«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi — SSV

Бугун 12:562 дақиқа

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2025 yilda qabul qilingan buyruqni bekor qilishni rejalashtirayotgani haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikda «elektron retsept» tizimi to‘xtatiladi, degan noto‘g‘ri xulosalarga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan vazirlik yangi buyruq loyihasi mazmuni noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ta’kidlab, rasmiy tushuntirish berdi.

«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi — SSV © stock

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi «elektron retsept» tizimi bekor qilingani haqidagi xabarlar noto‘g‘ri talqin ekanini ma’lum qildi. Muhokamaga qo‘yilgan hujjat loyihasi tizimni tugatish emas, balki uni joriy etish bo‘yicha eski tartibni bekor qilishni nazarda tutadi.

Qayd etilishicha, 2025 yil 15-dekabrdagi 25-sonli buyruqda «elektron retsept» asosida beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bosqichma-bosqich shakllantirish belgilangan edi. Unga ko‘ra, dastlab antibiotiklar, sintetik antibakterial hamda gormonal preparatlar uchun «elektron retsept» majburiy tartibda joriy etilgan.

Vazirlik izohiga ko‘ra, yangi buyruq loyihasi mazkur tizimni yanada kengaytirishga qaratilgan. Unga muvofiq, Toshkent shahri va tajriba-sinov amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarda retsept talab qilinadigan dori vositalari elektron shaklga o‘tkaziladi.

Qamrov kengayadi

Yangi yondashuv «elektron retsept» tizimini faqat ayrim dorilar bilan cheklab qo‘ymasdan, barcha retsept talab qilinadigan dori vositalariga tatbiq etishni nazarda tutadi. Bu orqali dori aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirish va shaffoflikni ta’minlash maqsad qilingan.

Shu bilan birga, ayrim toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi dorilar, tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan preparatlar, shuningdek reimbursatsiya dasturiga kiruvchi dori vositalari ushbu tizimdan mustasno bo‘lib qoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar hujjat mazmunini noto‘g‘ri tushunish natijasida yuzaga kelgan. Aslida, hujjat loyihasi huquqiy bazani tartibga solish va tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri va mamlakatning 15 ta tuman/shaharlarida dorixonalarda retsept bo‘yicha dori vositalarini faqat «elektron retseptlar» bo‘yicha sotish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tizim joriy etilishi Vazirlar Mahkamasining 8-sentabrda chiqarilgan va 12-dekabrdan kuchga kiradigan qarorida belgilab qo‘yilgan. 2026 yil oxirigacha yangi tizimni mamlakatning barcha hududlarida joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Теглар

Мавзуга оид