Logo

Hafta dayjesti — muhim voqealar sharhi

Бугун 19:477 дақиқа

Alisher Qodirov poytaxtdagi tarixiy binoning madaniy meros obyekti sifatida muhofaza qilinishiga e’tiroz bildirdi. Prezident g‘o‘daygan boyvachchalarni ogohlantirdi. Centrum Air parvozlarining kechikishi bilan bog‘liq nizolar yana rezonans olyapti.

Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga bordi

O‘zbekiston prezidenti 3 kunlik davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga bordi. «Janubiy Koreya — Markaziy Osiyo» birinchi sammitida mintaqa davlatlari muhim minerallar, energetika resurslari va global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uch kunlik tashrifning ilk kunlarida davlat rahbari Koreya Milliy yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, vatanparvarlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.

Seul shahrida oliy darajadagi «O‘zbekiston - Koreya» muzokaralari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida qariyb 12 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilishi aytildi.

Shuningdek, Seulda mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar — professorlar, tadbirkorlar va talabalar bilan samimiy, norasmiy muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda Koreyaning ilg‘or raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish, madaniyat markazlari tarmog‘ini kengaytirish kabi ko‘plab innovatsion takliflar ko‘rib chiqildi.

Tashrifni ushbu mamlakatdan yoritgan jurnalist ish jadvali juda tig‘iz ekani, Seul Toshkentdan to‘rt soat oldinda bo‘lgani uchun davlat rahbarining ish kuni tonggi soat 4:00 da boshlanganini aytdi.

Uning yozishicha, O‘zbekiston prezidentining davlat tashrifini yoritish uchun borgan jurnalistlarga ham, butun delegatsiyaga va hattoki prezidentga ham vaqt yetmagan. Mirziyoyev Seulda bo‘lib o‘tgan vatandoshlar bilan muloqotda buni aytib o‘tdi:

«Men mashinada ko‘p yuraman, ko‘chada bir-biri bilan muloqot qilib ketayotgan yoshlarni ko‘rib o‘ylayman: qani endi ular eng baxtli kunlari shu ekanini bilsalar… Bilasizlarmi, prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!» — dedi davlat boshlig‘i.

Davlat rahbari uchrashuvda ba’zan tomog‘i qirilayotgani uchun uzr so‘rab, «bular menga suv ham bermaydi», deb yarmi hazil, yarmi chin aytdi.

«To‘xtovsiz ishlayotganlariga 9 soat bo‘ldimi yoki muhim tadbir boshlanishiga 9 soat qoldimi? Uchrashuvda Koreyada tadqiqot qilayotgan Yelena Chuyanova «tez-tez, shoshilinch madaniyat»ni eslatadi: Ya’ni, taraqqiyotdan orqada qolmaslik sharti — vaqtni yengish, nafaqat «jisman», balki «ma’nan yengish».

Koreyani rivojlantirgan bu madaniyat prezidentimizning «shoshilmasdan shoshilish»prinsipiga o‘xshaydi. Zamondan orqada qolmaydigan O‘zbekiston qurish orzusi bu», — yozadi jurnalist.

O‘zbekiston yetakchisi vatandoshlardan bir daqiqa ham vaqtni bekorga o‘tkazmaslikni, vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni so‘ragan.

«5 yil o‘tadi, 10-15 yil o‘tadi. Kim boshqaradi O‘zbekistonni? Sizlar. To‘g‘ri, sog‘inch qiynaydi. Vatan sog‘inchi alamida ko‘proq ilm olinglar, vatanga sadoqat bilan xizmat qilinglar», — degan prezident.

Mirziyoyev 40 million aholi qarab turganini eslatib, o‘zini ham, boshqalarni ham ishlamagunlaricha tinch qo‘ymasligini bildirgan.

«O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam, ishlamagunlaringcha qo‘ymayman, bizga 40 million xalq qarab turibdi. Ularni rozi qilishimiz kerak», — deydi u.

Jurnalist Qurbonova esa 9 soatlik «non-stop»ning sirini bilmasligi, lekin prezidentning maqsadi aholini rozi qilish ekanini aytdi.

2030-yilga qadar O‘zbekiston elektrotexnika sanoati hajmini 11 milliard dollarga, eksportni esa 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Alisher Qodirov va Madaniy meros agentligi o‘rtasida bahs

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov Toshkentdagi tarixiy binoning madaniy meros obyekti sifatida muhofaza qilinishiga e’tiroz bildirdi. Bu bino 1935-yilda qurilgan. Qodirov binoning milliy madaniyat uchun ahamiyatini savol ostiga qo‘yib, madaniy merosni muhofaza qilishda milliy qadriyatlarga ustuvor e’tibor qaratish kerakligini aytdi.

O‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan madaniy meros obyektlari e’tibordan chetda qolib, boshqa tarixiy obyektlarni asrashga ko‘proq e’tibor qaratilayotganiga e’tiroz bildirdi.

Madaniy meros agentligi esa binoning tarixiy qiymatini himoya qildi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bino me’mor Aleksey Shchusev bilan bog‘liq bo‘lib, turli yillarda akademiklar Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin hamda boshqa olimlar yashagan.

Agentlik Qodirovning «Bizga nima keragi bor?» mazmunidagi savoliga javob berar ekan, madaniy meros obyektini bugun jamiyatga «kerak» yoki «kerak emasligi» mezoni bilan baholab bo‘lmasligini bildirdi.

Idoraning pozitsiyasiga ko‘ra, madaniy merosning qiymati uning tarixiy va madaniy ahamiyati, ilmiy ekspertiza hamda qonunchilik asosida belgilanishi kerak.

