Logo

Ijtimoiy reyestrga qanday kirish mumkin va u qanday imtiyozlar beradi?

2026-yil 1-fevraldan O‘zbekistonda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» hamda «Kambag‘al oilalar reyestri» birlashtirilib, yagona Ijtimoiy reyestr tashkil etildi. Reyestrga kiritilgan oilalar bolalar nafaqasi, moddiy yordam, davlat xizmatlari uchun chegirmalar, ta’lim, tibbiyot va bandlik bo‘yicha qator imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Vaqt.uz mazkur reyestrga kirish tartibi va undagi shaxslarga beriladigan imtiyozlar haqida tushuntiradi.

Ijtimoiy reyestrga qanday kirish mumkin va u qanday imtiyozlar beradi?

2026-yil 1-fevraldan avvalgi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va «Kambag‘al oilalar reyestri» birlashtirilib, yagona Ijtimoiy reyestr tashkil etildi. Endi oilalar moddiy holati, mehnatga layoqati va ijtimoiy vaziyatiga qarab uch toifadan biriga kiritiladi.

2026-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari bir kishi hisobiga oyiga 715 ming so‘m etib belgilangan. Ijtimoiy reyestrga kiritishda asosiy daromad chegaralari shu miqdordan kelib chiqib hisoblanadi.

Reyestrda oilalar qaysi toifalarga ajratiladi?

Ijtimoiy reyestrdagi oilalar uch toifaga bo‘linadi:

  • davlat ta’minotidagi oila;

  • kambag‘al oila;

  • kambag‘allik chegarasidagi oila.

Toifa

Asosiy mezon

Davlat ta’minotidagi oila

Oila a’zolarining barchasi mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan bo‘lib, jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan kam

Kambag‘al oila

Oilada mehnatga layoqatli a’zolar bor, lekin jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan kam

Kambag‘allik chegarasidagi oila

Jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan 1 mln 72,5 ming so‘mgacha, ya’ni minimal iste’mol xarajatlarining 1–1,5 baravari oralig‘ida


Endi ularning har biriga batafsil to‘xtalib o‘tsak.

Davlat ta’minotidagi oila

Jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi 715 ming so‘mdan kam bo‘lgan quyidagi oilalar ushbu toifaga kiritilishi mumkin:

  • I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan yoxud bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydigan oila;

  • boquvchisini yo‘qotgan yoki bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan oila;

  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi shaxs;

  • oila a’zosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila;

  • oila a’zosi psixiatriya, narkologiya yoki sil kasalliklari dispanserida bo‘lgan, onkologiya markazida ro‘yxatda turgan yoxud gematologiya, immunologiya, jigar yoki buyrak yetishmovchiligi kabi og‘ir kasallikka chalingan oila.

Mazkur toifadagi oilalarning holati har 12 oyda qayta o‘rganiladi.

Kambag‘al oila

Oilada mehnatga layoqatli yoki ishlash imkoniyatiga ega shaxslar mavjud bo‘lib, jon boshiga o‘rtacha oylik daromad 715 ming so‘mdan kam bo‘lsa, oila «kambag‘al oila» toifasiga kiritilishi mumkin.

Bu oilalarning mehnatga layoqatli a’zolari ishga joylashishi, o‘zini o‘zi band qilishi, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi yoki boshqa rasmiy bandlik shakliga o‘tishi kerak.

Oilalarning holati har olti oyda qayta o‘rganiladi.

Kambag‘allik chegarasidagi oila

Bunga ikki turdagi oilalar kiritiladi.

Birinchi guruhga avval «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» sifatida e’tirof etilib, keyinchalik daromadi oshgani sababli ushbu toifalardan chiqarilgan oilalar kiradi. Bunda oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad 715 ming so‘mdan 1 mln 72 ming 500 so‘mgacha bo‘lishi kerak.

