Logo

AQSHda xavfli infeksiyadan ilk o‘lim holatlari qayd etildi

Бугун 08:002 дақиқа

Mamlakat bo‘ylab ushbu infeksiya bilan kasallanganlar soni 18 mingdan oshgan.

AQSHda xavfli infeksiyadan ilk o‘lim holatlari qayd etildi

AQSHning Michigan shtatida siklosporiaz epidemiyasi oqibatida dastlabki o‘lim holatlari qayd etildi, mamlakat bo‘ylab kasallanganlar soni esa 18 mingdan oshgan. Bu haqda Michigan shtati Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar departamenti hamda CNN telekanalig ma’lum qildi.

Muassasa ma’lumotlariga ko‘ra, infeksiya odatda hayot uchun xavf tug‘dirmaydi va bunday kasallikda o‘lim holatlari kam uchraydi. Biroq Michiganda ikki nafar bemor vafot etgan.

«Michiganda tarqalgan siklosporiaz epidemiyasi davomida ikkita o‘lim holati aniqlandi. Tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki shaxsda ham jiddiy yondosh kasalliklar bo‘lgan va ularning ahvoli siklosporiaz hamda suvsizlanish oqibatida yomonlashgan bo‘lishi mumkin. Ushbu holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilmaydi», — deyiladi bayonotda.

Epidemiya ko‘lami va olib borilayotgan tekshiruvlar

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ham ushbu o‘lim holatlari joriy epidemiyaga aloqador ekanligini tasdiqlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mavsumda AQSHda 18 mingdan ortiq siklosporiaz holati aniqlangan bo‘lib, ularning 6707 tasi laboratoriyada tasdiqlangan, yana 11,5 mingga yaqini qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Michigan shtatining o‘zida esa 11 234 ta kasallanish holati qayd etilib, 193 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Ma’lumot o‘rnida, siklosporiaz ifloslangan oziq-ovqat yoki suv orqali yuqadigan mikroskopik parazit tomonidan chaqiriladi va kuchli diareya bilan kechadi. Davolanmasa, belgilar bir oy va undan ko‘proq davom etishi, bu esa suvsizlanish va og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.

Hozirda FDA (Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi), CDC va shtat rasmiylari infeksiya o‘choqlarini tekshirishda davom etmoqda. Avvalroq ushbu parazit bilan bog‘liq holatlar sababli «Taylor Farms» kompaniyasining aysberg salati partiyalari sotuvdan qaytarib olingan va ularning bir qismi allaqachon iste’mol qilingan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Теглар

Мавзуга оид