«Inomarka»lar bozoridagi 32foizlik qulash, eskrou tizimining avtobozorga ta’siri va poytaxt hokimining daraxt kesilishiga munosabati — 20-may dayjesti

Кеча 22:533 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Inomarka»lar bozoridagi 32foizlik qulash, eskrou tizimining avtobozorga ta’siri va poytaxt hokimining daraxt kesilishiga munosabati — 20-may dayjesti

«Bitta daraxt kesilishini tragediya qilish kerak emas» — Poytaxt hokimi

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekistondagi turistlar statistikasi «shishirilayotgani» haqidagi tanqidlarga javob berdi. Uning aytishicha, mamlakatda turistlar hisobini yuritishda Butunjahon turizm tashkiloti qo‘llaydigan xalqaro metodologiyadan foydalaniladi va chegarani kesib o‘tuvchilar 11 toifa asosida baholanadi.

Aqqulovga ko‘ra, O‘zbekistonga kelayotgan turistlar soni 30 foizga oshgan bir paytda, turizm xizmatlari eksporti 40 foizga o‘sgan. Bu esa uzoq xorijdan kelayotgan va ko‘proq mablag‘ sarflaydigan sayyohlar hisobiga shakllanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, qo‘mita turistik statistikani yanada aniqlashtirish maqsadida uni endi ikki yilda bir marta emas, balki yilda ikki marta o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda yangi «inomarka»lar savdosi uchdan birga qisqardi

Aprel oyida O‘zbekistonda yangi xorijiy avtomobillar savdosi keskin pasayib, taxminan 3,6 mingta «inomarka» sotildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizdan ortiq kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Mutaxassislar bu holatni 1-apreldan joriy etilgan eskrou tizimi bilan bog‘lamoqda.

Shu bilan birga, 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida avtomobil importi keskin oshdi. Elektromobillar importi qariyb to‘rt barobar o‘sib, 23 mingdan oshdi va benzinli avtomobillar importidan yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Gibrid avtomobillar importi ham 8,6 barobarga oshgan.

Qurbon hayiti 27-may kuni nishonlanadi — prezident qarori

O‘zbekistonda 2026 yil Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may — chorshanba kuniga to‘g‘ri keladi. Prezident qaroriga muvofiq, ushbu kun bayram sifatida keng nishonlanadi va ishlanmaydigan kun hisoblanadi.

Shuningdek, 28–29-may kunlari barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kunlari etib belgilandi. Olti kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun 30-may — shanba ham dam olish kuni bo‘ladi. Shu tariqa, o‘zbekistonliklar ish haftasi turidan kelib chiqib ketma-ket 5 kungacha dam olish imkoniga ega bo‘ladi.

Eskrou ta’siri: O‘zbekistonda avtomobillar savdosi kamaydi

O‘zbekistonda aprel oyida avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 foizga kamayib, 88,2 ming donani tashkil qildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, bozordagi faollik pasayishiga 1-apreldan joriy etilgan eskrou tizimi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Aprel oyida yangi xorijiy avtomobillar savdosi 32 foizdan ortiqqa qisqargan bo‘lsa, mahalliy yengil avtomobillar savdosi 4 foizga o‘sdi. Elektromobillar segmenti esa aksincha tez o‘sib, savdolar qariyb ikki barobarga oshdi. Ikkilamchi bozorda foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi ham 15 foizdan ortiqqa kamaygan.

Yer ijarasini uzaytirishning yangi tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda yer uchastkasining ijara shartnomasini uzaytirish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi. Hukumat qaroriga ko‘ra, endi fuqarolar va tadbirkorlar bu xizmat uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki «my.gov.uz» portali orqali onlayn murojaat qilishi mumkin.

Yangi reglamentga muvofiq, vakolatli organlar yerdan foydalanish holatini 10 ish kuni ichida tekshiradi va qaror haqida murojaat etuvchiga xabar beradi. Davlat xizmati uchun BHMning 1 foizi miqdorida yig‘im undiriladi, shartnoma esa hokimlik tomonidan imzolangandan keyin avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuboriladi.

Теглар

Мавзуга оид