Ikkinchi guruhga og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar kiritilishi mumkin. Xususan, tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydigan, boquvchisini yo‘qotgan, bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj a’zosi bor, oila a’zosi harbiy xizmatda yoki qamoqda bo‘lgan, og‘ir kasallikka chalingan shaxs mavjud, shuningdek, yong‘in, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyat oqibatida zarar ko‘rgan oilalar mahalla yettiligi tavsiyasi asosida ushbu toifaga kiritilishi mumkin.

Bunday oilalarning daromadini hisoblashda 25 foizlik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi. Ya’ni oilaning jon boshiga haqiqiy daromadi 1 mln 430 ming so‘mgacha bo‘lsa, uning 75 foizi hisobga olinadi. Hisob-kitob natijasida daromad 1 mln 72 ming 500 so‘mdan oshmasa, oila «kambag‘allik chegarasidagi oila» mezoniga mos kelishi mumkin.

Biroq mahalla yettiligi tavsiyasi bilan ushbu toifaga kiritiladigan oilalar soni cheklangan. Mahallada 300 tagacha oila bo‘lsa, ko‘pi bilan 3 ta, 500 tagacha bo‘lsa 5 ta, 1 000 tagacha bo‘lsa 10 ta, 1 500 tagacha bo‘lsa 15 ta, 1 500 tadan ortiq oila yashaydigan mahallalarda esa ko‘pi bilan 20 ta oila tavsiya qilinishi mumkin.

Oila daromadi qanday hisoblanadi?

Jon boshiga o‘rtacha oylik daromadni aniqlashda oilaning oxirgi uch oydagi jami daromadi olinadi.

Hisoblash formulasi:

Oxirgi uch oydagi jami daromad ÷ 3 ÷ oila a’zolari soni.

Masalan, besh kishilik oilaning uch oylik jami daromadi 9 mln so‘m bo‘lsa:

9 mln ÷ 3 oy ÷ 5 kishi = 600 ming so‘m.

Demak, oilaning har bir a’zosiga oyiga 600 ming so‘mdan daromad to‘g‘ri keladi. Bu 715 ming so‘mlik mezondan kam.

Biroq daromadning kamligi oilani avtomatik ravishda reyestrga kiritmaydi. Ko‘chmas mulk, avtomobil, bank omonati, qimmatli qog‘ozlar, tadbirkorlik va norasmiy daromadlar ham tekshiriladi.

Ijtimoiy reyestrga qanday ariza beriladi?

Arizani quyidagi usullarda topshirish mumkin:

  • Davlat xizmatlari markaziga borib;

  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib;

  • mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali;

  • my.gov.uz portali orqali;

  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali;

  • «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali.

Har bir oila reyestrga kirish uchun bir oyda faqat bir marta ariza berishi mumkin.

Qaysi hollarda reyestrga kiritish rad etiladi?

Quyidagilar «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» toifasiga kiritishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Daromad 715 ming so‘mdan yuqori bo‘lsa

Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad 715 ming so‘mdan yuqori bo‘lsa, oila mazkur ikki toifaga kiritilmaydi.

Og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalar uchun 25 foizlik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanishi mumkin.

Ortiqcha ko‘chmas mulk bo‘lsa

Oila a’zolari nomida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulk va yer uchastkasi mavjud bo‘lsa, ariza rad etiladi.

Oila nomida yoki foydalanishida daromad keltiradigan kamida bitta noturar joy mavjudligi ham rad etish uchun asos hisoblanadi.

Nisbatan yangi avtomobil bo‘lsa

Quyidagi transport vositalaridan biri mavjud bo‘lsa, ariza rad etiladi:

  • ishlab chiqarilganiga 12 yil to‘lmagan, soz va qidiruvda bo‘lmagan yengil avtomobil;

  • oilada bolalikdan nogironligi bo‘lgan bola yoki I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yashasa — ishlab chiqarilganiga yetti yil to‘lmagan yengil avtomobil;

  • ishlab chiqarilganiga 15 yil to‘lmagan yuk avtomobili, avtobus, mikroavtobus, traktor, kombayn, ekskavator, avtokran yoki boshqa maxsus texnika;

  • ishlab chiqarilgan yilidan qat’i nazar, jami ikki yoki undan ortiq soz transport vositasi.

