Bitkoin davri tugadimi? Sun’iy intellekt «raqamli oltin»ni ortda qoldirmoqda
Bitkoin sakkiz oy ichida ikki baravarga arzonlashdi. Mutaxassislar sarmoyalar endi kriptovalyutalardan sun’iy intellekt sohasiga oqib o‘tayotganini ta’kidlamoqda.

2025 yil kuzida 126 000 dollarlik rekord darajaga chiqqan bitkoin, ommaviy sotuvlar to‘lqini fonida 60 000 dollardan biroz yuqoriroq ko‘rsatkichgacha quladi. Oqibatda, so‘nggi sakkiz oy ichida kriptobozor 1,2 trillion dollar yo‘qotdi. Bu esa Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri kuzatilgan barcha o‘sishlarni yo‘qqa chiqardi.
5-iyun kuni bitkoin o‘zining 2024 yilda Tramp qayta saylanishidan oldingi davrdan beri eng past ko‘rsatkichini qayd etdi.
Bu Trampning ikkinchi muddati boshlanishidagi holatga nisbatan keskin burilishdir. O‘sha paytda kriptovalyutaga do‘stona munosabatda bo‘lgan yangi ma’muriyatdan kutilayotgan umidlar rekord darajadagi o‘sishlarga turtki bergan edi. Eslatib o‘tamiz, bitkoin prezidentlik saylovlaridan bir oy o‘tib, tarixda birinchi marta 100 000 dollarlik marrani bosib o‘tgandi.
Biroq shundan beri bozordagi kayfiyat o‘zgardi. Joriy yilda kriptovalyuta qariyb 30 foizga, Tramp o‘z lavozimiga kirishganidan beri esa 6 foizdan ko‘proqqa arzonlashdi. Ayni paytda, «S&P 500» indeksi bu yil qariyb 10 foizga, Trampning ikkinchi muddati boshlanganidan buyon esa 30 foizga o‘sdi.
Bitkoinning so‘nggi rekordlaridan keyingi sakkiz oylik turg‘unlik ba’zi investorlarni o‘z aktivlarini sotishga undagan bo‘lsa, boshqalarni kriptovalyutaning investitsion portfeldagi o‘rnini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Masalan, «Farside Investors» ma’lumotlariga ko‘ra, «BlackRock»ning asosiy bitkoin ETF’idan 15-maydan 3-iyungacha bo‘lgan har bir savdo sessiyasida muntazam ravishda sof sarmoya chiqib ketishi kuzatilgan.
Fevral oyining oxirida Eron bilan urush boshlanganda bitkoin narxi ko‘tarilib ketdi. Bu esa tahlilchilarda «bitkoin o‘zining 'raqamli oltin' maqomini yoki iqtisodiy noaniqliklarga qarshi himoya vositasi sifatidagi o‘rnini qaytarib olarmikan?» degan savolni uyg‘otdi. Ammo ko‘p o‘tmay kriptovalyuta ushbu o‘sish pozitsiyalarini yana boy berdi.
Ayni paytda, AQSH fond bozori urush fonidagi dastlabki qulashlardan so‘ng qayta tiklandi va hatto bir qator rekord ko‘rsatkichlarga erishdi. Haqiqiy oltin narxi esa bu yil o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, Tramp lavozimga kirishganidan beri 60 foizga o‘sgan.
«Menimcha, bitkoin o‘z yo‘nalishini yo‘qotdi», — dedi taniqli tadbirkor va «Shark Tank» dasturi investori Mark Kyuban may oyida «Front Office Sports» podkastiga bergan intervyusida.
Kriptovalyutadagi aktivlarining aksariyat qismini sotganini ta’kidlagan Kyuban «u men kutgandek ishonchli himoya vositasi bo‘lib chiqmadi va bu haqiqatan ham hafsalamni pir qildi», dedi.
Bitkoinning qulashiga nima sabab bo‘ldi?
Bitkoin 10 oktabrda milliardlab dollarlik likvidatsiyalarga sabab bo‘lgan keskin qulashdan so‘ng haligacha o‘zini o‘nglay olgani yo‘q. Aksiyalar va oltin kabi boshqa aktivlar esa undan o‘zib ketdi. O‘shandan beri bozorga boshqa qator omillar ham qo‘shilib, bosimni yanada oshirdi.
Butun boshli kriptoindustriya bu pasayishning zarbasini his qildi. Xususan, «Coinbase» (COIN) kriptobirjasining aksiyalari joriy yilda qariyb 30 foizga arzonlashdi.
Tahlilchilarning fikricha, so‘nggi haftalarda sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqishning keskin ortishi sarmoyadorlar e’tiborini kriptovalyutalardan chalg‘itmoqda. Masalan, Ilon Maskning sun’iy intellekt yo‘nalishiga ham ega bo‘lgan «SpaceX» (raketa va sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqaruvchi) kompaniyasi kabi yirik loyihalarning mega-IPO jarayonlari atrofidagi hayajon kriptobozordagi shov-shuvlarning o‘rnini egallayotgan bo‘lishi mumkin.
«Juda ko‘p spekulyativ sarmoyalar bitkoinni sotib, sun’iy intellekt ortidan quvayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas», — deydi «Farside Investors» kompaniyasi bosh direktori Jonatan Biyer.
Yana bir omil — inflatsiya va AQSH Federal zaxira tizimining foiz stavkalari bo‘yicha siyosatidagi noaniqlikdir. Inflatsiya bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichli hisobotlar va bandlik to‘g‘risidagi barqaror ma’lumotlar ayrim treyderlar hamda iqtisodchilarni yuqori stavkalar yana uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, degan xulosaga undamoqda.
Yuqori stavkalar va qattiq monetar siyosat bilan bog‘liq xavotirlar kriptobozorga jiddiy bosim o‘tkazmoqda, deydi «Hashdex Asset Management» kompaniyasining global bozorlar tahlili bo‘limi rahbari Jerri O'Shi.
«Odatda, moliya tizimida likvidlik ko‘proq va foiz stavkalari pastroq bo‘lgan muhitda kriptobozor o‘zini erkinroq his qiladi. Hozir esa bu borada noaniqlik hukm surmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.
Bitkoinning eng yirik egalaridan biri bo‘lgan «MicroStrategy» (MSTR) kompaniyasi ham bozorga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bu kompaniya doimiy ravishda bitkoin sotib oladi va shu orqali o‘z investorlariga ushbu aktivdan ulushga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Biroq o‘tgan haftada «MicroStrategy» 2022 yildan beri ilk bor 32 ta bitkoin sotganini ma’lum qildi. Ushbu xabar ortidan kriptovalyuta narxi 17 foizdan ko‘proqqa quladi va bozor 2022 yilning noyabridan beri eng yomon haftani qayd etdi.
Ammo hozirda «MicroStrategy» o‘z yo‘nalishini yana o‘zgartirib, 1550 ta bitkoin sotib olgan. Bu qadam butun kriptoindustriya bo‘ylab qayta tiklanish to‘lqinini keltirib chiqardi.
Kriptovalyutani kelajakda nima kutmoqda?
Yaqin kelajakda kriptovalyuta sanoati uchun eng katta turtki vazifasini «CLARITY» («Aniqlik») qonuni o‘tab berishi mumkin. Ushbu hujjat sohani tartibga soluvchi qoidalarni belgilab, kriptoindustriyani to‘laqonli qonuniylashtirishga xizmat qiladi. Ayni paytda mazkur qonun loyihasi AQSH Kongressida qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, «CLARITY» qonuni qiymati AQSH dollariga bog‘langan steyblkoinlar hamda «Ethereum» kabi boshqa kriptoaktivlar uchun ham aniq tartib-qoidalarni joriy etadi.
«Hashdex» vakili O'Shining ta’kidlashicha, agar ushbu qonun qabul qilinsa, u butun kriptobozorda narxlarning yana o‘sishiga sabab bo‘luvchi asosiy «katalizator»ga aylanadi.





