Logo

Birovning hisobiga yashash: Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qanday qilib rekord darajada qarzga botdi?

Бугун 18:555 дақиқа

Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 ta davlatning umumiy davlat qarzi rekord darajaga — 15,7 trillion yevroga yetdi. Germaniya, Fransiya va Italiyada tarixiy maksimum qayd etildi. Shunga qaramay, yevropaliklar dabdabali hayot kechirishda davom etmoqda.

Birovning hisobiga yashash: Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qanday qilib rekord darajada qarzga botdi? © ausnews.de

«Yevrostat» ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Yevropa Ittifoqining umumiy davlat qarzi 327,3 milliard yevroga oshib, 15,705 trillion yevroga yetdi. Ta’kidlash joizki, bu statistika yuritila boshlagan 1994 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Eng katta davlat qarzi Fransiyada qayd etildi. Mamlakat qarzi 75,6 milliard yevroga ko‘payib, hozirda 3,5 trillion yevrodan oshgan. E’tiborlisi, Parij aynan Emmanuel Makron boshqaruvi davrida eng ko‘p qarzga botdi. Uning to‘qqiz yillik prezidentligi mobaynida mamlakatning moliyaviy majburiyatlari 1,3 trillion yevroga ko‘paygan.

Ro‘yxatning ikkinchi o‘rnidan Italiya joy oldi. Uning davlat qarzi 62 milliard yevroga ko‘payib, 3,1 trillion yevroga yetdi va tarixiy rekordni yangiladi. Italiyaning qarzdorlik darajasi yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 138,9 foizini tashkil qilmoqda. Bu borada ahvol faqat Gretsiyadagina yomonroq — u yerda qarz miqdori YAIMning 143,5 foiziga teng.

Yetakchi қарздорлар uchligini Germaniya yakunlab beradi. Birinchi chorakda bu mamlakatning qarzi 64 milliard yevroga oshib, 2,9 trillion yevroga yetgan. Ma’lumot o‘rnida, Germaniya, Italiya va Fransiya Yevropa Ittifoqi umumiy qarzining asosiy qismini shakllantiradi. Aynan ushbu davlatlardagi dinamika mintaqaning umumiy statistikasiga eng katta ta’sir ko‘rsatadi.

Shunga qaramay, boshqa Yevropa davlatlari ham qarzdorlik bo‘yicha tarixiy rekordlarni yangilamoqda. Masalan, Ispaniyaning majburiyatlari 1,74 trillion yevroga, Belgiyaniki 706,5 milliard yevroga, Avstriyaniki esa 431,4 milliard yevroga yetdi. Bu ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, hatto nisbatan barqaror iqtisodiyotga ega davlatlar ham qarz yukini asta-sekin oshirib bormoqda.

Sharqiy Yevropa mamlakatlari ham ulardan qolishmayapti. Xususan, Ruminiyada davlat qarzi 229,4 milliard yevrogacha oshgan bo‘lsa, Vengriyada bu ko‘rsatkich 179 milliard yevrodan ortiqni tashkil etmoqda.

Yevropa Ittifoqining nisbatan kichik iqtisodiyotlari ham qarz girdobiga tobora ko‘proq tortilmoqda. Xususan, Слоvaкияда 86,8 milliard, Хорvaтияда 55,2 milliard, Литvaда esa 36,26 milliard yevrolik majburiyat mavjud. Luksemburgning davlat qarzi qariyb 26,5 milliard yevrogacha o‘sgan bo‘lsa, Latviyada bu ko‘rsatkich 20 milliard yevrodan oshadi.

Ushbu raqamlar mazkur salbiy tendensiya istisnosiz butun Yevropa Ittifoqini qamrab olganidan dalolat beradi.

Brussel bu muammoni anglab yetganiga ham bir necha yil bo‘ldi. Hatto 2022 yilda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen «yuqori davlat qarzi degan yangi voqelikni tan olishga» chaqirgan edi.

O‘shandan beri vaziyat faqat yomonlashdi. Endilikda xarajatlarni keskin qisqartirishdan boshqa chora qolmayapti. Masalan, Fransiya 2029 yilga borib budjet kamomadini kamaytirishi shart. Biroq bu borada ham Yevropa Ittifoqi ma’lum istisnolarni qoldirgan. Davlatlarga budjet cheklovlarini chetlab o‘tib, harbiy xarajatlarni oshirishga ruxsat berildi. Masalan, o‘tgan yili Germaniyada «qarz tormozi» deb ataluvchi cheklov yumshatildi. Endilikda mudofaa sohasiga belgilangan davlat qarzi chegarasidan tashqari ham mablag‘ ajratish mumkin. Germaniya rasmiylarining rejalari esa juda ulkan. Birgina 2027 yilda mamlakat Mudofaa vazirligining budjeti 109,7 milliard yevrogacha oshiriladi (taqqoslash uchun: hozirda bu ko‘rsatkich 82 milliard yevroni tashkil etmoqda).