Avtomobil faqat oila a’zosi nomida rasmiylashtirilgani emas, balki uning foydalanishida yoki ishonchnoma asosida boshqaruvida bo‘lgani ham hisobga olinadi.

Bank omonati ko‘p bo‘lsa

Oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari yoki undan ko‘p mablag‘ bo‘lsa, ariza rad etiladi.

Hozirgi 1 mln 271 ming so‘mlik eng kam ish haqi bo‘yicha bu chegara 6 mln 355 ming so‘mni tashkil etadi.

Bozor qiymati 6 mln 355 ming so‘m yoki undan yuqori bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar ham rad etish uchun asos bo‘ladi.

So‘rovnoma o‘tkazilmasa

Ijtimoiy xodim xonadonga borganida ariza beruvchi uyda bo‘lmasa, so‘rovnomani tasdiqlashdan bosh tortsa yoki oilaning holatini o‘rganishga imkon bermasa, jarayon to‘xtatilishi mumkin.

Ijtimoiy reestrga kirganlarga qanday imtiyozlar bor?

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam

Reestrdagi oilalarga farzandlari soni va yoshiga qarab bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlanadi. 2026 yil 1-sentabrdan boshlab mazkur miqdorlar 7 foizga oshiriladi:


To‘lov turi

Oylik miqdori

3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzand uchun

386 ming so‘m

3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta bola uchun

295 ming so‘m

Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha

177 ming so‘m

Uchinchi va keyingi har bir farzand uchun qo‘shimcha

118 ming so‘m

Bolasi bo‘lmagan yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta oilaga moddiy yordam

450 ming so‘m


Bolalar nafaqasi va moddiy yordam bir vaqtning o‘zida bir oilaga birgalikda tayinlanmaydi. Nafaqa oiladagi eng kichik yoki yagona bola 18 yoshga to‘lguniga qadar belgilangan tartibda to‘lanadi.

Kambag‘allik chegarasidagi oilaga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olti oyga, kamaytirilgan miqdorda beriladi:

  • jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan 893 ming 750 so‘mgacha bo‘lsa — bazaviy to‘lovning 75 foizi;

  • daromad 893 ming 750 so‘mdan 1 mln 72 ming 500 so‘mgacha bo‘lsa — bazaviy to‘lovning 50 foizi.

Bog‘cha to‘lovi

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning oilaviy nodavlat bog‘chalarga qatnashadigan farzandlari uchun ota-onalar to‘lovining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Imtiyoz oluvchilar ro‘yxati avtomatik shakllantiriladi. Joylar cheklangan bo‘lsa, avval davlat ta’minotidagi oilalar, keyin kambag‘al oilalar, undan so‘ng kambag‘allik chegarasidagi oilalar farzandlariga ustuvorlik beriladi.

Davlat oilaviy bog‘chaga hududdagi 9 soatlik davlat bog‘chasi uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40 foizi miqdorida kompensatsiya ajratadi. Pul ota-onaga emas, bevosita bog‘chaning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va bolaning haqiqiy davomatiga qarab hisoblanadi. 

Imtiyoz bog‘chadagi o‘rinlarning ko‘pi bilan 15 foiziga tatbiq etiladi. Davlat ta’minotidagi yoki kambag‘al oila kambag‘allik chegarasidagi oila toifasiga o‘tkazilsa, kompensatsiya yana 12 oy davomida saqlanadi.

