Gerbni o‘zgartirish: qaysi davlatlar bu ishni qilgan?

Бугун 13:108 дақиқа

Davlat gerblari dunyo bo‘ylab siyosiy, tarixiy va vizual o‘zgarishlar ta’sirida qayta ko‘rib chiqiladi va bu jarayon katta moliyaviy hamda institutsional islohotlarni talab qiladi. O‘zbekistonda ham gerbni o‘zgartirish masalasi jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan bir paytda, dunyo mamlakatlarining ushbu jarayondagi tajribasi yana bir bor diqqat markaziga chiqdi.

Gerbni o‘zgartirish: qaysi davlatlar bu ishni qilgan? © Foto: Gazeta.uz

Joriy hafta davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator va siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning davlat gerbidagi paxta va g‘alla ramzlarini tanqid qilgani davlat gerbini o‘zgartirish masalasini kun tartibiga olib chiqib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ba’zi deputatlar va faollar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlasa, ayrimlar bugungi kunda bundanda muhim masalalar borligi, gerbni o‘zgartirish budjet uchun katta xarajatlarni keltirib chiqarishini aytmoqda.
 
Muhokamalar davom etar ekan, VAQT.UZ dunyoning boshqa davlatlarida gerbni almashtirish amaliyoti qanday amalga oshirilgani haqidagi ma’lumotlarni bir joyga to‘pladi.

Davlat ramzlarini, xususan gerblarni yangilash jahon miqyosidagi tendensiya hisoblanadi. Buning sabablari turlicha: geraldik xatolardan tortib, eskirgan va harakatsiz shakllargacha. Umuman olganda, dunyodagi o‘nlab davlatlar o‘z tarixida gerblarini bir necha bor o‘zgartirgan.

Turkmaniston

Turkmaniston postsovet hududida davlat gerbini eng ko‘p almashtirgan mamlakat hisoblanadi. Mustaqillikdan beri davlat o‘z ramzini uch marta o‘zgartirgan.

Yangi qonunga muvofiq gerbning ranglari, shakli va o‘lchamlari o‘zgargan. Avvalgi variantlardagi tasvirlar hozirgisiga nisbatan ancha kichik bo‘lgan va gerb doira shaklida tasvirlangan.

2003-yildan buyon esa u sariq-oltin rangli hoshiya bilan o‘ralgan katta yashil sakkizburchak shaklida tasvirlanadi. Ikki kvadratdan hosil bo‘lgan yulduz farovonlik, tinchlik va osoyishtalik ramzi hisoblanadi.

Gemini_Generated_Image_plywwfplywwfplyw


 
Mamlakat gerbi turkman xalqining ajdodi O‘g‘uzxon va qadimda qudratli imperiya barpo etgan Saljuqiylar sulolasining madaniy merosini o‘zida mujassam etgan.

Davlat ramzining ildizlari esa to‘rt ming yildan ortiq tarixga ega.
 
Belarus
 
1919-yilgacha Belarus Xalq Respublikasining gerbi «Pogonya» bo‘lgan. Bu ramz ilk bor Litva buyuk knyazi Viten davrida rasmiy tarzda qo‘llanilgan.

Belarus Sovet Sotsialistik Respublikasi gerbining asosi esa Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi gerbi bo‘lgan: chiqib kelayotgan quyosh nurlari fonidagi o‘roq va bolg‘a, boshoqlar hamda barcha mamlakatlar proletarlarini birlashishga chaqiruvchi yozuv.
 
1927-yilda gerb yangi elementlar bilan to‘ldirildi: beda o‘simligi, dub shoxi, besh qirrali yulduz va BSSR hududi tushirilgan yer shari qismi. Lentadagi «Barcha mamlakatlar proletarlari, birlashing!» shiori rus, belarus, polyak va idish tillarida yozildi. Keyingi yillarda ham ayrim elementlar o‘zgarib borgan.

