Har yili yosh tibbiyot xodimiga ipoteka kreditining bir qismi to‘lab beriladi
Shifokor va hamshiraning oyligi KPIga bog‘lanib, bunda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon qilib olinadi. Olis hududlarda ishlaydigan barcha shifokorlarning oylik qo‘shimcha ustamasi oshiriladi. Bunday hududga ishga kirgan shifokorga bir martalik rag‘bat puli ham beriladi.
© Foto: SSVO‘zbekistonda har yili 500 nafar yosh tibbiyot xodimining ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Aytilishicha, tizimda kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun 50 milliard so‘m ajratilgan. Shu imkoniyat orqali kelasi yil 1 ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga ko‘chib o‘tadi. 2027-yildan olis hududlarda ishlaydigan barcha shifokorlarning oylik qo‘shimcha ustamasi 2 million so‘mdan 4,5 million so‘mga oshiriladi. Bunday hududga ishga kirgan shifokorga 50 million so‘m bir martalik rag‘bat puli ham beriladi.
Xorijiy klinikalarda tajriba to‘plagan vatandosh shifokorlar O‘zbekiston shifoxonalariga jalb etiladi. Bunday mutaxassislarning oylik ish haqiga 50 million so‘mgacha ustama to‘lanadi. Ish joylari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Ularga atrofida kuchli jamoa shakllantirish, birga ishlaydigan shifokor, assistent va hamshiralarni mustaqil tanlash imkoniyati beriladi. Nufuzli konferensiyalarda qatnashish va xorijdagi hamkasblari bilan tajriba almashish xarajatlari qoplanadi. Bu ishlar 26 ta ixtisoslashgan markazdan boshlanadi. Har bir markaz direktori kelasi yili 5-10 nafardan vatandosh shifokorni jalb etishga mas’ul bo‘ladi.
Shifokor va hamshiraning oyligi KPI’ga bog‘lanadi
Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt asosida ishlashga o‘tiladi. Har bir direktor sohaga yangilik kiritish, quyi bo‘g‘in xodimlari malakasini oshirish va ilmni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha aniq majburiyat oladi.
Nufuzli xorijiy universitet klinikalaridan mutaxassislar jalb qilinib, markazlardagi kamchiliklar ko‘rsatiladi va direktorlarning vazifalari aniq belgilanadi. Direktorlar yil yakunida jamoatchilik oldida hisobot beradi. Ish natijasiga qarab kontrakt uzaytiriladi.
Prezident respublika, viloyat va tumandagi har bir shifoxona hamda poliklinika faoliyatiga aholining o‘zi baho beradigan mexanizmlarni kelasi yildan joriy etish vazifasini qo‘ydi. Har bir shifokor va hamshiraning oyligi KPIga bog‘lanishi, bunda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon bo‘lishi qayd etildi.
100 million so‘mlik mukofot
Prezident kelgusi yildan kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda o‘nta sun’iy intellekt tizimi ishga tushirilishini ma’lum qildi.
«Bemorni masofadan kuzatish, nutq orqali kasallikni aniqlash va dori-darmon xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha yangi yechimlar joriy etiladi», — dedi davlat rahbari.
Bu yechimlar tibbiyotda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lamini kengaytiradi. Shifokorlar ishida yangi texnologiyalarni qo‘llashga e’tibor kuchaytiriladi. Har bir viloyatda «Eng yaxshi AT operatori» va «Raqamli tibbiyotning eng yaxshi shifokori» tanlovlari o‘tkaziladi. G‘oliblar 100 million so‘mdan mukofot oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq birlamchi bo‘g‘in va tumanlardagi tibbiyot xodimlarining malaka oshirish xarajatlarini davlat to‘lab berishi, sohada tahsil olayotgan talabalarga 3 million so‘m stipendiya to‘lanishi haqida yozgan edik.





