Ilon Mask o‘zining bank ilovasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Бугун 19:352 дақиқа

Yangi servis mavjud fintex platformalar va an’anaviy banklarga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.

Ilon Mask o‘zining bank ilovasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda © Foto: forbes.com

Avval «X» (sobiq «Twitter»)ni ko‘p funksiyali superilovaga aylantirish rejalarini ilgari surgan Ilon Mask, ko‘rinadiki, bu g‘oyadan bosqichma-bosqich chekinyapti va tegishli yechimlarni alohida mahsulotlar sifatida taqdim etmoqda. «XChat»dan tashqari, tez orada «X Money» nomli to‘lov xizmati ham ishga tushirilishi kutilmoqda, deb xabar beradi «Bloomberg».

«X Money» uchun to‘siqlar

AQSHda ushbu servis oy oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. «X Money» foydalanuvchilarga komissiyasiz pul o‘tkazmalari, ayrim xaridlar uchun 3 foiz keshbek va eng muhimi – jamg‘armalar uchun 6 foiz taklif etadi, bu esa AQSH bank tizimida kam uchraydi. Shuningdek, servisda shaxsiy moliyani yurituvchi SI-konserj va «Visa»ning metall kartasi ham bo‘lishi aytilmoqda.

Biroq «X Money»ni ishga tushirish yo‘lida regulyator to‘siqlar mavjud. Ilon Mask hali AQSHning bir qator shtatlarida, jumladan Nyu Yorkda zarur litsenziyalarni olmagan. Qonun chiqaruvchilar esa amerikaliklar mablag‘larini unga ishonib topshirish masalasida ehtiyotkor.

Ehtimoliy mijoz bazasi

Shu bilan birga, Maskni bu sohada yangi deb bo‘lmaydi – u «PayPal»ning shakllanishida ishtirok etgan. «X»ning oylik auditoriyasi 600 mln kishini tashkil etadi va bu katta mijoz bazasini ta’minlashi mumkin. Shuningdek, platforma blogerlarga to‘lovlarni «Stripe» o‘rniga «X Money» orqali berishni rejalashtirmoqda.

Biroq tahlilchilar fikricha, «X Money»ni asosiy moliyaviy platformaga aylantirish oson bo‘lmaydi, chunki bank sohasida ishonch yillar davomida shakllanadi. Bundan tashqari, «X» hali onlayn to‘lovlarni to‘liq amalga oshirish uchun zarur infratuzilmaga ega emas.

Hozirgi kunda kompaniya AQSHning 50 shtatidan 44 tasida litsenziya olgan, ammo uch yil avval Mask bu jarayon bir necha oy ichida yakunlanishini aytgan edi. Regulyatorlar uning biznes reputatsiyasiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda va «X»ni boshqarish tajribasi ham ularda kelajakka to‘liq ishonch uyg‘otmayapti.

Теглар

Мавзуга оид