1991-yilda mustaqillikka erishgach, Belarus gerbi sifatida yana «Pogonya» qabul qilindi. Biroq oradan to‘rt yil o‘tib, respublika referendumida mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenkoning BSSR ramzlari asosida davlat gerbini tiklash haqidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

1995-yilgi referendumdan keyin Belarus gerbi ikki marta o‘zgartirildi. Birinchi marta – 2012-yilda. O‘shanda undagi shrift va yer shari tasviridagi ranglar biroz o‘zgartirilgan edi.

Gemini_Generated_Image_4r1go84r1go84r1g

2021-yilda esa hokimiyat yangilangan emblemani tasdiqlashga qaror qildi. Yer sharidagi materiklar rangi o‘zgartirilib, ko‘k rang o‘rniga to‘q sariq rang berildi. Sharning o‘zi ham biroz burildi – endi unda Belarus joylashgan Yevropa qismi ko‘rinib turadi.

Mamlakat konturi yashil emas, oltin rangda tasvirlandi. Shuningdek, boshoqlar, beda va zig‘ir shakllari ham o‘zgartirildi. Mamlakat geraldik kengashiga ko‘ra, bu elementlar farovonlik va to‘kinlikni anglatadi.
Davlat ramzining yangi variantida qizil yulduz qirralari ham o‘zgartirilgan. Bu taklifni fuqarolar bildirgan. Ularning fikricha, avvalgi variantda yulduz qirralari haddan tashqari o‘tkir va harbiy yulduzga o‘xshab ketgan.
 
 
Nepal
 
Nepal davlat gerbi to‘rt marta o‘zgartirilgan. Oxirgi variant 2020-yilda tasdiqlangan.

Gemini_Generated_Image_asuqe0asuqe0asuq (1)

Hozirgi gerbda Everest tog‘ining tasviri, erkak va ayol qo‘llarining qo‘l berib ko‘rishishi – gender tengligi ramzi – hamda gullar girlyandi aks etgan. Uning ustida mamlakatning geografik chegaralari shaklidagi oq siluet joylashgan. Xaritaga shuningdek Kalapani daryo havzasi ham kiritilgan.

Qizig‘i shundaki, gerbning barcha versiyalarida markaziy o‘rinda doimo Everest tog‘ining tasviri bo‘lgan.
Avvalgi variantlarda gerb shakli va sanskrit yozuvlari o‘zgartirilgan. Shuningdek, ularda induist xudolari, hayvonlar va an’anaviy kiyim-kechaklar tasvirlangan edi. Zamonaviy versiyada esa bu elementlar yo‘q.

image_2026-05-24_10-33-54

Shu bilan birga, Nepal gerbi dunyodagi eng murakkab gerblardan biri hisoblanadi.
 
BAA
Birlashgan Arab Amirliklari gerbi ham o‘zgarishlarga uchragan. 2008-yildan buyon unda mamlakatdagi yakka hokimiyat ramzi hisoblangan sariq lochin tasvirlanadi.

Lochin dumidagi yettita pat Birlashgan Arab Amirliklari tarkibidagi yetti amirlikni anglatadi. Qushning ko‘kragida esa mamlakat milliy bayrog‘i ranglari tushirilgan qalqon joylashgan.

Gemini_Generated_Image_pmui1bpmui1bpmui

Avvalgi davlat ramzida esa lochin ko‘kragida jasorat va mustaqillik ramzi bo‘lgan qizil doira tasvirlangan edi. Uning ichida dengiz to‘lqinlari uzra suzib borayotgan yog‘ochdan yasalgan «dou» yelkanli kemasi aks etgan.
Aynan shunday kemalarda arab g‘avvoslari dengizga chiqib, marvarid terish bilan shug‘ullangan.
 
 
Qozog‘iston
 
Qozog‘iston gerbi ham mustaqillikka erishgandan so‘ng tubdan o‘zgardi. Bugungi gerb doira shakliga ega bo‘lib, ko‘k fonda shaniraq tasviri joylashgan. Undan quyosh nurlari kabi har tomonga uiqlar (tayanichlar) tarqaladi. Shaniraqning o‘ng va chap tomonida afsonaviy qanotli tulporlar tasvirlangan. Gerbning yuqori qismida hajmli besh qirrali yulduz, pastki qismida esa «QAZAQSTAN» yozuvi joylashgan.