Maktabdan tashqari ta’lim xarajatlari

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning davlat maktablarida o‘qiydigan farzandlari uchun to‘garak xarajatlarining 80 foizi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Imtiyoz yosh toifasiga qarab quyidagi yo‘nalishlarga tatbiq etiladi:

  • 7–11 yoshli bolalar uchun darsdan keyingi qo‘shimcha ta’lim, ya’ni uzaytirilgan kun guruhlari;

  • 12–18 yoshli o‘quvchilar uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha to‘garaklar;

  • 15–18 yoshli o‘quvchilar uchun xorijiy til, axborot texnologiyalari va kasb-hunar yo‘nalishidagi to‘garaklar.

O‘quvchi bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan ikkita to‘garakni tanlashi va ularga ta’til davri bilan birga 9 oygacha qatnashishi mumkin. Ushbu imtiyozdan maktabni tugatgunga qadar ikki martagacha foydalanishga ruxsat beriladi. 

To‘garakka yozilish va ta’lim tashkiloti bilan shartnoma tuzish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Oliy va professional ta’lim imtiyozlari

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlari oliy ta’limga kirishda test sinovida qatnashish uchun undiriladigan to‘lovdan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, ular uchun bakalavriat yo‘nalishlariga ajratilgan davlat grantlari soniga nisbatan 10 foizgacha qo‘shimcha davlat granti kvotasi belgilanadi. Ushbu grantga da’vogarlik qilish uchun abituriyent tegishli yo‘nalishdagi davlat grantiga o‘tish balining kamida 80 foizini to‘plashi kerak. Grantlar talabgorlar orasida ballar ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.

Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limda kontrakt asosida o‘qiyotgan a’zolari ta’lim krediti olishi mumkin

Birinchi bosqich talabalari uchun kredit bir yillik kontrakt summasi miqdorida, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda esa reyestrdagi oila a’zolariga o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar, kontraktning to‘liq summasi miqdorida ajratiladi.

Ta’lim kreditini olishda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlaridan garov va kafillik talab etilmaydi. Oliy ta’limda GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lgan reyestrdagi oilalar farzandlariga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi.

Shuningdek, reyestrdagi oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyida yashaydigan farzandlari uchun yotoqxona to‘lovi qoplab beriladi.

Barcha fanlardan «a’lo» baho olgan talaba-qizlarga asosiy stipendiyaga qo‘shimcha maxsus stipendiya to‘lanadi.

Maxsus stipendiya miqdori oilaning Ijtimoiy reyestrdagi toifasiga bog‘liq:

  • Davlat ta’minotidagi oila talaba-qiziga — bazaviy stipendiyaning 2 baravari, ya’ni oyiga 1 mln 139 ming 340 so‘m.

  • Kambag‘al oila talaba-qiziga — bazaviy stipendiya miqdorida, ya’ni oyiga 569 ming 670 so‘m.

  • Kambag‘allik chegarasidagi oila talaba-qiziga ham — oyiga 569 ming 670 so‘m.

Bu pul talabaning odatdagi stipendiyasiga qo‘shimcha ravishda to‘lanadi. 1-sentabrdan davlat ta’minotidagi oilalarning talaba-qizlari uchun maxsus stipendiya oyiga 1 mln 219 ming 94 so‘mni, kambag‘al va kambag‘allik chegarasidagi oilalarning talaba-qizlari uchun esa 609 ming 547 so‘mni tashkil etadi.

«Yangi O‘zbekiston» universitetida ta’lim olish uchun Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga grant ajratiladi. «El-yurt umidi» jamg‘armasi tanlovlarida ham reyestrdagi oilalar farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.

Kontrakt to‘lovining 50 foizigacha qoplab beriladi

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga kasbiy yoki oliy ta’lim muassasasidagi to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha qismi «Yoshlar daftari» jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi mumkin.

Bunda subsidiya miqdori kontrakt summasining 50 foizidan oshmasligi, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Imtiyoz kasbiy ta’lim, bakalavriat yoki magistraturaning kunduzgi shaklida oddiy kontrakt asosida o‘qiyotganlarga beriladi. Sirtqi, kechki, masofaviy, qo‘shma ta’lim, ikkinchi mutaxassislik va super-kontrakt uchun ushbu yordam ajratilmaydi.

