FVV xodimiga 30 ming dollar pora taklif qilgan tadbirkor ushlandi
Tadbirkor pora evaziga kamchiliklari bartaraf etilmagan 12 qavatli turar joy majmuasini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha arizani ijobiy hal qildirmoqchi bo‘lgan.

Poytaxtda faoliyat yurituvchi tadbirkor Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xodimiga 30 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan vaqtida ushlandi. U mablag‘ni 12 qavatli turar joy majmuasini foydalanishga qabul qilish masalasini ijobiy hal etish evaziga bermoqchi bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkor rahbarlik qilayotgan MCHJ tomonidan Yakkasaroy tumanida barpo etilgan turar joyda bir qator kamchiliklar bartaraf etilmagan bo‘lgan.
Shunga qaramay, u «Nazorat.MS.UZ» elektron portali orqali taqdim etiladigan arizani ijobiy ko‘rib chiqishni ta’minlash maqsadida mansabdor shaxsga noqonuniy taklif bildirgan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi ushbu holat yuzasidan tegishli idoralarni xabardor qilgan. Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi va boshqa mas’ul tuzilmalar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida MCHJ rahbari pul mablag‘ini topshirayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Holat bo‘yicha tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi, ya’ni pora berish jinoyatining 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ayni paytda unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.