Hozirgi davlat gerbi tasviriga bir necha bor – 1996, 2008, 2014 va 2018 yillarda – o‘zgartishlar kiritilgan. Biroq ekspertlar fikricha, unda sovet o‘tmishini eslatuvchi ayrim elementlar, masalan besh qirrali yulduz saqlanib qolgan. Shuningdek, mutaxassislar gerbni haddan tashqari murakkab va detallarga boy deb hisoblaydi.

Xususan, geraldika mutaxassislari amaldagi gerbda bir-biriga mos kelmaydigan uslubiy elementlar borligini ta’kidlaydi. Masalan, metall ustiga metall qo‘yilishi va «Qazaqstan» yozuvi sovet an’analariga ishora sifatida baholanadi.

Gemini_Generated_Image_30jb2c30jb2c30jb

2024-yil 15-mart kuni Atirauda bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning uchinchi yig‘ilishida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev milliy tarixning ko‘lamini anglash zarurligini ta’kidlab, Qozog‘istonni to‘g‘ridan to‘g‘ri Jo‘chi ulusi — Oltin O‘rdaning vorisi sifatida ko‘rsatib, amaldagi davlat gerbini o‘zgartirish taklifini ilgari surdi. Uning fikricha, davlat gerbi haqida mutaxassislar va fuqarolar, jumladan yoshlar tomonidan bildirilayotgan tanqidiy mulohazalarga e’tibor qaratish lozim. Xususan, gerbning juda murakkab ekani, unda turli uslublar aralashib ketgani va sovet davriga xos belgilar saqlanib qolgani aytilmoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, umumiy kelishuvga erishilsa, maxsus komissiya tuzilib, masala har tomonlama o‘rganilishi, jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilishi va so‘ngra yangi davlat gerbi uchun ochiq tanlov e’lon qilinishi mumkin. Shu bilan birga, u viloyat va shaharlar ramzlarini standartlashtirish, ularni mamlakatning asosiy timsollari bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ham qayd etdi.

O‘shanda Qozog‘istonda ham shu mavzu atrofida jamoatchilik muhokamalari kuchayib ketgandi. Ayrimlar gerb yengil va sodda bo‘lishi shart emasligini aytib, Shvetsiya, Belgiya, Braziliya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar gerblarini misol qilib keltirdi. Boshqalar esa Shveysariya, Yaponiya, Bahrayn, Germaniya va Ukraina tajribasiga tayanish kerakligini aytishmoqda — bu davlatlarda ko‘pincha sodda emblemalar gerb o‘rnida ishlatiladi.

Muhokamalar jarayonida, hukmron partiya «Amanat»dan deputat Murat Abenov ijtimoiy tarmoqda Qozog‘iston gerbining kelib chiqishi haqida bahsli ma’lumotni ilgari surdi. Uning yozishicha, hozirgi gerb dastlab O‘zbekistondagi mutaxassislar guruhi tomonidan yaratilgan va Toshkentda tayyorlangan, shu sababli mahalliy dizaynerlar unda ishtirok etmagan.

Abenovning ma’lumotlariga ko‘ra, gerb muallifi sifatida Jandarbek Malibekov boshchiligidagi guruh tilga olinadi. U buni Toshkentdagi ish jarayonini tasdiqlovchi arxiv suratlari bilan izohlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa, Qozog‘istonning amaldagi gerbi mualliflari sifatida Shota-Aman Ualixanov va Jandarbek Malibekov ko‘rsatilgan.

O‘sha paytda ijtimoiy tarmoqlarda yana bir qiziq gap paydo bo‘lgandi. Emishki, gerbni almashtirish g‘oyasi Qosim-Jo‘mart To‘qayevning birinchi prezident Nurzulton Nazarboyevga yaqin oligarxlarning qo‘lida to‘plangan katta miqdordagi naqd pullarni aylanmaga qaytarishga majbur qilish istagi bilan bog‘liq ekan. Shu sababli ko‘pchilik prezident bu tashabbusdan voz kechadi, degan fikrda bo‘lgan. Bugungi kunga kelib esa gerbni o‘zgartirish masalasi kun tartibidan tushib qoldi.


Gerb nega muhim?

 
Ilk gerblar miloddan avvalgi davrlardayoq paydo bo‘lgan bo‘lib, tangalar va muhrlarda tasvirlangan. O‘rta asrlarda feodal davlatlar shakllana boshlaganida, hukmdorlarning shaxsiy gerblari va bayroqlari odatda alohida davlat yoki xalqning ramziga aylangan.

O‘tgan asrda olimlar va ekspertlar jahon amaliyotida davlat gerblari o‘zgarishining bir necha bosqichini ajratib ko‘rsatgan. Feodal-urug‘chilik gerbi dinastik gerbga aylangan, monarxiyalar bekor qilingach esa ko‘plab davlatlarda uning asosini mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot modelini ifoda etuvchi siyosiy emblemalar tashkil etgan. Keyinchalik gerblarda milliy o‘ziga xoslik ramzlari paydo bo‘la boshlagan.
Faqat o‘tgan asr boshlarida davlatlar o‘z gerblari va bayroqlarining ramziy ma’nosini qonunchilik hujjatlarida belgilay boshladi. Keyinchalik bu jarayon kuchayib, 1970–1990 yillarda eng yuqori nuqtasiga yetdi.

Shunday qilib, gerb davlat ramzlarining ajralmas qismi bo‘lib, davlat taraqqiyoti bilan tabiiy ravishda o‘zgarib boradi. Uni mustaqil mamlakatning eng keng tarqalgan va muhim farqlovchi ramzlaridan biri deb atash mumkin. Gerb mamlakat tarixi, madaniyati, xalq an’analari va ijtimoiy-siyosiy mohiyatini aks ettirib, muayyan davlat yoki hududning o‘tmishi va bugunidagi tarixiy jarayonlarga oydinlik kiritadi.
O‘tgan asrda dunyo mamlakatlari gerblarining o‘zgarishi turli sabablar bilan bog‘liq bo‘lgan va jamiyatlardagi tarixiy, siyosiy hamda madaniy o‘zgarishlarni aks ettirgan. Bir narsani aniq aytish mumkin: davlat ramzlari, xususan gerblarni yangilash – bu jahon miqyosidagi tendensiyadir.

Gerblar davlat tuzumidagi o‘zgarishlarni, masalan inqiloblar, mustaqillikka erishish yoki siyosiy islohotlardan keyingi jarayonlarni aks ettirgan holda rivojlanishda davom etmoqda. Milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish yoki yangi ramzlarni aks ettirish istagi kabi madaniy omillar ham gerblarning o‘zgarishida muhim o‘rin tutadi.

Juda qimmat jarayon
 
Davlat gerbini o‘zgartirish juda qimmat jarayon bo‘lishi mumkin. Aniq summa mamlakat hajmi, gerb qanchalik keng qo‘llanishi va o‘zgarish darajasiga bog‘liq. Odatda xarajatlar bir nechta yo‘nalishdan iborat bo‘ladi:
*hujjatlar va pasportlar

*pul banknotlari va tangalar

*davlat idoralari peshtoqlari

*harbiy va politsiya belgilar

*maktab darsliklari

*rasmiy saytlar va elektron tizimlar

*elchixonalar va xalqaro vakolatxonalar

*muhrlar, blankalar, litsenziyalar
*bayroq va gerb tushirilgan mahsulotlar

Ko‘p davlatlar katta xarajatni kamaytirish uchun gerbni bosqichma-bosqich almashtiradi. Masalan, yangi pasport yoki pul faqat navbatdagi tiraj chiqarilganda yangilanadi.

Gerbni almashtirish kichik davlatlarda – bir necha million dollar, o‘rta davlatlarda – o‘nlab million dollar, katta davlatlarda – yuzlab million dollargacha chiqishi mumkin. Biroq ko‘pincha aniq raqamlar e’lon qilinmaydi, chunki o‘zgarishlar bir vaqtda emas, bosqichma-bosqich qilinadi, eski pasport, banknot, muhr va boshqa resurslar tabiiy almashtiriladi.

Теглар

Мавзуга оид