Logo

«Iman Invest» mojarosi: investorlar pullari qanday himoyalanadi?

Бугун 18:596 дақиқа

«Iman Invest» atrofidagi mojaro xususiy investitsiya platformalarini nazorat qilish, investorlar mablag‘larini himoyalash va islomiy moliya bozorida ishonchni saqlash masalalarini kun tartibiga olib chiqdi. «Muomala Time» ko‘rsatuvida ekspertlar Iskandar Tursunov va Hayotjon Azimov bilan aynan shu masalalar muhokama qilindi.

So‘nggi haftalarda «Iman Invest» atrofida yuzaga kelgan moliyaviy va shariatga muvofiqlik bilan bog‘liq e’tirozlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Kompaniya faoliyati yuzasidan bildirilgan da’volar, moliyaviy hujjatlar va tomonlarning bayonotlari ortidan investorlar mablag‘larining taqdiri hamda islomiy moliya tamoyillariga amal qilinishi borasida savollar ko‘paydi.

Bu vaziyat faqat bir kompaniyaning muammosimi yoki O‘zbekistonda shakllanayotgan islomiy moliya bozoridagi tizimli kamchiliklarni ham ko‘rsatib berdimi? «Muomala Time» ko‘rsatuvida ishtirok etgan moliya sohasi ekspertlari Iskandar Tursunov va Hayotjon Azimov ushbu savollar yuzasidan fikr bildirdi.

Xususiy investitsiya platformalari nazoratsiz qolmoqda

Ekspertlarning fikricha, Iman Invest atrofidagi vaziyat islomiy moliya bozorida korporativ boshqaruv va institutsional nazorat qanchalik muhimligini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda 2024-yildan boshlab mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. 2026-yilda esa banklar uchun islomiy bank faoliyatiga oid qonunchilik asoslari shakllantirildi. Biroq bu tartibga solish jarayoni, asosan, litsenziyalanadigan moliyaviy tashkilotlarga qaratilgan.

Xususiy investitsiya platformalari, fintex loyihalari va ayrim startaplar esa banklar kabi maxsus moliyaviy nazorat tizimi doirasida faoliyat yuritmaydi. Ular tegishli yuridik shakliga qarab umumiy qonunchilik talablariga bo‘ysunadi, biroq aholidan investitsiya mablag‘larini jalb qilish va ularni boshqarish bo‘yicha alohida nazorat mexanizmlariga ehtiyoj mavjud.

Iskandar Tursunovning ta’kidlashicha, aynan shu yo‘nalishdagi huquqiy bo‘shliq investorlar mablag‘lari bilan bog‘liq xavflarni oshirishi mumkin.

«Aholidan pul olib, investitsiyalar jalb qilish mas’uliyatli yo‘nalish. Ko‘plab davlatlarda bu tartibga solinadi. O‘zbekistonda ham nobank sektor va xususiy kompaniyalarning investitsiya mablag‘larini jalb qilishi, ularning faoliyati va hisobdorligi bo‘yicha normativ-huquqiy mexanizmlar zarur», — deydi ekspert.

Uning fikricha, kompaniyaning o‘z faoliyatini AAOIFI standartlariga muvofiq deb e’lon qilishi uning amalda ham ushbu talablarga rioya qilayotganini anglatmaydi. Buning uchun doimiy monitoring, audit va javobgarlik mexanizmlari bo‘lishi kerak.

Islomiy moliya faqat shariat talablari bilan cheklanmaydi

Ekspertlar jamoatchilik orasida islomiy moliya va an’anaviy moliya o‘rtasidagi farq yuzasidan ham noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanayotganiga e’tibor qaratdi.

Islomiy moliya faqat ribodan voz kechish bilan cheklanmaydi. Unda shartnomalarning huquqiy asoslari, moliyaviy munosabatlar, risklarni taqsimlash, korporativ boshqaruv va shariat talablariga muvofiqlik birgalikda hisobga olinadi.

Hayotjon Azimovning ta’kidlashicha, moliyaviy operatsiyalarni bir marta tekshirib, keyinchalik ularning barchasiga umumiy ruxsat berish to‘g‘ri yondashuv emas. Hatto bir xil shakldagi shartnomalarda ham mijoz, iqtisodiy vaziyat va huquqiy sharoitga qarab farqlar bo‘lishi mumkin.

Shu sababli xalqaro amaliyotda islomiy moliya standartlariga muvofiqlikni tasdiqlashdan oldin tashkilotning faoliyati, ichki jarayonlari va moliyaviy operatsiyalari batafsil o‘rganiladi. Bundan tashqari, davriy shariat auditi va doimiy nazorat talab etiladi.

Ekspertning fikricha, bunday tekshiruvlar faqat dastlabki bosqichda emas, faoliyat davomida ham olib borilishi kerak. Xususan, moliyaviy operatsiyalarni har chorakda ko‘rib chiqish, yil yakunida esa to‘liq auditdan o‘tkazish muhim.

Bu talablar kompaniyaning o‘zini ham, investorlarning mablag‘larini ham himoya qilishga xizmat qiladi.

Investorlarning pullari qanday himoyalanishi kerak?

Iman Invest bilan bog‘liq muhokamalarda eng muhim savollardan biri — kompaniyaga mablag‘ kiritgan investorlarning pullari taqdiri.

Ekspertlar bu masalada, avvalo, islomiy investitsiya platformalari va bank omonatlari o‘rtasidagi farqni tushunish zarurligini ta’kidlaydi.

Islomiy investitsiya modelida investor mablag‘ini boshqaruvchi tashkilotga topshiradi va kelishuv shartlariga qarab foyda hamda zarar taqsimotida ishtirok etadi. Agar tashkilot o‘z majburiyatlarini to‘g‘ri bajarsa, lekin investitsiya natijasida bozor sababli zarar yuzaga kelsa, investor ham bu riskni qabul qilishi mumkin.

Biroq tashkilotning mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanishi, beparvoligi yoki suiiste’moli natijasida zarar yuzaga kelsa, bu boshqa masala hisoblanadi. Bunday holatlarda kompaniyaning javobgarligi alohida baholanishi kerak.

Shu bois ekspertlar Iman Invest faoliyatini mustaqil tashqi moliyaviy va shariat auditidan o‘tkazish zarurligini qayd etmoqda. Tekshiruvni kim amalga oshirishi, uning qachon boshlanishi va yakuniy xulosalar qachon e’lon qilinishi ochiq ko‘rsatilishi lozim.

Bundan tashqari, audit yakuniga qadar kompaniyaning ma’muriy va reklama xarajatlari, dividend va boshqa to‘lovlarini vaqtincha cheklash masalasi ham ko‘tarildi.

Ekspertlar kompaniya boshqaruvida risk-menejment tizimini qayta ko‘rib chiqish, zarur bo‘lsa, mas’ul rahbarlarni almashtirish va investorlar oldidagi majburiyatlarni bajarishga qaratilgan aniq reja ishlab chiqishni taklif qilmoqda.

Ularning fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro ayblovlar muammoni hal qilmaydi. Aksincha, tasdiqlanmagan ma’lumotlar asosida vahima kuchayishi kompaniyaning moliyaviy holatini yanada og‘irlashtirishi va oxir-oqibat investorlarning zararini oshirishi mumkin.

Islomiy bank va investitsiya platformasi bir xil emas

Muhokamalarda aholining islomiy bank, islomiy bank darchasi va xususiy investitsiya platformalari o‘rtasidagi farqlarni yetarlicha anglamasligi ham muhim muammo sifatida ko‘rsatildi.

Islomiy banklar Markaziy bank nazorati ostida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, ularning islomiy moliya tamoyillariga muvofiqligi bo‘yicha alohida talablar va nazorat mexanizmlari mavjud. Shu jihatdan bunday banklar oddiy xususiy investitsiya platformalaridan tubdan farq qiladi.

Ekspertlar islomiy bank faoliyatiga nisbatan nazorat bir necha darajada amalga oshirilishini ta’kidlaydi. Bankning umumiy moliyaviy barqarorligi va qonunchilikka rioya qilishi bilan bir qatorda, shariat talablariga muvofiqligi ham tekshiriladi.

Shuningdek, 2026-yilda islomiy bank faoliyatiga ruxsat berilishi bilan bog‘liq qonunchilik doirasida jalb qilingan mablag‘larning kafolatlanishi masalasi ham tartibga solinmoqda. Bunda barcha mablag‘lar avtomatik ravishda kafolatlanmaydi: ularning turi va hisobvaraq xususiyatiga qarab kafolatlash shartlari farqlanadi.

Masalan, oddiy hisobvaraqdagi mablag‘lar bilan investorning ongli ravishda foyda va zarar taqsimotida ishtirok etish uchun ochilgan investitsiya hisobvarag‘idagi mablag‘lar bir xil maqomga ega emas.

Xususiy investitsiya platformalarida esa banklardagi kabi omonatlarni kafolatlash tizimi mavjud deb hisoblash mumkin emas. Shu sababli fuqarolar mablag‘ kiritishdan oldin shartnomalarni, risklarni va tashkilotning huquqiy maqomini sinchiklab o‘rganishi kerak.

Bozor rivojlanmoqda, qonunchilik esa ortidan yetib kelmoqda

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda islomiy moliya bozorini shakllantirish jarayoni bosqichma-bosqich davom etadi. Dastlab mikromoliya tashkilotlari va banklar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lsa, yendilikda xususiy investitsiya platformalari va boshqa nobank subyektlarga ham e’tibor qaratish zarurati yuzaga kelmoqda.

Xalqaro tajribada ham bozor amaliyoti ko‘pincha qonunchilikdan oldin rivojlanadi. Keyinchalik yuzaga kelgan muammolar va sud amaliyoti asosida yangi tartiblar ishlab chiqiladi.

Malayziya, Turkiya va Qirg‘iziston tajribasi bu borada muhim misol sifatida keltirildi. Xususan, islomiy moliya faoliyatini tartibga solish, shariat standartlariga muvofiqlikni tekshirish va investorlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha institutsional mexanizmlar shakllantirilgan.

O‘zbekistonda ham xususiy sektorning islomiy moliya niqobi ostida mablag‘ jalb qilishi bilan bog‘liq risklarni kamaytirish uchun aniq talablar belgilanishi kerak.

Iman Invest atrofidagi mojaroning eng muhim sabog‘i ham shunda: moliyaviy xizmatni qanday tamoyil asosida taklif qilishidan qat’i nazar, aholidan mablag‘ jalb qilayotgan har qanday tashkilot shaffoflik, hisobdorlik va professional boshqaruv talablariga javob berishi lozim.

Islomiy moliya bozorining kelajagi esa nafaqat yangi banklar yoki investitsiya platformalarining paydo bo‘lishi, balki ularga nisbatan aholining ishonchi saqlanib qolishiga ham bog‘liq.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 236

Барчаси

Мавзуга оид