Logo

G‘azo va Ukraina: urushdan keyingi qayta qurishga qancha kerak?

Ukrainani qayta qurish xarajatlari G‘azoni tiklash uchun zarur mablag‘dan qariyb sakkiz baravar yuqori baholanmoqda. Urush tugagan taqdirda ham, uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish jarayoni yana uzoq yillar davom etishi mumkin.

G‘azo va Ukraina: urushdan keyingi qayta qurishga qancha kerak?

Urushlar tugaydi, ammo ularning iqtisodiy oqibatlari o‘nlab yillar davomida saqlanib qoladi. Bugun G‘azo va Ukraina bunga yaqqol misol bo‘lib turibdi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki hududni qayta tiklash uchun jami qariyb 660 mlrd dollar talab etiladi.

BMT, Yevropa Ittifoqi va Jahon bankining 2026 yil aprel oyidagi bahosiga ko‘ra, G‘azoni qayta qurish uchun kelasi o‘n yil ichida 71,4 mlrd dollar zarur.

Hisobotda qayd etilishicha, urush natijasida 371 mingdan ortiq uy-joy vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan. Iqtisodiyot hajmi esa qariyb 84 foizga qisqargan.

Eng og‘ir zarba aholi zimmasiga tushgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 72,5 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, aholining taxminan 60 foizi yoki 1,9 million kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, urush oqibatlari G‘azoning inson taraqqiyoti darajasini 77 yil orqaga surib yuborgan.

Ukraina uchun hisob-kitoblar yanada kattaroq raqamlarni ko‘rsatmoqda.

Jahon banki, BMT, Yevropa komissiyasi va Ukraina hukumati qayd etishicha, mamlakatni tiklash uchun keyingi o‘n yilda 588 mlrd dollar kerak bo‘ladi.

Bu mablag‘ Ukraina iqtisodiyotining bir yillik hajmidan qariyb uch baravar ko‘p.

Eng katta zarar transport, energetika va uy-joy sohalariga yetgan, xususan:

      transport infratuzilmasi — 96 mlrd dollar;

      energetika sohasi — 91 mlrd dollar;

      uy-joy fondi — 90 mlrd dollar.

Shuningdek, urush oqibatida 6 milliondan ortiq ukrainalik mamlakatni tark etib, xorijdan boshpana izlashga majbur bo‘lgan. Yana 4,6 million kishi esa o‘z yurtida qolgan holda doimiy yashash joyini tark etgan.

Qaysi hudud ko‘proq zarar ko‘rgan?

Bir qarashda Ukraina uchun hisoblangan 588 mlrd dollar G‘azodagi 71,4 mlrd dollardan ancha yuqori ko‘rinadi. Ammo bu yerda muhim omil — hudud va aholi farqi.

Ukraina maydoni 603 ming kvadrat kilometr, aholisi esa taxminan 40 million kishi. G‘azo sektori esa atigi 365 kvadrat kilometr maydon va 2,3 million aholiga ega.

Shu sababli Ukrainada zararning umumiy hajmi kattaroq bo‘lsa-da, G‘azoda vayronagarchilikning aholi va hududga nisbatan ta’siri ancha yuqori hisoblanadi.

Urush tugasa ham xarajatlar tugamaydi

Har ikki hudud uchun ham eng katta muammo endi qurol emas, mablag‘ masalasi bo‘lib qolmoqda. G‘azoda xalqaro donorlar hali zarur mablag‘larni to‘liq yig‘gani yo‘q. Ukrainada esa har oy yangi hujumlar va infratuzilma yo‘qotishlari tiklash xarajatlarini yanada oshirmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, talab etilayotgan mablag‘lar ayrim davlatlarning yillik iqtisodiyotidan ham katta. Bu esa urushlarning iqtisodiy zarari ko‘p hollarda harbiy xarajatlardan ham yuqori bo‘lishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Теглар

Мавзуга оид