G‘arbiy sohilda «katta talon-toroj»: Isroil falastinliklarning yerlarini davlat ro‘yxatiga olishni boshladi
Isroil hukumati yarim asrdan ortiq vaqt o‘tib, falastinliklarga tegishli yerlarini ro‘yxatga olishga qaror qildi. Bu G‘arbiy sohil ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish yo‘lidagi eng keskin qadam hisoblanadi. Isroil hukumati buni «inqilob» deb atasa, ekspertlar esa «etnik tozalash» deb baholamoqda.

Isroil hukumati bosib olingan G‘arbiy sohildagi yerlarni ro‘yxatga olishni boshlash rejasini ma’qulladi. Bu esa o‘z navbatida egalik huquqini isbotlay olmagan falastinliklarning yerlarini tortib olish imkonini beradi.
Isroil 1967 yilda G‘arbiy sohilni bosib olganidan beri ilk bor ushbu hududlarni, aniqrog‘i «C» hududidagi yerlarni davlat mulki sifatida ro‘yxatga oladi — bu jarayon yerga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish deb ham ataladi.
«C» hududi G‘arbiy sohilning Isroil bevosita nazorati ostida qolayotgan qismi bo‘lib, u mintaqa umumiy maydonining qariyb 60 foizini tashkil etadi. Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yerlarni ro‘yxatga olishni qayta tiklash taklifini Moliya vaziri Betsalel Smotrich, Adliya vaziri Yariv Levin va Mudofaa vaziri Israel Kats birgalikda ilgari surgan. Moliya vaziri ushbu qadamni go‘yo «barcha yerlarini nazorat qilish yo‘lidagi turar joylar inqilobining» davomi degan.
Falastin hukumati ushbu qarorni G‘arbiy sohilni amalda (de-fakto) anneksiya qilish, deb baholadi. Bu o‘n yillar davomida xalqaro huquq normalariga zid ravishda G‘arbiy sohilda yahudiy turar joylarini barpo etish jarayonini rasmiylashtirish demakdir.
Bosib olingan yerlarni ro‘yxatga olish jarayoni nimani anglatadi?
1949 yildan 1967 yilgacha G‘arbiy sohil Iordaniya nazorati ostida bo‘lgan davrda ma’muriyat asosan Britaniya mandati davridagi yerga egalik tartibiga tayangan bo‘lib, unga ko‘ra yerlar davlat yoki xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan.
Biroq G‘arbiy sohildagi yerlarning atigi uchdan bir qismi ushbu jarayon doirasida rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Mintaqada istiqomat qiluvchi ko‘plab falastinliklarda o‘z yerlariga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yoki boshqa dalillar mavjud emas edi. Ularning ko‘pchiligi 1967 yildagi olti kunlik arab-isroil urushi davrida hujjatlarini yo‘qotgan yoki bu hujjatlar yo‘q qilingan edi. Mazkur urushda Isroil G‘arbiy sohilni bosib olgan.
Isroil G‘arbiy sohil ustidan nazoratni o‘rnatgach, yerlarni ro‘yxatga olish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Endi hukumat ushbu jarayonni qayta tiklashga qaror qildi, bu esa ko‘plab Isroil inson huquqlari tashkilotlari va siyosiy tahlilchilar tomonidan keskin qoralanmoqda.
G‘arbiy sohilda faoliyat yurituvchi siyosiy tahlilchi Ksaver Abu Eyd Isroil hukumatining bu harakatini «Falastin hududlarining amaldagi anneksiyasi» deb ta’rifladi.
«Ular anneksiyani oddiy byurokratik jarayon niqobi ostida amalga oshirmoqdalar», — dedi u «Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qaror «etnik va diniy mansublikka qarab ikki xil qonunchilik tizimini joriy qiluvchi mustamlakachi kuch mavjudligi haqidagi tushunchani, ya’ni aparteidni yana bir bor tasdiqlaydi».
Yerlarni ro‘yxatga olish qayerda amalga oshiriladi?
1993 va 1995 yillarda Isroil hamda Falastin ozodlik tashkiloti o‘rtasida Oslo kelishuvlari imzolangan edi. Mazkur kelishuvlar G‘arbiy sohil va G‘azoning ma’muriy boshqaruv tartibini belgilab berdi hamda bosib olingan G‘arbiy sohilni uchta hududga — «A», «B» va «C» zonalariga ajratdi.