Ariza my.gov.uz, Davlat xizmatlari markazi yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali beriladi. Murojaat «mahalla yettiligi» tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, mablag‘ talabaning o‘ziga emas, bevosita ta’lim tashkilotining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Yordam avtomatik berilmaydi. Talaba alohida ariza topshirishi va tuziladigan ijtimoiy shartnoma shartlarini, jumladan, yaxshi o‘qish, volontyorlikda qatnashish, kitob o‘qish hamda xorijiy tilni o‘rganish majburiyatlarini bajarishi kerak.

Ishga joylashish va kasbga o‘qitish

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari tuman yoki shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qilib, ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Murojaatdan so‘ng fuqaroning mutaxassisligi va malakasiga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi.

Fuqaroning mutaxassisligi bo‘lmasa yoki taklif qilingan ish o‘rni unga mos kelmasa, kasb-hunar yoki xorijiy til kursida bepul o‘qish uchun vaucher berish masalasi ko‘rib chiqiladi. Talabgorning ishsizligi yoki rasmiy daromadga ega emasligi ecosys.mehnat.uz tizimi orqali avtomatik tekshiriladi.

Vaucher olgan fuqaro elektron reyestrga kiritilgan davlat yoki nodavlat ta’lim tashkilotini, o‘rganmoqchi bo‘lgan kasb yoki xorijiy tilni o‘zi tanlaydi. Vaucherdan u berilgan kundan boshlab uch oy ichida foydalanishi kerak. Ushbu muddatda faollashtirilmagan vaucher bekor qilinadi. Vaucher orqali bir marta bepul o‘qish mumkin, o‘qish xarajatlari esa Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan ta’lim tashkilotiga to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrdagi oila a’zosini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida 1,5 baravari miqdoridagi oylik ish haqi bilan ishga olgan ish beruvchi ushbu xodim uchun uch yil davomida ijtimoiy soliqni 1 foizlik stavkada to‘laydi. Xodim reyestrdan chiqarilgandan keyin ham bu imtiyoz yana olti oy davomida saqlanadi.

Tadbirkorlik boshlash va imtiyozli kreditlar

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash orqali o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarga kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma savdo nuqtasi, motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 30 mln so‘mgacha kredit ajratilishi mumkin.

Kredit muddati 5 yilgacha bo‘lib, hisoblangan foizlar Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan bankka qoplab beriladi. Fuqaro kreditning asosiy qarzini qaytaradi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrdagi oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlash uchun zarur asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga BHMning 50 baravarigacha foizsiz ssuda ajratilishi mumkin. Ssuda 6 oydan 3 yilgacha muddatga beriladi.

Buning uchun fuqaro tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi va hokim yordamchisi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Onlayn mahalla» platformasi orqali murojaat qilishi kerak. Ariza dastlab skoringdan o‘tkaziladi, ijobiy natija bo‘lsa, «mahalla yettiligi» tomonidan joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqiladi.

Quyosh panellari uchun subsidiya

Ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalarga xonadoniga 7–10 kVt quvvatli quyosh panelini xarid qilish va o‘rnatish uchun 100 BHMgacha subsidiya ajratilishi mumkin.

Ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, «Onlayn mahalla» platformasi yoki hokim yordamchisi orqali topshiriladi. Murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilgach, subsidiya puli oilaning o‘ziga berilmaydi. Mablag‘ uch tomonlama shartnoma asosida quyosh panelini yetkazib beruvchi va o‘rnatuvchi korxonaning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Mazkur imtiyozlar ro‘yxati yakuniy emas. Oilaning holati, ehtiyoji va Ijtimoiy reyestrdagi toifasiga qarab boshqa turdagi yordam hamda xizmatlar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Ular haqida batafsil ma’lumot olish uchun yashash hududidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilish kerak.

Теглар

Мавзуга оид