Agentlik, shuningdek, madaniy merosni asrash masalasini milliy qarama-qarshilik mavzusiga aylantirish mumkinligidan xavotir bildirgan.

Hozirda bino davlat muhofazasida, 2018-yilgi hokim qarorining qonuniyligi bo‘yicha huquqiy jarayon davom etyapti.

«Birorta g‘o‘daygan boyvachcha paydo bo‘lsa, kechirmayman» — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent tumanlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida jinoyatchilikni jilovlash va tadbirkorlar uchun xavfsiz muhit yaratish masalasiga to‘xtaldi.

Prezident huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga murojaat qilib, jinoyatchilik nazorat qilinmasa, tadbirkor ham, investor ham kelmasligini aytdi.

Shuningdek, davlat rahbari tadbirkorlik va investitsiyalar rivoji uchun, avvalo, jinoyatchilikni jilovlash zarurligini qayd etdi.

U bir tadbirkor O‘zbekiston xaritasini bilish bilan birga, qaysi hududda jinoyatchilik qay darajada jilovlanganiga ham e’tibor berishi kerakligini bildirdi.

Shuningdek, prezident mamlakatdagi tinchlikni qadrlash, xalq tinch yashashi uchun esa ikki karra ko‘proq ishlash kerakligini aytdi.

Avtobus va metroda yo‘l haqi oshishi mumkin

Toshkentda 1-oktabrdan jamoat transporti yo‘lkirasi oshirilishi mumkin. Elektron to‘lovda avtobus va metro narxi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga ko‘tarilishi taklif qilinmoqda. Bu 47 foizga oshish degani.

Mutasaddilar bunga sabab sifatida transport xarajatlari, yoqilg‘i, ish haqi va ehtiyot qismlar narxining oshganini ko‘rsatmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, bir yo‘lovchini avtobusda tashish tannarxi 5 500 so‘mdan oshgan, xarajatlarning 70–75 foizi budjet hisobidan qoplanmoqda.

Tarif oshirilsa, qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan 2027-yilning birinchi choragigacha Toshkentga 400 ga yaqin elektrobus olib kelish va yo‘nalishlardagi kutish vaqtini 2–3 daqiqaga qisqartirish rejalashtirilgan.

Vaqt.uz yuzlashgan aholi fikri esa ikki xil: ayrimlar yonilg‘i va ish haqi oshgani, yangi avtobuslar olib kelinishi va xizmat sifati yaxshilanishini hisobga olib, narx oshishini tushunish mumkinligini aytsa, ko‘p farzandli oilalar va talabalar 47 foizlik oshishni qimmat deb hisoblab, narxni bosqichma-bosqich 10–20 foizdan oshirishni taklif qilmoqda.

Centrum Air yo‘lovchilari yana aeroportda qolib ketdi
 
Centrum Air parvozlarining kechikishi bilan bog‘liq nizolar yana rezonans olyapti. Kompaniya fuqarolarning galdagi tanqidiga ro‘baro bo‘ldi.

Centrum Airning Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi reysi 3 soat 20 daqiqaga kechikdi. Parvoz vaqti esa yo‘lovchilarga bir necha bor o‘zgartirib e’lon qilingan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda yo‘lovchilardan biri farzandi uzoq davom etgan operatsiyadan chiqqani va hozircha o‘tirishi mumkin emasligini aytib, vaziyatdan noroziligini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval parvoz 11:00 ga, oxir-oqibat 13:30 ga ko‘chirilgan. Bola aeroportda yotgan holatda kutishga majbur bo‘lgan.

Yo‘lovchi farzandining shifokoridan ma’lumotnoma olib kelganini ham aytib, «Qani samolyotlaringiz? Parvoz nega qayta-qayta kechiktirilmoqda?» deya murojaat qilgan.

Hozir holat Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mitaga Centrum Air va boshqa aviakompaniyalar xizmatlaridan norozilik bo‘yicha 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Qonunbuzarlik aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishi aytilgan. Centrum Air esa mazkur holat yuzasidan hozircha batafsil rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q.

«Avtoterrorchi» ushlandi

Qarshi shahrida Damas avtomashinasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan va ko‘p qavatli uylar oralab yuqori tezlikda harakatlanib, voyaga yetmaganlar hayotini xavf ostiga qo‘ygan haydovchi ushlandi.

Haydovchi ko‘p qavatli uylar orasida yuqori tezlikda harakatlanib, to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmagan. Shu paytda ko‘chada o‘ynayotgan bolalar mashina yo‘lidan qochishga majbur bo‘lgan.

21 yoshli «shovvoz»ning hatto haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagani aniqlangan. U akasining avtomashinasini ruxsatsiz olib ketganini bildirgan.

«Akamdan beruxsat Damas avtomashinasini minib ketdim. Mahallada qo‘pol ravishda tez haydadim. Yosh bola chiqib qolgan ekan, ko‘rmay qoldim. Yosh bolalar borligini o‘ylamagan ekanman. O‘sha bolalarning ota-onasidan ming bor uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman. O‘sha vaqtda stress holatda edim. Haydovchilik guvohnomasini olmagunimcha boshqa umuman mashina haydamayman», degan haydovchi.

Hozir unga 4 ta ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, yo‘l harakati qoidalarini buzish, avariya holatini yuzaga keltirish, yo‘l bezoriligi va guvohnomasiz avtomobil boshqarish ayblovlari qo‘yilgan.

Теглар

Нозима Қаршибоева

Нозима ҚаршибоеваМақолалар сони: 72

Барчаси

Мавзуга оид