Yangi tashkil etilgan Falastin milliy ma’muriyatiga yerlarning 18 foizi («A» hududi) ustidan to‘liq ma’muriy nazorat, 22 foizi («B» hududi) ustidan esa Isroil bilan birgalikda qo‘shma nazorat huquqi berildi. «C» hududi esa to‘liqligicha Isroil harbiy nazorati ostida qoldi. Ushbu taqsimot besh yil davomida amal qilishi, shundan so‘ng to‘liq ma’muriy boshqaruv Falastin milliy ma’muriyatiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bu jarayon amalga oshmay qoldi.
Endilikda qayta tiklanayotgan yerlarni ro‘yxatga olish jarayoni 300 mingdan ortiq falastinlik istiqomat qiladigan «C» hududiga nisbatan qo‘llaniladi.
Isroilning yahudiy turar joylari qurilishiga qarshi chiquvchi «Peace Now» guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, «C» hududidagi yerlarning qariyb 58 foizi hanuzgacha ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Guruh e’lon qilgan bayonotida Isroil hukumatining ushbu harakati ro‘yxatga olingan-olinmagan barcha yerlar ustidan Isroilning to‘liq nazoratini o‘rnatishga xizmat qilishi haqida ogohlantirdi.
Ro‘yxatga olish jarayoni qanday bo‘lib o‘tadi?
Isroil rasmiylari jarayon qanday kechishi haqida juda kam ma’lumot bergan bo‘lsa-da, ekspertlarning ma’lum qilishicha, u asosan yerga bo‘lgan qonuniy egalik huquqini Isroil davlati tasarrufiga o‘tkazish va so‘nggi yillarda Sharqiy Quddusda kuzatilgani kabi falastinliklarni o‘z uylaridan majburan ko‘chirib yuborishni nazarda tutadi.
Isroilning yer va uy-joy huquqlari bilan shug‘ullanuvchi «Bimkom» inson huquqlari tashkiloti tadqiqot bo‘limi rahbari Mixal Brayerning aytishicha, Isroil rasmiylari G‘arbiy sohilda ham 2018 yildan beri Sharqiy Quddusda qo‘llanilayotgan usuldan foydalanishi ehtimoli yuqori.
«Bimkom» ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yildan 2024 yilga qadar Sharqiy Quddusda rasmiylashtirilgan yerlarning atigi 1 foizi falastinliklar nomiga ro‘yxatga olingan.
Brayerning ta’kidlashicha, Isroil dastlab ro‘yxatga olmoqchi bo‘lgan hududlarni tanlab oladi. Hukumat kelgusi to‘rt yil ichida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yerlarning qariyb 15 foizini rasmiylashtirishni maqsad qilgan.
«Hozirgi kunda bu 15 foizga aynan qaysi yerlar kirishini taxmin qilish qiyin emas — bular davlat egaligini isbotlash oson bo‘lgan yoki falastinliklarning da’volarini rad etish qulay bo‘lgan hududlardir. Chunki ro‘yxatdan o‘tkazilmagan ko‘plab yerlarning aniq arxivi yo‘q, mavjud hujjatlar esa juda qadimiy tarixga ega. Shu bois, falastinliklar uchun o‘z egalik huquqini isbotlash o‘ta mushkul bo‘ladi», — deydi u «Al Jazeera»ga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nazariy jihatdan falastinliklar yangi jarayon doirasida yerga egalik qilish bo‘yicha da’vo arizasi topshirishlari mumkin, biroq amalda bunga yo‘l qo‘yilmasligi ehtimoli katta.
«Ular da’vo arizasi topshirgan taqdirda ham, belgilangan huquqiy mezonlarga javob berish deyarli imkonsiz. Buning ustiga, "Egasiz mulklar to‘g‘risida"gi qonun muammosi ham bor. Ushbu qonun yerlarni davlat tasarrufiga o‘tkazadi, biroq uning bosib olingan G‘arbiy sohilda aynan qanday qo‘llanilishi hali aniq emas. Shu sababli, falastinliklarning shaxsiy mulkiy huquqlaridan mahrum bo‘lish xavfi juda yuqori», — deya qo‘shimcha qildi u.
1950 yilda qabul qilingan Isroilning «Egasiz mulklar to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, davlat «egasiz» deb topilgan shaxslarning mulkini musodara qilish huquqiga ega. Bu toifaga 1947 yil 29-noyabrdan (BMT Bosh Assambleyasi Britaniya mandatini tugatish hamda Falastin va Yahudiy davlatlarini tuzish haqida rezolyutsiya qabul qilgan kun) keyin mamlakatdan quvilgan, qochib ketgan yoki uni tark etgan shaxslar kiradi. Isroil davlati ushbu sanadan olti oy o‘tmay tashkil topgan edi.
Brayerning fikricha, yerlarni ro‘yxatga olish jarayoni «shu paytgacha turli sabablarga ko‘ra egallab bo‘lmagan yerlarni tortib olish, ko‘proq yahudiy turar joylarini qurish va falastinliklarni «C» hududidan siqib chiqarish uchun navbatdagi mexanizm bo‘lib xizmat qiladi».
«The Times of Israel» nashri xabariga ko‘ra, yerlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bilan bog‘liq hukumat qarori 2026 yildan 2030 yilgacha «C» hududida ushbu jarayonni amalga oshirish uchun 79 million dollar miqdorida dastlabki budjet ajratishni ko‘zda tutadi. Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, mazkur hududda allaqachon fuqarolik va harbiy nazoratni o‘rnatgan Isroil bu jarayonni boshlash uchun 35 ta vazirlik lavozimini hamda maxsus davlat agentliklarini tashkil etadi.
Bu jarayon Falastin jamoatchiligi uchun nimani anglatadi?
«Peace Now» tashkiloti Isroil hukumatining G‘arbiy sohilda yerlarni ro‘yxatga olishni qayta tiklash haqidagi qarorini «Falastin mulkini ommaviy ravishda egallab olish» deb baholadi.
Siyosiy tahlilchi Abu Eydning fikricha, hukumat amalga oshirmoqchi bo‘lgan yerlarni ro‘yxatga olish jarayoni «to‘liq ko‘lamli etnik tozalash siyosati» bo‘lib, u Isroilning «Falastin ishini yo‘q qilishga bo‘lgan urinishlaridagi burilish nuqtasi» sifatida esda qoladi. Shu bilan birga, u Isroil hukumatining bu qarori o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaganini, balki Isroil yillar davomida «yahudiy ko‘chmanchilarining terrorchilik hujumlari to‘lqiniga hamda butun G‘arbiy sohil bo‘ylab mustamlakachi turar joylar kengayishiga yo‘l qo‘yib bergani» natijasi ekanini ta’kidladi.
«Umuman olganda, falastinliklar nafaqat o‘z yerlari va tabiiy boyliklaridan mahrum qilinmoqda, balki Isroil rejimi va xalqaro hamjamiyat tomonidan mutlaqo jazosiz qolayotgan hujumlarga ham duchor bo‘lmoqda. Masalan, Yerixo yaqinidagi Al-Auja hududida bir necha oy oldin yashagan 100 ta falastinlik oiladan bugungi kunga kelib birontasi ham qolmagan», — deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil G‘arbiy sohildan haydalgan minglab odamlar Iordaniyaga o‘tib ketishini kutmoqda.
«Isroil hukumati a’zolari tomonidan yangrayotgan, ya’ni Iordaniya Falastinga aylantirilishi kerak, Falastin esa sionistik loyiha ixtiyorida qolishi lozim, degan ig‘volarni ham unutmaslik kerak», — deydi tahlilchi.
Falastinliklarning yerga egalik huquqlari bunga qadar qanday poymol qilingan?
G‘arbiy sohilda qariyb 3,3 million falastinlik istiqomat qiladi. Mintaqa 11 ta gubernatorlikka bo‘lingan bo‘lib, Xevron 842 000 aholi bilan eng gavjum hudud hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinlarda Quddus (500 000), Nablus (440 000), Ramalloh va al-Bira (377 000) hamda Jenin (360 000) turadi.
1967 yildagi Isroil okkupatsiyasidan buyon falastinliklar yerlarining musodara qilinishi va noqonuniy yahudiy turar joylarining kengayishi qurboni bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda 700 000 ga yaqin isroillik G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi Falastin yerlarida barpo etilgan, faqat yahudiylar uchun mo‘ljallangan turar joylarda yashaydi. Bu manzillar bitta uydan tortib, ko‘p qavatli binolar majmuasigacha bo‘lgan ko‘rinishga ega.
O‘tgan yili Isroil hukumati ushbu mintaqada «amaldagi suverenitet»ni mustahkamlash maqsadida yangi turar joylar qurishni ma’qulladi.
Umuman olganda, 2022 yildan buyon G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi turar joylar va punktlar soni qariyb 50 foizga oshib, 141 tadan 210 taga yetgan.
Isroil falastinliklarning yerga bo‘lgan huquqlarini poymol qilish bilan bir qatorda, G‘arbiy sohilda tez-tez reydlar o‘tkazib turadi. Bu yerda falastinliklar doimiy ravishda nazorat-o‘tkazish punktlari, asossiz hibsga olishlar, uylarning buzib tashlanishi va ko‘chmanchilarning hujumlariga duch kelishadi.
Isroilning «B'Tselem» inson huquqlari tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yillarda ko‘chmanchilarning hujumlari oqibatida G‘arbiy sohil bo‘ylab 44 ta jamoa majburan ko‘chirilgan. Ushbu hujumlar falastinliklarning o‘limiga ham sabab bo‘lmoqda. Isroilning G‘azodagi urushi boshlangan 2023 yil 7 oktabrdan buyon ko‘chmanchilarning hujumlari yanada kuchaygan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktabrdan joriy yilning 5-fevraliga qadar G‘arbiy sohilda Isroil harbiylari va ko‘chmanchilari tomonidan kamida 1 054 nafar falastinlik o‘ldirilgan.
Isroilning ro‘yxatga olish jarayoni qonuniymi?
2024 yilda Xalqaro sud Isroilning «yer va mulklarni musodara qilishi, aholini ko‘chirishi hamda bosib olingan hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga qaratilgan qonunchiligi mutlaqo asossiz va mavjud huquqiy maqomni o‘zgartira olmaydi», degan qarorni chiqardi.
Xalqaro sud, shuningdek, Isroilning Falastin hududlarini uzoq vaqtdan beri okkupatsiya qilib kelayotganini noqonuniy deb topdi va bu jarayon «imkon qadar tezroq» tugatilishi shartligini ta’kidladi.
Brayerning fikricha, Isroil hukumatining yerlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha so‘nggi qarori ham xalqaro huquq normalariga zid keladi.
«Xalqaro huquq normalari juda aniq: bosqinchi davlat sifatida Isroil okkupatsiya qilingan hududlarda suveren vakolatlarni, jumladan, yerga egalik masalasini uzil-kesil hal qila olmaydi», — dedi u.
«Bu pozitsiya Xalqaro sudning 2024 yildagi maslahat xulosasida ham o‘z tasdig‘ini topgan. Unda Sharqiy Quddusdagi yer huquqlarini rasmiylashtirish bo‘yicha shunga o‘xshash jarayonlar okkupatsiya qonunchiligini buzishi qayd etilgan», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Bu Isroil va Iordaniya o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi uchun nimani anglatadi?
1994 yil 26 oktabrda Isroil va Iordaniya o‘rtasida Vadi Araba shartnomasi imzolangan bo‘lib, u 1948 yilda Isroil davlati tashkil etilgandan buyon ushbu ikki davlat o‘rtasida davom etib kelayotgan urush holatiga rasman chek qo‘ygan edi.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, Isroil va Iordaniya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan, hududlarni o‘zaro almashishga kelishilgan hamda savdo, turizm, transport, suv resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlik uchun yo‘l ochilgan. Shuningdek, Iordaniya Isroil va Falastin o‘rtasida «ikki davlat» tamoyiliga asoslangan yechim o‘rnatilishini ta’minlash maqsadida ushbu hujjatni imzolagan edi.
Biroq Iordaniya jamoatchiligi, muxolifat va inson huquqlari tashkilotlari Isroilning Falastindagi davomli agressiyasi sababli hukumatni Isroil bilan aloqalarni uzishga bir necha bor chaqirdi. 2014 yilda Quddusdagi Al-Aqso masjidida Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlardan so‘ng ko‘plab iordaniyaliklar ko‘chalarga chiqib, hukumatdan Isroil bilan tinchlik shartnomasini bekor qilishni talab qilishgan. 2024 yilda ham Isroilning 70 mingdan ortiq falastinlikning hayotiga zomin bo‘lgan G‘azodagi qirg‘inbarot urushi fonida iordaniyalik faollar tomonidan shunday chaqiriqlar yangradi.
15-fevral kuni Isroil va G‘arbiy sohil bilan 482 kilometrlik umumiy chegaraga ega bo‘lgan Iordaniya Isroilning G‘arbiy sohilda yerlarni ro‘yxatga olishni qayta tiklash haqidagi qarorini keskin qoraladi. Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning bu harakatini «xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi.
Abu Eydning so‘zlariga ko‘ra, Isroil yillar davomida Iordaniya-Isroil tinchlik kelishuvi tamoyillariga zid ravishda harakat qilib kelmoqda.
«Agar tinchlik kelishuvlari hamkorlikni kuchaytirish va "ikki davlat" yechimini o‘rnatish uchun sharoit yaratishga qaratilgan bo‘lsa, Isroil ushbu tamoyillarga qarshi chiqib, kengaytirishga asoslangan "Buyuk Isroil" g‘oyasini amalga oshirishga intilmoqda», — deydi u.
Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, «Iordaniya bunday masalalarga jiddiy yondashadi va albatta boshqa mintaqaviy hamda xalqaro ittifoqchilar bilan birgalikda jamoaviy chora ko‘rish yo‘llarini izlaydi».