Aslida, Yevropa Ittifoqida qarzlarning qor uyumidek kattalashib ketishiga bir qator fundamental omillar sabab bo‘ldi. Hammasi koronavirus pandemiyasidan boshlangan edi. O‘shanda biznes va aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa rasmiylari iqtisodiyotga misli ko‘rilmagan miqdorda mablag‘ kiritdi. Natijada birgina 2020 yilning o‘zida Yevropa Ittifoqining umumiy davlat qarzi YAIMning 77,5 foizidan 90,7 foizigacha ko‘tarilib ketdi.

Pandemiya davri ortda qoldi deganda, energetika inqirozi boshlanib ketdi. Rossiya gazini yetkazib berish hajmi keskin qisqardi, buning ortidan energiya resurslari narxi osmonga sapchidi. Oqibatda davlatlar yana xarajatlarni ko‘paytirishga majbur bo‘ldi. Brussel inqirozga qarshi subsidiyalar uchun 2022 yilda 187 milliard yevro, 2023 yilda esa yana 145 milliard yevro ajratdi.

Arzon energiya resurslaridan mahrum bo‘lish Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga qattiq zarba berdi. Bu holat ayniqsa avtosanoati chinakam inqirozni boshdan kechirayotgan Germaniya uchun o‘ta og‘ir kechdi. «Mercedes-Benz», «Volkswagen», «BMW» kabi gigant kompaniyalar ishlab chiqarish ko‘lamini qisqartirishga, ishchilar va avtomobil modellari sonini kamaytirishga, shuningdek, zavodlarini ishchi kuchi arzonroq mamlakatlarga ko‘chirishga majbur bo‘lmoqda.

Yaqin Sharqdagi mojarolar ham energiya resurslari narxining oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Neft va gazning birjadagi kotirovkalari yana yuqoriladi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash doirasida harbiy xarajatlarni yanada oshirishni rejalashtirmoqda. Xususan, «ReArm Europe» rejasiga ko‘ra, mudofaa ehtiyojlari uchun 800 milliard yevro yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ning asosiy qismini YI mamlakatlarining o‘zi topishi kerak. Bu yerda esa yangi qarzlarsiz ish bitmaydi.

Ukrainani moliyalashtirish — Yevropa Ittifoqining yana bir salmoqli xarajat yo‘nalishi hisoblanadi. Masalan, birgina Germaniya to‘rt yil ichida Kiyevga qariyb 55,5 milliard yevrolik harbiy yordam taqdim etdi yoki shu maqsad uchun mablag‘ zaxira qildi. NATOning iyul oyidagi sammitida esa ittifoqchilar bu yil Ukrainaga 70 milliard yevrolik harbiy yordam va uskunalar ajratish majburiyatini oldi. Kelasi yilda ham kamida shu darajadagi moliyaviy ko‘makni davom ettirish rejalashtirilmoqda.

Muqarrar oqibatdan qochib qutulib bo‘lmaydimi?

Agar mazkur tendensiya saqlanib qolsa, Yevropa Ittifoqi yanada chuqurroq qarz botqog‘iga botish xavfi ostida qoladi. Budjet kamomadi surunkali tus olgan mamlakatlar eng zaif nuqtada turibdi. Bu o‘rinda gap, birinchi navbatda, Fransiya haqida bormoqda.

Qarz foizlarini to‘lashga qancha ko‘p mablag‘ ketsa, mudofaa, infratuzilma va ijtimoiy dasturlar uchun shuncha kam pul qoladi. Oqibatda iqtisodiyot sekinlashadi va qarz dinamikasi yanada yomonlashadi. Hukumatning moliyaviy manyovr qilish imkoniyatlari tobora torayib boradi, bu esa, o‘z navbatida, siyosiy keskinlikni kuchaytiradi.

Ekspertlarning ogohlantirishicha, xavf hududida Fransiyadan tashqari Italiya, Belgiya, Ispaniya va Avstriya ham bor. Vaqt o‘tgani sayin vaziyat faqat yomonlashmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Fransiya — bu yagona holat emas, balki inqirozning eng yaqqol namunasidir.

Masalan, Yaponiya YAIMning qariyb 205 foiziga teng qarz bilan yashamoqda. AQSHda bu ko‘rsatkich allaqachon 126 foiz atrofida. Xitoyda esa, agar mahalliy hukumatlar va davlat kompaniyalarining majburiyatlari ham hisobga olinsa, rasmiy 85–90 foizlik ko‘rsatkich amalda YAIMning taxminan 135 foiziga aylanadi. Xalqaro valuta jamg‘armasining Budjet masalalari bo‘yicha departamenti rahbari Vitor Gasparning baholashicha, 2029 yilga borib global davlat qarzi YAIMning 100 foizidan oshadi va bu 1948 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi.

Shu sababli, muammo ko‘ringanidan ham kengroq bo‘lib, faqatgina Yevropa mintaqasi bilan cheklanib qolmaydi. Ekspertlarning ogohlantirishicha, yaqin o‘n yillikda qarz bozorlaridagi beqarorlik butun rivojlangan dunyoni qamrab olishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид