Logo

Dunyoda islom moliyasi aktivlari 6,5 trln dollarga yetdi

Бугун 21:102 дақиқа

Ushbu mablag‘larning 71 foizi islom banklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Sukuk qimmatli qog‘ozlarining muomaladagi umumiy qiymati 1,1 trln dollardan oshdi. Aktivlarning hajmi 2030-yilgacha har yili o‘rtacha 9 foizdan o‘sishi mumkin.

Dunyoda islom moliyasi aktivlari 6,5 trln dollarga yetdi © islamnews.ru

1975-yilda ilk zamonaviy tijorat islom banki tashkil etilganidan buyon soha katta taraqqiyotga erishdi. Bugungi kunda 98 ta mamlakatda islom moliyasi aktivlarining umumiy hajmi taxminan 6,5 trillion dollarga yetdi.

Mablag‘larning 71 foizi islom banklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 2025-yilda islom moliyasiga oid sukuk qimmatli qog‘ozlarining muomaladagi umumiy qiymati 1,1 trillion dollardan oshdi. Sukuk — an’anaviy obligatsiyalardan farqli ravishda, islom moliyasi tamoyillari asosida chiqariladigan qimmatli qog‘ozlardir.

Kelgusi yillarda ham bu soha jadal rivojlanishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib jahondagi islom moliyasi aktivlari hajmi 10,5 trillion dollarga yetishi mumkin. Bu har yili o‘rtacha 9 foiz o‘sishni anglatadi.
Islom banklari aktivlari 7,3 trillion dollarga yaqinlashishi, sukuk qimmatli qog‘ozlarining umumiy qiymati esa 2 trillion dollarga yetishi mumkin.

Biroq soha rivoji faqat bozor hajmining ortishi bilan cheklanmaydi. Buning uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar ham kerak bo‘ladi. 10 trillion dollardan oshadigan islom moliyasi bozorida shariat qoidalarini chuqur tushunadigan, shu bilan birga sun’iy intellekt, raqamli moliya, ekologik barqarorlik, tavakkalchilikni boshqarish, moliyaviy tahlil va yangi texnologiyalar bo‘yicha bilimga ega kadrlarga talab ortadi.

«Islamic Finance Development Report 2026» hisobotida ta’kidlanishicha, shu sababli ta’lim islom moliyasi sohasining chetdagi yo‘nalishi emas, balki uning kelgusi rivojlanishidagi asosiy omillaridan biriga aylanishi kerak. Soha qanchalik tez rivojlansa, uning talablariga javob bera oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash ham shunchalik muhim bo‘ladi.

Malayziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Pokiston kabi islom moliyasi rivojlangan mamlakatlar sohada yetakchilik qilishda davom etmoqda. Shu bilan birga, IFDI ko‘rsatkichlariga asoslangan joriy yilgi hisobotda bu yo‘nalishda rivojlanayotgan boshqa mamlakatlarda ham sezilarli o‘sish kuzatilayotgani qayd etilgan.

Xususan, Afrikada va Markaziy Osiyoda qonunchilikdagi islohotlar, bozorga yangi kompaniya va moliya tashkilotlarining kirib kelishi hamda soha uchun zarur infratuzilmaning rivojlanishi islom moliyasining kengroq tarqalishiga xizmat qilmoqda. Bu esa yangi investitsiyalarni jalb qilish va bozorni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘zbekiston, Tanzaniya, Gana, Uganda va Somali kabi mamlakatlarda amalga oshirilayotgan ishlar ham shariat tamoyillariga mos moliyaviy xizmatlarga xalqaro miqyosda qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotda islom moliyasini rivojlantirish uchun qulay qonunchilik bazasi va mustahkam moliyaviy institutlarni shakllantirish muhimligi ham ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda islomiy banklar aktivlari qariyb 33 barobar oshgandi. 

Теглар

Мавзуга оид