi 20 yillik urush esa 2,3 trln dollarga tushgan.

AQSH Eron bilan urushga qancha pul sarflagani ma’lum bo‘ldi © Reuters

AQSHning Eron bilan olti oy davom etgan urushi 38 milliard dollarga tushgan. Bu xarajatlar oyiga yana 3 milliard dollarga oshib borishi mumkin. Bu haqda «Reuters» AQSH Kongressining Budjet boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Boshqarmasining 1-avgust holatidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, urush 2027-yilning dastlabki uch oyida inflatsiyaning 0,5 foizga oshishiga olib keladi. Budjet boshqarmasi xarajatlarning asosiy qismi o‘q-dorilar zaxirasining tez kamayib ketishi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Urush davomida sarflangan 21,7 milliard dollarning asosiy qismi o‘q-dorilar zaxirasini qayta to‘ldirishga ketadi. Zaxiralarni qayta to‘ldirish uchun esa besh yilgacha vaqt kerak bo‘lishi mumkin.

«Reuters» avgust oyida AQSH o‘zining uzoq masofaga uchadigan yuqori aniqlikdagi raketalarining «deyarli barchasini» ishlatib yuborgani haqida xabar bergan edi. Budjet boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, raketalarni tutib qolish vositalari kabi muhim o‘q-dorilarning yetishmasligi Pentagonning yana bir yirik mojaro yuzaga kelgan taqdirda javob qaytarish imkoniyatini qiyinlashtirishi mumkin.

Bundan tashqari, urush xarajatlarining ortishi energiya narxlarining ko‘tarilishiga olib keldi va allaqachon cheklangan federal budjetga bosimni kuchaytirdi. Bu AQSHning moliyaviy ahvolini yanada og‘irlashtirishi mumkin. Avgust oyida mamlakatning umumiy davlat qarzi 40 trillion dollardan oshdi.

Shu bilan birga, Budjet boshqarmasining hisobotida yaqinda Hormuz bo‘g‘ozidagi savdo kemalariga berilgan zarbalar, mintaqadagi AQSH harbiy obyektlariga uyushtirilgan hujumlar hamda urushni moliyalashtirish uchun olingan qarzlar bo‘yicha xarajatlar hisobga olinmagan. Bu xarajatlar urushning umumiy qiymatiga yana o‘nlab milliard dollar qo‘shishi mumkin.

Hisobotda AQSH qancha tutib qoluvchi raketa ishlatgani va Pentagon qancha raketa sotib olgani haqidagi ma’lumotlarni taqqoslash natijasida, 2025-yilning iyunidan beri AQSH o‘zidagi bunday o‘q-dorilarning «ehtimol, yarmidan uchdan ikki qismigacha» sarflab yuborgani aytiladi. Bular qatoriga Patriot va THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimlarida ishlatiladigan tutib qoluvchi raketalar, shuningdek, AQSH harbiy-dengiz kuchlari foydalanadigan Standard Missile-3 va Standard Missile-6 raketalari kiradi.

Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli AQSH harbiylarida bosh qo‘mondon Donald Tramp qo‘ygan barcha strategik maqsadlarga erishish uchun «yetarli miqdordan ham ko‘proq o‘q-dori, snaryad va zaxiralar borligini» ma’lum qildi.

Pentagonning bosh matbuot kotibi Shon Parnell ham o‘q-dorilar yetishmayotgani haqidagi xulosalarni rad etdi. Uning aytishicha, AQSHda prezident tanlagan vaqt va joyda zarba berish uchun «barcha zarur vositalar mavjud».

Urush xarajatlari bo‘yicha tekshiruv AQSH Vakillar palatasi Budjet qo‘mitasidagi yetakchi demokrat, Pensilvaniya shtatidan kongressmen Brendan Boylning iltimosiga ko‘ra o‘tkazilgan.

«Insonlar halok bo‘lishidan tashqari, Kongress Budjet boshqarmasining ushbu xolis hisoboti urush amerikalik soliq to‘lovchilarga ham o‘nlab milliard dollarga tushgani va bu summa hali ham oshib borayotganini aniq ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Mojaro davomida sarflangan o‘q-dorilarni qayta to‘ldirish uchun ketadigan 21,7 milliard dollarning 7,3 milliard dollari «yer-yer» turidagi qanotli raketalarni, 13,1 milliard dollari raketaga qarshi mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni va 1,2 milliard dollari boshqa turdagi o‘q-dorilarni qayta sotib olishga sarflanadi.

Hisobotga ko‘ra, yo‘q qilingan yoki yo‘qotilgan harbiy texnikalarni, jumladan Eron tomonidan urib tushirilgan THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimining radar stansiyasini almashtirish uchun yana taxminan 1,9 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bunday radar stansiyasining o‘zi taxminan 500 million dollar turadi. U Yaqin Sharqda raketalarni tutib qolish imkoniyatini ta’minlash uchun zarur.

«Agar Pentagon yo‘qotilgan samolyotlarni ham almashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rasa, umumiy xarajat 1,9 milliard dollardan 3,3 milliard dollargacha oshishi mumkin. Agar harbiy harakatlar nisbatan past sur’atda davom etsa, mojaroning har bir qo‘shimcha oyi AQSHga taxminan 2–3 milliard dollarga tushishi mumkin», — deyiladi hisobotda.

Mojaro iyul oyidagidek kuchaysa, oylik xarajatlar bundan ham oshishi mumkin. Iyul oyida tomonlar bir-biriga navbatma-navbat zarbalar bergan va Budjet boshqarmasi hisobiga ko‘ra, o‘sha oyda harbiy harakatlar AQSHga taxminan 3 milliard dollarga tushgan.

28-fevraldan 1-avgustgacha davom etgan Eron bilan urushda 18 nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Tramp Eron bilan urushni 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan keyin AQSHning Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirishi bilan bog‘liq urushlardan muntazam ravishda farqlab keladi. «Reuters» xabariga ko‘ra, AQSHning Iroqdagi sakkiz yil davom etgan urushi 2 trillion dollarga, Afg‘onistondagi 20 yillik urush esa 2,3 trillion dollarga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq urushlar, sanksiyalar, inqirozlar, umuman olgan ana shu global tebranishlar neft narxlariga qanday ta’sir qilgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид